AQShda tashqi siyosat qarorlarni qabul qilish mexanizmi

Tadqiqot maqolalari

11 Oktabr 2024

Ulashish

AQShda tashqi siyosat qarorlarni qabul qilish mexanizmi

AQSh tashqi siyosat qarorlarini qabul qilish mexanizmi juda murakkab va ko‘p qirrali bo‘lib, u davlatning xalqaro maydondagi strategik qarorlarini samarali amalga oshirishga qaratilgan. Ushbu mexanizmning asosiy xususiyatlari kollegiallik va ko‘plab davlat idoralari hamda manfaatdor tomonlarning jarayonga jalb qilinishidan iborat.

 

Turli manfaatlarning muvofiqlashtirilgan holda qaror qabul qilinishi AQSh tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir. Milliy xavfsizlik kengashi yoki MXK (National Security Council -  NSC) ushbu jarayonda eng markaziy o‘rin tutadi. MXK AQSh prezidentining rahbarligida faoliyat olib boradi va xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha eng muhim qarorlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etadi. 1947-yilda tashkil etilgan ushbu kengash AQSh milliy xavfsizligini ta’minlash va tashqi siyosatni muvofiqlashtirish maqsadida turli davlat idoralari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytiradi. MXK tarkibiga prezident, davlat kotibi, Pentagon rahbari, Harbiy kuchlarni Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi va Markaziy razvedka boshqarmasi (Central Intelligence Agecy - CIA) direktori kiradi. MXK ning vazifasi turli idoralar o‘rtasida tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha muvofiqlikni ta'minlashdan iboratdir. MXK ning roli tarixiy jihatdan o‘zgarib borgan. Dastlab, bu kengash moslashuvchan emas deb tanqid qilingan, ammo Jon Kennedining prezidentlik davrida MXK ning ahamiyati oshirildi[1]. Keyinchalik, Genri Kissinjer va Zbignev Bjezinskiy kabi milliy xavfsizlik maslahatchilari MXK ni AQSh tashqi siyosatining ajralmas qismiga aylantirdilar. Ularning fikri ko‘pincha prezidentlar tomonidan inobatga olinib, davlat departamenti bilan muvofiqlashtirilgan qarorlar qabul qilishda muhim rol o‘ynab kelmoqda. Har bir prezident hokimiyatga kelganida, mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun milliy xavfsizlik strategiyasini ishlab chiqadi. Ushbu strategiya davlatning ichki va tashqi tahdidlariga qarshi kurashish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro miqyosda o‘z pozitsiyasini mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Har bir prezidentning xavfsizlik strategiyasi zamon talablari va dolzarb xavflarga qarab yangilanib boradi. Xususan, 2022-yilda AQSh prezidenti Joe Biden MXK bilan hamkorlikda yangi Milliy Xavfsizlik Strategiyasini e’lon qildi. Ushbu strategiya Amerika Qo‘shma Shtatlarining xalqaro siyosiy yo‘nalishlari, milliy xavfsizlik siyosati va global tahdidlarga qarshi kurashish strategiyalarini belgilab berdi. Biden strategiyasi Xitoyni AQShning eng katta uzoq muddatli raqibi sifatida belgilaydi. Rossiya esa, ayniqsa, Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan keyin, strategiyada asosiy xavf sifatida ta'kidlangan. Bidenning strategiyasida NATO kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, xususan, AQShning xalqaro ittifoqchilariga ishonchni qayta tiklash maqsadi bor.

 

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi (Department of Defense – DoD or Pentagon) o‘zining alohida xavfsizlik strategiyasiga ega. Ushbu strategiya, asosan, harbiy tayyorgarlikni kuchaytirish, qo‘shinlarning jangovar samaradorligini oshirish va milliy mudofaani mustahkamlash kabi masalalarga qaratilgan. Pentagon strategiyasi milliy xavfsizlik strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va global xavfsizlikka tahdid soluvchi omillarga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega.

