IXTI yetakchi ilmiy xodimi Aziza Muxammedova tomonidan Farhana Qazi va Halima Nasiri bilan hammualliflikda tayyorlangan maqola Afg‘onistonni barqarorlashtirish yo‘llariga yangicha va tizimli nuqtai nazarni taqdim etadi.
Mualliflar mamlakat kelajagi uchun uch asosiy omilni — ta’lim, mintaqaviy infratuzilmaviy bog‘liqlik va islomiy legitimlikni ajratib ko‘rsatadilar.Tadqiqotda ayollarning ta’lim olish huquqini tiklash, mintaqaviy transport va savdo yo‘laklarini rivojlantirish (jumladan, Transafg‘on temiryo‘li), shuningdek, islom olimlarining qarorlari va fatvolari orqali islohotlarga diniy va madaniy asos berish zarurligi alohida ta’kidlanadi. Mualliflarning fikricha, aynan shu uch tayanch uyg‘unligi Afg‘onistonni cho‘zilib ketgan inqirozdan chiqarib, uni barqaror tinchlik va farovonlik sari yo‘naltirishi mumkin.
Maqolada qayd etilishicha, agar ta’lim tashabbuslarini institutsionallashtirish, uzoq muddatli moliyalashtirish va tizimli monitoring amalga oshirilmasa, mamlakat radikallashuv va izolyatsiya xavfiga yuz tutadi. Aksincha, taklif etilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilsa, Afg‘oniston beqarorlik manbaidan emas, balki Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim ko‘prikka aylanishi mumkin.
Maqolani Daily Islamabad Post veb-saytida o‘qing
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.