Tolibon hukumatining XXRga tayinlangan elchisi Pekin shahrida tantanali ravishda rasman qabul qilinishi xalqaro maydonda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tolibon hukumati bosh matbuot kotibi Zabiulloh Mujohid ta’kidlashicha, “Xitoy Islom Amirligi elchisini rasman tasdiqlagan yagona davlatdir”. Xitoyning Afg 'onistonga tayinlangan yangi elchisi Chjao Shengning 2023-yil sentyabrida Qobul shahrida tantanali tarzda rasman qabul qilingani nazarda tutilsa, bu holat Xitoy tomonidan javob harakati sifatida ham talqin etilishi mumkin.
Bu “Iliq diplomatik munosabatlar” o‘tmishiga nazar tashlasak, ilk bor 2021-yil oktabr oyida XXR tashqi ishlar vaziri, Van Yi, Tolibon hukumati bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi mulla Abdul G‘ani Baradar bilan Doha shahrida rasman uchrashgan. Bundan ham oldinroq, 2021-yil iyul oyida, Tyanszin shahrida Tolibon delegatsiyasi vakillari va XXR tashqi ishlar vaziri Van Yi o‘rtasida uchrashuv tashkil etilgan edi.
Xitoyning Afg‘onistonga nisbatan faol tashqi siyosat yuritishga qaratilgan urinishlarini turlicha talqin qilish mumkin. Birinchidan, XXR Tolibon hukumatini tan olish masalasiga nisbatan o‘z mustaqil qarashlari va yondashuvlarini ishlab chiqishga intilishi bilan tavsiflanishi mumkin. Ikkinchidan, Xitoy yashil iqtisodiyotni rivojlantirishning peshqadami sifatida, albatta, kelajakda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ulkan tabiiy resurslarga nisbatan ehtiyoji ortib boradi, shuning uchun Afg‘oniston, ehtimol, XXRning bu bo‘yicha ehtiyojini ta’minlash uchun muhim hududga aylanishi mumkin. Uchinchidan, Xitoy hukumati Tolibon hukumatining terrorizmga qarshi kurash va transport yo‘laklarini yaratish kabi Xitoy manfaatlari uchun nisbatan xavfsiz muhitni yarata olish imkoniyatlarini anglagan holda, Afg‘oniston bilan ham iliq munosabatlar o‘rnatishda peshqadamlikka urinmoqda.
Bundan tashqari, XXRning hatti-harakatlari shundan dalolat bermoqdaki, agarda Tolibon hukumati salohiyatini oshirishga qaratilgan chora tadbirlar o‘z samarasini bersa, Tolibonni diplomatik tan olish tabiiy jarayon sifatida ertami kechmi amalga oshishi mumkin.