 

Yana shuni ta’kidlash lozimki, bu strategiyalar faqat harbiy xavfsizlikni ko‘zlamaydi, balki kiberxavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik, energetika xavfsizligi kabi keng ko‘lamli masalalarni ham o‘z ichiga oladi. Kelgusida sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar xavfsizlikni ta’minlashda muhim vosita bo‘lishi kutilmoqda.

 

Milliy Xavfsizlik Agentligi (National Security Agency - NSA) AQShning eng yirik va maxfiy razvedka xizmatlaridan biri hisoblanadi. U asosan aloqa xavfsizligini ta’minlash, signal razvedkasini amalga oshirish va mamlakatning kiberxavfsizligini mustahkamlash bilan shug‘ullanadi. NSA 1952-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun global aloqa vositalarini kuzatish, tahlil qilish va shifrlashdir.

 

NSA AQSh hukumati, harbiy kuchlari va boshqa davlat idoralari uchun maxfiy ma’lumotlarni to‘playdi va ularga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xalqaro terrorizm, kiberhujumlar va boshqa xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashish uchun signal razvedkasini olib boradi. Agentlikning faoliyati maxfiy bo‘lgani sababli, u ko‘pincha jamoatchilik orasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. NSA signal razvedkasi orqali xalqaro va ichki aloqa tarmoqlarini kuzatish, ularni shifrlash va shifrlarni buzish bilan shug‘ullanadi. Shu orqali, u davlatga nisbatan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni oldindan bilish va xavfsizlik choralarini ko‘rishga imkon yaratadi. NSA kiberxavfsizlik sohasida ham katta rol o‘ynaydi. Agentlik AQShning muhim infratuzilma obyektlarini kiberhujumlardan himoya qilish, davlat sirlarini saqlash va raqamli xavfsizlikni ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Shu sababli, u zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektni xavfsizlik sohasida keng qo‘llaydi.

 

Davlat departamenti (Department of State) esa kundalik tashqi siyosiy jarayonlarni boshqarish bilan shug‘ullanadi. U xalqaro maydonda AQShning imidjini shakllantirish va uning tashqi siyosiy manfaatlarini jamoatchilik oldida himoya qilish maqsadida faol ishlaydi. Davlat kotibi AQSh diplomatiyasining asosiy vakili bo‘lib, OAV bilan yaqin aloqada bo‘ladi va tashqi siyosatni amalga oshirish uchun jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashiga erishadi. Shu bilan birga, Davlat departamenti va MXK o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar orqali ikki muassasa o‘rtasida vazifalar aniq taqsimlangan, bu esa “dublikat” funksiyalarni yo‘q qiladi va muvofiqlikni oshiradi.

 

Siyosat Rejalashtirish Bo‘limi (Policy Planning Division) – bu AQSh Davlat Departamenti tarkibida faoliyat yurituvchi bo‘lim bo‘lib, uning asosiy vazifasi AQSh tashqi siyosatini uzoq muddatli strategik istiqbolda rejalashtirish va tahlil qilishdan iborat. Siyosat Rejalashtirish Bo‘limi AQShning milliy manfaatlarini ilgari surish va global muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi.

 

Ushbu bo‘lim 1947-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning ilk rahbari mashhur diplomat va siyosatshunos Jorj Kennan bo‘lgan. Uning asosiy vazifasi – xalqaro munosabatlarda AQShning uzoq muddatli strategik maqsadlarini shakllantirish va turli davlatlar bilan siyosiy va diplomatik munosabatlarni rivojlantirishda ko‘maklashishdir. Siyosat Rejalashtirish Bo‘limi, shuningdek, xalqaro siyosiy jarayonlarni oldindan tahlil qilib, AQSh tashqi siyosati uchun yangi imkoniyatlarni aniqlash va xavf-xatarlarni oldindan bilib olishga yo‘naltirilgan tahliliy materiallarni tayyorlaydi. Bu bo‘lim bevosita AQSh Davlat kotibi bilan ishlaydi va tashqi siyosiy qarorlar qabul qilishda strategik maslahatlar beradi.

