Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi energetik hamkorlik ularning iqtisodiy munosabatlarining muhim ustunlaridan biri bo‘lib qolmoqda, ayniqsa so‘nggi yillarda global energetika bozorlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar fonida. Eksport oqimlarining qayta taqsimlanishi va talab geografiyasining o‘zgarishi Rossiya energiya resurslari uchun Osiyo yo‘nalishining ahamiyatini oshirdi, Xitoy esa asosiy iste’molchilar qatorida mustahkam o‘rin egalladi.
Yevropa yo‘nalishida Rossiya gaz yetkazib berishining kamayishi fonida Xitoy muhim eksport bozori sifatida ajralib chiqdi, bu esa “Sibir kuchi-1” quvuri orqali yetkazib berish hajmlarining oshishida namoyon bo‘ldi. Shu bilan birga, yangi yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan infratuzilmani kengaytirish istiqbollari muhokama qilinmoqda, biroq ularni amalga oshirish muddati va parametrlari hanuz muzokaralar mavzusi bo‘lib qolmoqda.
Energetika sohasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlik hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanishning kengayishi bilan kechmoqda, bu esa xalqaro savdo vositalarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan kengroq tendensiyani aks ettiradi. Shu bilan birga, infratuzilma imkoniyatlari, narx shakllanishi va tashqi iqtisodiy kon’yunktura bilan bog‘liq cheklovlar saqlanib qolmoqda.
Parallel ravishda, Xitoy energiya ta’minoti manbalarini diversifikatsiya qilish strategiyasini davom ettirmoqda. Bu jarayonda suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib beruvchilari muhim o’rin egallaydi, shuningdek, Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va muqobil marshrutlar rivojlantirilmoqda.
O‘rta muddatda Xitoyda tabiiy gazga bo‘lgan talabning o‘sishi kutilmoqda, bu esa importga qaramlikning ortishi bilan birga kechadi. Bunday vaziyat turli yetkazib beruvchilar, jumladan Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirish uchun sharoit yaratadi, biroq bu raqobat muhitida amalga oshadi, bunda asosiy omillar narx, yetkazib berish ishonchliligi va shartlarning moslashuvchanligi bo‘lib qoladi.
Yaqin Sharq atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi va dengiz logistikasiga oid xavflar energiya resurslarini quruqlik orqali yetkazib berish yo‘nalishlariga e’tiborni kuchaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, Rossiya va Markaziy Osiyo marshrutlarini o‘z ichiga olgan Yevrosiyo yo‘nalishlari yetkazib berish barqarorligini ta’minlash omili sifatida qo‘shimcha ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, quruqlik infratuzilmasining roli oshishi umumiy diversifikatsiya logikasini bekor qilmaydi. Xitoy pragmatik yondashuvni saqlab qolgan holda, energiya ta’minoti manbalarini muvozanatlashtirish va tashqi shoklar bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirishga intilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ushbu jarayonlar yangi imkoniyatlar bilan birga qo‘shimcha chaqiriqlarni ham yuzaga keltirmoqda. Bir tomondan, ularning mintaqaviy energetik arxitekturadagi tranzit va resurs bo‘g‘ini sifatidagi ahamiyati ortmoqda. Boshqa tomondan, ichki ehtiyojlar va tashqi majburiyatlar o‘rtasida muvozanatni saqlash, shuningdek, ko‘p vektorli tashqi iqtisodiy siyosatni davom ettirish zarurati kuchaymoqda.
Bunday sharoitda mintaqa davlatlari uchun barqarorlikning asosiy omili — ichki xavfsizlikni mustahkamlash va xalqaro hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanishga qaratilgan muvozanatli va moslashuvchan energetik siyosat yuritish qobiliyatidir.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.