Energetika diplomatiyasi va geosiyosat markazi rahbari Hayotjon Ibragimov Ozarbayjonning Trend agentligiga bergan sharhida “Markaziy Osiyo – Ozarbayjon” “yashil” energetika yo‘lagi loyihasi O‘zbekistonning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, yaqin kelajakda ushbu tashabbusga yangi ishtirokchilarning rasman qo‘shilishini kutish mumkin, chunki elektr energiyasiga talab ortib borayotgan sharoitda bir qator davlatlar bunga qiziqish bildirmoqda. Mutaxassis ta’kidlashicha, dastlabki hisob-kitoblar O‘zbekiston va Qozog‘istonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishning tez sur’atda o‘sishi va Yevropada “yashil” elektr energiyasiga bo‘lgan barqaror talab sharoitida loyihaning yuqori istiqbolli ekanligini tasdiqlaydi. 2024-yil noyabr oyida Bokuda COP29 doirasida imzolangan Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi “yashil” energiyani ishlab chiqarish va uzatish bo‘yicha strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim energetika tizimlarining integratsiyasi va Yevropa Ittifoqiga toza energiya eksportining yangi tuzilmasini shakllantirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Ibragimov Ozarbayjonning O‘zbekiston uchun ham an’anaviy energiya resurslari, ham qayta tiklanadigan energiyani xalqaro bozorlarga eksport qilishda asosiy hamkor bo‘lishi mumkinligini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, ikki tomonlama hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri neft va gaz tashish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va eksport yo‘nalishlarini rivojlantirishdir. Bunda Ozarbayjon qulay geografik joylashuv va rivojlangan infratuzilmaga ega bo‘lib, jumladan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishni ta’minlaydigan strategik tranzit markazi vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, Boku va Toshkent o‘rtasidagi hamkorlikning muhim tarkibiy qismi qayta tiklanadigan energiya sohasidagi hamkorlikka aylanmoqda: ikkala mamlakat ham quyosh, shamol va gidroenergetikaga faol sarmoya kiritmoqda. Bu esa qo‘shma loyihalar, texnologiyalar va tajriba almashish, uzoq muddatli istiqbolda esa vodorod energetikasini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratadi.
Ekspert, shuningdek, “Yashil energetika yo‘lagi” va keng qamrovli energetika hamkorligi nafaqat eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish vositasi, balki mintaqaning energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish harakatlantiruvchisi ekanligiga e’tibor qaratdi. Gap elektr stansiyalari, uzatish va taqsimlash tarmoqlarini yangilash, energiya tizimlarini boshqarish uchun raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlar, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalari va infratuzilma sohasidagi yirik loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma investitsiya fondlarini tashkil etish, jumladan suv osti kabellarini rivojlantirish va O‘rta koridor rolini kuchaytirish haqida bormoqda. Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidagi ishtiroki va mintaqaviy energetika kun tartibidagi faol roli o‘zaro hamkorlikning yangi shaklini yaratmoqda, bunda Markaziy Osiyo mamlakatlari Janubiy Kavkaz bilan yanada yaqinroq integratsiyalashmoqda. Bu nafaqat O‘zbekiston va umuman mintaqaning energetik xavfsizligi va suverenitetini mustahkamlaydi, balki ularning global iqtisodiy tizimdagi mavqeini ham oshiradi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.