 

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning OAV bilan ishlashdagi yondashuvi o‘ziga xos va zamonaviy usullarni o‘z ichiga oladi, xususan, u ijtimoiy tarmoqlar orqali keng omma bilan aloqani kuchaytirishga katta e’tibor qaratadi. Blinken Instagram kabi platformalardan faol foydalanib, tashqi siyosiy faoliyati, rasmiy uchrashuvlari va safarlari haqida tezkor va ochiq ma’lumotlar ulashib boradi.

 

Blinkenning "Walking with Anthony" (Entoni bilan sayr) kabi qiziqarli va norasmiy formatdagi kontent yaratishi, u siyosiy yetakchi sifatida ommaga yaqin ekanligini namoyish etadi. Bu sayrlar davomida u tashqi siyosat masalalari haqida ochiq va samimiy suhbatlar olib boradi, o‘zining kundalik faoliyati, shaxsiy fikrlari bilan bo‘lishadi. Ushbu format siyosiy shaffoflikni oshirish va OAV orqali odamlarga ko‘proq ochilishning yangi bir usuli sifatida qaralmoqda. Blinkenning bu yondashuvi nafaqat yosh avlodni jalb qilishga, balki AQShning tashqi siyosatiga ko‘proq qiziqish uyg‘otishga xizmat qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali u keng ommani tashqi siyosat jarayonlariga yaqinlashtirishga harakat qilib, diplomatiya sohasida yangi, zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalanmoqda.

 

AQSh tashqi siyosati jarayonida Kongressning roli ham juda katta. AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, Prezident va Kongress davlat hokimiyatining teng huquqli tarmoqlari hisoblanadi. Kongressning tashqi siyosatga ta’siri uning “moliyaviy vakolati” orqali amalga oshiriladi, ya'ni Kongress ijro etuvchi hokimiyat tomonidan sarflanadigan mablag‘larni tasdiqlaydi[2]. Shu orqali Kongress prezidentning tashqi siyosat qarorlariga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, Kongress xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish yoki bekor qilish vakolatiga ega, bu esa AQSh tashqi siyosatining muhim jihatlaridan biridir.

 

Kongress, shuningdek, xorijiy davlatlarga turli shakllarda yordam ajratadi, masalan, harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rinishida. Masalan, AQSh Kongressi USAID kabi muassasalar orqali turli davlatlarga ko‘mak berish uchun byudjetni muntazam ravishda tasdiqlaydi. Bu dastur AQShning xalqaro rivojlanish agentligi bo‘lib, xorijiy davlatlarda barqarorlikni oshirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi. Misol tariqasida, AQSh Kongressi Afg‘oniston va Iroq kabi davlatlarga harbiy yordam ko‘rsatish uchun ko‘p milliard dollarlik mablag‘larni tasdiqlagan. Yana bir misol, AQSh Kongressining 2022-yilda Ukrainaga ajratgan yordami ko'rsatilishi mumkin. AQSh Kongressi Ukrainaga ko‘plab yordam paketlarini tasdiqladi. Bu misol AQSh Kongressining tashqi siyosatga bevosita ta'sir ko'rsatish vakolatlaridan birini — xorijiy davlatlarga yordam ajratish vakolatini namoyon etadi.

