Muhammad Xo‘janazarov ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi faqat ekologik hodisa emas, balki global ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni shakllantirayotgan muhim omillardan biriga aylanmoqda. Haroratning oshishi, yog‘ingarchilikning kamayishi, suv resurslarining notekis taqsimlanishi hamda yer degradatsiyasi millionlab insonlarning yashash va mehnat qilish imkoniyatlarini cheklab bormoqda. Natijada yangi turdagi migratsiya – Iqlim migratsiyasi shakllanmoqda.
Muallifning qayd etishicha, ushbu migratsiya an’anaviy mehnat migratsiyasidan tubdan farq qiladi. Agar iqtisodiy migratsiya ko‘pincha insonning tanloviga bog‘liq bo‘lsa, iqlim migratsiyasi ko‘proq ekologik majburiyat sifatida yuzaga chiqadi. Xalqaro tashkilotlar prognozlariga ko‘ra, yaqin o‘n yilliklarda bunday migratsiya hajmi sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Jumladan, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2050-yilga borib dunyo bo‘yicha 200 milliondan ortiq inson iqlim sharoitlari sabab yangi yashash joyini izlashga majbur bo‘lishi mumkin.
Maqolada ta’kidlanishicha, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, ekstremal issiqlik to‘lqinlari va yer degradatsiyasi kabi omillar ayniqsa qishloq hududlarida yashovchi aholi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Bunday sharoitda qishloq xo‘jaligi samaradorligi pasayadi, daromad manbalari qisqaradi va aholi ko‘pincha yirik shaharlar yoki boshqa mamlakatlarga ko‘chishga majbur bo‘ladi. Shu bilan birga, migratsiya oqimlarining kuchayishi shahar infratuzilmasi, uy-joy bozori, sog‘liqni saqlash va mehnat bozoriga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltiradi.
Muallif xulosasiga ko‘ra, iqlim migratsiyasini faqat cheklash yoki uning oqibatlari bilan kurashish yetarli emas. Asosiy vazifa – ekologik risklarni kamaytirish, suv va agrar resurslardan samarali foydalanish, hamda migratsiyani iqtisodiy tizimga integratsiya qiluvchi strategik moslashuv siyosatini ishlab chiqishdir. Shu orqali iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq migratsiya jarayonlarini xavf emas, balki barqaror rivojlanish imkoniyatiga aylantirish mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.