Ozarbayjon Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport va energetika oqimlarining asosiy birlashtiruvchisiga aylanmoqda

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

24 Noyabr 2025

Ulashish

Ozarbayjon Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport va energetika oqimlarining asosiy birlashtiruvchisiga aylanmoqda

Energetika diplomatiyasi va geosiyosat markazi rahbari Hayotjon Ibragimov Ozarbayjonning “AZERTAC” axborot agentligiga bergan intervyusida Ozarbayjonning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport va energiya oqimlarini birlashtiruvchi asosiy davlat sifatidagi o‘rni tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. U Olot xalqaro dengiz savdo portidagi yirik loyihalar va ko‘p tarmoqli logistika markazlarini rivojlantirish nafaqat mamlakatning qulay geostrategik joylashuvidan maksimal darajada foydalanishga, balki Yevroosiyoda yangi transport va energetika tizimining shakllanishiga ham hissa qo‘shayotganini qayd etdi. Ibragimovning fikricha, Ozarbayjon endi shunchaki tranzit mamlakat emas, balki mintaqaning logistika va energetika xaritasini qayta shakllantiruvchi strategik ishtirokchiga aylangan.

 

Mutaxassis Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga erishilganini, hamkorlik tranzitdan tashqari energetika sohasi, “yashil” energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalar va energetika tizimlarini muvofiqlashtirish kabi yo‘nalishlarda rivojlanayotganini ta’kidladi. O‘rta koridor doirasida rivojlantirilayotgan murakkab infratuzilma yuk va energiya oqimlarini optimallashtirish, Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiyot hisoblangan O‘zbekiston hamda Kaspiy dengizidan Yevropaga strategik chiqish yo‘lini ta’minlaydigan Ozarbayjon o‘rtasida noyob hamkorlikni yaratish imkonini bermoqda. Bu esa O‘rta koridorni raqobatbardosh va ko‘p qirrali logistika hamda energetika tizimiga aylantirmoqda.

 

Shuningdek, “yashil” energetika sohasidagi qo‘shma tashabbuslar va logistika-energetika markazlarini yaratish an’anaviy yo‘nalishlarga muqobil bo‘lgan O‘rta koridorning ishonchliligi va jozibadorligini oshirishning asosiy omillari sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Xalqaro investorlarning mintaqadagi transport infratuzilmasi va qayta tiklanuvchi energetika loyihalariga qiziqishi ortib borayotgani kelgusi yillarda yuk va energiya oqimlari 30-35 foizga oshishi mumkinligi haqidagi bashoratlarga asos bo‘lmoqda. Ibragimov Ozarbayjon va O‘zbekistonning muvofiqlashtirilgan siyosati yangi Yevroosiyo transport va energetika modelini shakllantirishga, ikkala mamlakatning va umuman mintaqaning jahon iqtisodiy tizimidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda, degan xulosaga keldi.

 

“AZERTAC” da o‘qing

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.