 

Mudofaa vazirlig (DoD eki Pentagon), Markaziy Razvedka Boshqarmasi (CIA) va Milliy Xavfsizlik Agentligi (NSA) ham AQShning tashqi siyosat qarorlarini qabul qilishda muhim rol o‘ynaydi. Ularning vazifalari va funksiyalari turlicha bo‘lsa-da, ular xalqaro siyosiy strategiyani shakllantirish va amalga oshirishda o‘zaro bog‘liq holda ishlaydi. Pentagon harbiy strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas'uldir. Tashqi siyosatning harbiy jihatlarini belgilash va amalga oshirishda Pentagon muhim rol o‘ynaydi. U boshqa davlatlar bilan harbiy ittifoqlarni qo‘llab-quvvatlash, global xavfsizlikni ta’minlash va harbiy kuchlarni strategik joylashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etadi. Pentagon xalqaro harbiy missiyalarni rejalashtirish va amalga oshirishda AQSh hukumati uchun asosiy manba hisoblanadi.

 

Markaziy Razvedka Boshqarmasi (CIA) AQShning razvedka va josuslik faoliyati bilan shug‘ullanadi. MRB davlat rahbarlariga global xavfsizlik tahdidlari va xalqaro siyosiy vaziyatlar haqida aniq ma’lumotlar beradi. MRBning yig‘gan ma’lumotlari tashqi siyosat qarorlarini qabul qilishda va AQShning global strategiyasini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Bu tashkilot terrorizmga qarshi kurashda, qurol tarqalishini nazorat qilishda va boshqa davlatlarning niyatlarini aniqlashda strategik ahamiyatga ega.

 

Federal tergov byurosi (FBI) — AQShning asosiy federal huquqni muhofaza qiluvchi va ichki razvedka agentligi bo‘lib, 1908 yilda tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari biri milliy xavfsizlikni ta’minlash va terrorizmga qarshi kurashni o‘z ichiga oladi. FBI federal miqyosdagi jiddiy jinoyatlar, xususan, terrorchilik, kiberjinoyatlar, korrupsiya, xalqaro jinoyatchilik, narkotiklar savdosi va iqtisodiy jinoyatlarni tergov qiladi.

 

FBI ning asosiy yo‘nalishlaridan biri terrorizmga qarshi kurash bo‘lib, u mamlakat ichidagi va xalqaro terroristik tahdidlarga qarshi faoliyat yuritadi. FBI razvedka to‘plab, xalqaro xavfsizlik agentliklari, jumladan, va Milliy xavfsizlik agentligi (NSA) bilan hamkorlikda ishlaydi. Bundan tashqari, FBI kiberjinoyatlar bilan ham faol shug‘ullanadi, ayniqsa so‘nggi yillarda texnologiyalarning rivojlanishi bilan bog‘liq ravishda kiberxavfsizlikka katta e’tibor qaratmoqda. Agentlik kiberhujumlar, kompyuter jinoyatlari va internet orqali amalga oshiriladigan firibgarliklar bilan kurashadi.

 

AQSh tashqi siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda davlat idoralari bilan bir qatorda, turli "miyakovchi markazlar" (think tanks) ham muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, RAND Corporation va CSIS kabi ilmiy-tadqiqot markazlari milliy xavfsizlik va xalqaro munosabatlar sohasida tahliliy yondashuvlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etadi. Ushbu markazlar nafaqat hozirgi geosiyosiy vaziyatni tahlil qiladi, balki global muammolar va xavflarni bashorat qilishda ham yordam beradi.

 

Shu bilan birga, Brookings Institution, Heritage Foundation, Council on Foreign Relations kabi boshqa tadqiqot markazlari ham AQSh tashqi siyosatida katta ta’sirga ega. Ular xalqaro muammolar va xavfsizlikka oid dolzarb masalalar bo‘yicha keng qamrovli tahlillar tayyorlab, siyosatchilar va davlat idoralariga strategik tavsiyalar beradilar. Bu "miyakovchi markazlar" davlat idoralarining qaror qabul qilish jarayonini chuqur tahliliy ma'lumotlar bilan ta'minlab, xalqaro vaziyatni o'rganish va uzoq muddatli strategik rejalarni ishlab chiqishda yordam beradi. Shu sababli, bunday markazlar AQSh tashqi siyosatida nafaqat ilmiy tahlilchilar, balki siyosiy qarorlar qabul qiluvchilarning ham hamkoriga aylangan. RAND Corporation va boshqa markazlar tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar va tahlillar ko‘pincha davlat siyosatini belgilashda asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi, bu esa ularning tashqi siyosiy jarayondagi muhim rolini ko‘rsatadi.

 

Lobbizm AQSh tashqi siyosat qarorlarini qabul qilishda muhim rol o‘ynaydi. Turli manfaatlar guruhlari va lobbistlar Kongress va ma'muriyatga ta’sir o‘tkazib, tashqi siyosat yo‘nalishlariga o‘z manfaatlarini singdirishga harakat qiladilar. Masalan, Amerika-Isroil jamoatchilik aloqalari qo‘mitasi (AIPAC) AQSh tashqi siyosatida katta ta’sirga ega bo‘lib, Isroilning qattiq tashqi siyosatini himoya qiladi va Arab mamlakatlari masalasida AQSh pozitsiyasini shakllantirishga intiladi. AQSh tashqi siyosat qarorlarini qabul qilish mexanizmining asosiy afzalliklaridan biri – bu jarayonda turli manfaatlarni muvofiqlashtirgan holda qaror qabul qilishdir. Ushbu muvofiqlik tamoyili Milliy xavfsizlik kengashi va Davlat departamenti o‘rtasidagi aniq vazifalar taqsimoti orqali amalga oshiriladi. Bu jarayon demokratik tamoyillar asosida bo‘lib, qaror qabul qilishda ko‘plab ishtirokchilarning fikri hisobga olinadi, bu esa samaradorlikni oshiradi.

 

Siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida to‘rt bosqichni ajratish mumkin: siyosiy kun tartibini tuzish, siyosatni shakllantirish, siyosatni amalga oshirish va siyosatni baholash. Siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonining to‘rt bosqichi siklikdir: bir bosqichning tugashi keyingi bosqichning boshlanishidir. Siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayoni to‘rt asosiy bosqichdan iborat: siyosiy kun tartibini shakllantirish, siyosatni ishlab chiqish, amalga oshirish va baholash. Bu jarayon siklikdir: bir bosqichning tugashi keyingi bosqichning boshlanishini anglatadi[3].

 

Kun tartibini shakllantirish - bu davlat e’tiborini muayyan muammoga qaratish jarayoni. Masalan, muayyan voqealar yoki olimlar va faollar tomonidan ko‘tarilgan muammolar davlat siyosiy kun tartibiga kiritilishi mumkin[4]. Bu bosqichda jamoatchilik, olimlar va manfaatdor guruhlar katta rol o‘ynaydi.

 

Siyosatni shakllantirish - rasmiylar tomonidan muammoni hal qilish uchun aniq takliflar ishlab chiqiladi. Bu jarayon qonunlar, qarorlar yoki boshqa siyosiy hujjatlar orqali amalga oshiriladi. Prezident va Kongress siyosatni shakllantirishning asosiy ishtirokchilari bo‘lib, ma’muriy organlar va sudlar ham o‘z hissasini qo‘shadi[5].

 

Siyosatni amalga oshirish - qabul qilingan siyosiy qarorlar ijroga yo‘naltiriladi. Ma’muriy idoralar siyosatni real hayotga tatbiq qilish uchun chora-tadbirlar ko‘radi va qarorlarni amalga oshiradi.

 

Siyosatni baholash - bu bosqichda qabul qilingan siyosatning natijalari va samaradorligi tahlil qilinadi. Baholash natijalari siyosatni to‘g‘irlash, o‘zgartirish yoki to‘xtatishga ta’sir qiladi. Masalan, Fors ko‘rfazidagi urushda foydalanilgan qurollar samaradorligi haqida tahlillar olib borilib, ular asosida keyingi qarorlar qabul qilindi[6].

 

Siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayoni hokimiyat bo‘linishi, federalizm va manfaatdor guruhlar o‘rtasidagi murakkab o‘zaro ta’sirni o‘z ichiga oladi. Hokimiyatning turli darajalarda taqsimlanishi va manfaatdor guruhlar o‘rtasidagi munosabatlar bu jarayonning murakkabligini oshiradi, lekin ayni vaqtda demokratiyaning asosiy xususiyati hisoblanadi. Kongress ham Amerika elitasi, ham boshqa aholi guruhlari manfaatlarining asosiy ifodalovchilaridan biri bo‘lganligi sababli, AQSH ichki siyosiy vaziyatidagi har qanday o‘zgarishlar Kongressning tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha pozitsiyasida o‘z aksini topadi.

 

Masalan, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish jarayonida u AQSH uchun juda foydali bo‘lgan shartnomani ham ichki siyosiy mulohazalarga ko‘ra to‘sib qo‘yishga qodir bo‘lgan prezident hokimiyatining teng sherikidir. Oqibatda prezident AQSH qonun chiqaruvchi organining har ikki palatasi bilan konstruktiv munosabatlarni saqlab qolishga majbur bo‘lmoqda.[7] Umuman olganda, Xavfsizlik Kengashi, Davlat departamenti va Kongressning tashqi siyosiy qo‘mitalarini yagona hukumat tizimining tarkibiy qismlari sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Shu bilan birga, ushbu mexanizmning faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan ichki siyosiy va xalqaro muhit ichki davlat vaziyati va dunyodagi vaziyatni ifodalaydi.[8]

 

Biroq, bu murakkab mexanizmning kamchiliklari ham mavjud. Tashqi siyosat qarorlarini qabul qilishda ko‘plab ishtirokchilarning jalb qilinishi ba’zida qaror qabul qilish jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Turli siyosiy guruhlar va manfaatdor tomonlarning mavjudligi ichki nizolarga olib kelishi, bu esa milliy manfaatlarni himoya qilish vazifasini murakkablashtirishi mumkin. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda operativlikning pasayishi xavfi ham yuqori. Misol sifatida 2012-yilda Beng'ozidagi AQSh elchixonasiga qilingan hujumni ko‘rsatish mumkin. Ushbu hujum paytida turli davlat idoralari, jumladan, Davlat departamenti, Pentagon va Milliy xavfsizlik kengashi orasidagi koordinatsiyaning yetarli darajada bo‘lmagani tufayli tezkor choralar ko‘rishda kechikish yuz berdi[9]. Hujumga javob berishda qaror qabul qilish jarayoni murakkablashdi, chunki turli manfaatdor tomonlar orasidagi kelishmovchiliklar va byurokratik to‘siqlar qaror qabul qilishni sekinlashtirdi. Bu esa operativlikning pasayishiga va milliy manfaatlarni himoya qilishda qiyinchiliklarga olib keldi.

 

Yana bir muammo – AQSh tashqi siyosatining ichki siyosiy vaziyatga qattiq bog‘liqligi. AQSh prezidenti o‘z tashqi siyosiy qarorlarini ichki siyosiy kuchlar va saylov siyosatiga moslashtirishga majbur bo‘ladi. Bu esa tashqi siyosatdagi nomuvofiqlik va impulsivlikka olib kelishi mumkin. AQSh siyosiy tizimidagi demokratik jarayonlar, qisqa muddatli saylov davrlari va saylovchilar faolligi Vashingtonning xalqaro maydondagi xatti-harakatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, AQShning xalqaro siyosiy faoliyatida ba’zan nomuvofiqliklar va tezkor qarorlar ko‘zga tashlanadi, bu esa ichki siyosiy manfaatlar va saylov strategiyalariga bog‘liqdir.

 

AQSh tashqi siyosat qarorlarini qabul qilish mexanizmi kelajakda ham AQShning xalqaro siyosatida asosiy o‘rin tutadi:

  • Tashqi siyosat va ichki siyosat bog‘liqligi kuchayishi: Prezidentlar tashqi siyosat qarorlarini saylovchilar va ichki siyosiy kuchlarga ko‘proq yo‘naltirishi mumkin, bu esa uzoq muddatli strategik qarorlardan ko‘ra qisqa muddatli siyosiy yutuqlarni ustun qo‘yishga olib keladi. Xususan, saylovlar yaqinlashganda, AQSh tashqi siyosatidagi harakatlar ichki siyosiy guruhlar manfaatlariga moslashtirilishi mumkin.
  • Lobbizmning ta’siri ortishi: Xorijiy va ichki manfaat guruhlarining AQSh tashqi siyosatiga ta’siri kuchayishi kutilmoqda. Lobbizm orqali turli davlatlar va manfaatdor guruhlar o‘z siyosiy va iqtisodiy maqsadlarini ilgari surishga harakat qiladilar. Bu, xususan, Yaqin Sharq, Osiyo va Yevropadagi muhim masalalarda sezilarli darajada aks etishi mumkin.
  • Kongressning kuchayib borishi: AQSh Kongressining tashqi siyosatdagi roli ham ortishi mumkin. Xususan, Kongress "moliyaviy vakolatlari" orqali xalqaro harbiy operatsiyalar va tashqi siyosiy dasturlarni moliyalashtirish masalalarida ko‘proq ta’sir o‘tkazishi mumkin. Bu, ayniqsa, Amerika tashqi siyosatida demokratiya tamoyilini ilgari suradi, ammo bu holat qaror qabul qilish jarayonini sekinlashtirishi mumkin.
  • Globallashuv va xalqaro ittifoqlarni qayta ko‘rib chiqish: AQSh xalqaro maydonda o‘zining uzoq muddatli ittifoqlarini va xalqaro tashkilotlardagi roli qayta ko‘rib chiqilishi kutiladi. Amerika tashqi siyosati tobora ko‘proq iqtisodiy manfaatlarga, milliy xavfsizlik masalalariga va xalqaro pozitsiyasini mustahkamlashga yo‘naltirilishi mumkin. Xususan, NATO, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishi yoki yangilanishi ehtimoli bor.
  • Tashqi siyosatning yangi texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan qarorlarga moslashuvi: Kelajakda tashqi siyosat qarorlarini qabul qilishda sun’iy intellekt va katta ma’lumotlarni tahlil qilish texnologiyalarining roli ortadi. Bu qaror qabul qilish jarayonining tezkorligini oshirishi mumkin, ammo inson omili kamayib, texnologiyalarga bog‘liqlik ortishi ehtimoli mavjud.

 

Umuman olganda, AQSh tashqi siyosatining kelajakdagi yo‘nalishlari global geosiyosiy o‘zgarishlarga, ichki siyosiy vaziyatlarga va xalqaro manfaatlar muvozanatiga bog‘liq bo‘ladi.

 

[1] Schlesinger A.A. “Thousand Days. John F. Kennedy in the White House.” Boston, 1965, p. 426.

[2] Байден Дж., Смит Гордон Х. Точка зрения. Конгресс и внешняя политика // США – Канада. Экономика, политика, культура. № 9. Ноябрь, 2000. C. 82–89.

[3] Ishanxodjayev U.M. AQSh davlat boshqaruvi asoslari va siyosiy tizimi., Toshkent: «Fan ziyosi» nashriyoti, 2024.

[4] o‘sha manba

[5] o‘sha manba

[6] o‘sha manba

[7] o‘sha manba

[8] o‘sha manba

[9] https://www.congress.gov/congressional-report/114th-congress/house-report/848/1

 

Maqolani quyida yuklab oling


AQShda tashqi siyosat qarorlarni qabul qilish mexanizmi