Joriy yilning 20-yanvar kuni Donald Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlarining 47-prezidenti lavozimiga rasman kirishdi. Sovuq ob-havo tufayli inauguratsiya marosimi Vashingtondagi Kapitoliy binosida o‘tkazildi.
Marosim va inauguratsiya nutqi. Marosimda AQShning hayotda bo‘lgan sobiq prezidentlari, jumladan, Jo Bayden, shuningdek, yetakchi siyosiy arboblar va yuqori martabali xorijiy mehmonlar, xususan, Xitoy vitse-prezidenti Xan Chjen ishtirok etdi. Siyosatchilardan tashqari, inauguratsiyada yirik biznesmenlar, xususan, texnologik korporatsiyalar rahbarlari Ilon Mask, Jeff Bezos va Mark Sukerberg, shuningdek, TikTokning bosh direktori Shou Szi Chu ham qatnashdi.
Marosimdan sal oldin Bayden o‘z oilasi a’zolarini afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu, ularga nisbatan jinoiy ta’qib yo‘qligini hisobga olgan holda, kelajakda ularning huquqiy daxlsizligini amalda kafolatlaydi. Shuningdek, Bayden Trampga maktub yozgan, ammo uning mazmunini oshkor qilmagan. “Bu men va Tramp o‘rtasidagi gap”, – dedi u. Tramp vitse-prezident Jey Di Vens bilan birga qasamyod qildi va ramziy tafsilotlar bilan to‘ldirilgan tantanali vaziyat voqeaga tarixiy ahamiyat baxsh etdi.
Tramp o‘zining inauguratsiya nutqida “Amerikaning oltin asri” boshlanganini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, uning vazifasi mamlakat ulug‘vorligini tiklash va fuqarolar farovonligini oshirishdan iborat. Iqtisodiy sohada Tramp “Amerikaning qayta uyg‘onishi” dasturini e’lon qilib, “sanoat renessansi” zarurligiga e’tibor qaratdi. Ushbu tashabbus mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, biznes uchun soliq yukini kamaytirish va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Bundan tashqari, u proteksionistik choralarni kuchaytirish, jumladan, importga, ayniqsa Xitoydan kelayotgan mahsulotlarga bojlarni oshirishga va’da berdi.
Tramp Amerika yana innovatsiyalar, sanoat va texnologiyalar bo‘yicha jahon yetakchisiga aylanishi kerakligiga ishonch bildirdi. Shuningdek, u “noqonuniy migratsiyani butunlay to‘xtatish” uchun Meksika bilan chegarada devor qurilishini yakunlash niyatini tasdiqladi. Migratsiya siyosatini qattiqlash doirasida u noqonuniy migrantlarni yollagan ish beruvchilarga qarshi sanksiyalar joriy etish va migrantlarning xizmatlari hamda iqtisodiy hissasiga asoslangan yangi migratsiya tizimini joriy etishga va’da berdi. Shuningdek, jinoiy o‘tmishga ega bo‘lgan noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish dasturi e’lon qilindi, bu esa uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar xavfsizligini oshiradi. Meksika narkokartellari terrorchi tashkilotlar sifatida tan olinadi, bu ularga qarshi muntazam harbiy bo‘linmalardan foydalanish imkonini beradi.
Tashqi siyosat sohasida Tramp AQSH tinchlik va hamkorlikka intilishini, shu bilan birga o‘z milliy manfaatlarini qat’iy himoya qilishini aytdi. U Amerika o‘z manfaatlariga bevosita daxldor bo‘lmagan mojarolarga aralashmasligini, asosiy e’tiborni iqtisodiyot va mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qaratishini ta’kidladi. Bundan tashqari, uning Panama kanali ustidan AQSH nazoratini qaytarib olish niyati haqidagi bayonoti keng aks-sado uyg‘otdi. Prezident 1999-yilda Amerika tomonidan Panama kanali ustidan nazoratni o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lmaganligini ta’kidladi.
Gender o‘ziga xoslik bo‘yicha davom etayotgan munozaralar fonida Tramp jins faqat erkak yoki ayol jinsi sifatida belgilanishini aytdi, bu uning so‘zlariga ko‘ra, insonning biologik tabiatini aks ettiradi. Bundan tashqari, uning nutqida katta e’tibor so‘z erkinligi va davlat senzurasi masalalariga, ayniqsa raqamli platformalar kontekstida qaratildi. Hukumatning internet ustidan nazorati borasidagi tanqidlarga javoban Tramp davlat senzurasini bekor qilish va fuqarolarning o‘z fikrini erkin bildirish huquqini ta’minlash uchun qat’iy choralar ko‘rishga va’da berdi. Ushbu bayonotlari bilan Tramp aslida Demokratik partiyaning mafkuraviy platformasiga kuchli zarba berish niyatini bildirdi, bu esa uni chuqur mudofaaga o‘tishga va tub islohotlarni boshlashga majbur qiladi.
Prezidentlikning birinchi kuni. Oq uydagi faoliyatining birinchi kunida Tramp Bayden ma’muriyati tomonidan qabul qilingan 78 ta farmon va memorandumni bekor qilib, bir qator qat’iy qadamlar qo‘ydi. Jumladan, u 2021-yil yanvarda Kapitoliyga hujum qilishda ayblanganlarning aksariyatini afv etdi. Shuningdek, Tramp TikTokning AQShda ishlash imkoniyatini 75 kunga uzaytiruvchi farmonni imzoladi hamda AQShning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Parij iqlim kelishuvidan chiqishini ham e’lon qildi. Bu qaror xalqaro tashkilotlarga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishi bilan asoslandi, bu esa AQShning global yetakchi sifatidagi mavqeini zaiflashtirishi mumkin.
Inauguratsiya nutqida va’da qilinganidek, Tramp Meksika ko‘rfazini Amerika ko‘rfazi deb qayta nomlash jarayonini boshlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, AQSH fuqaroligini berish shartlarini qat’iylashtirish va janubiy chegarani noqonuniy kesib o‘tishga qarshi choralarni kuchaytirish haqidagi farmonlar ham imzolandi. Energetika sohasida Tramp yangi quduqlar ochish orqali neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish niyatini tasdiqladi hamda ichki ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun energetika sohasida favqulodda holat e’lon qilish rejalarini ma’lum qildi. Bu uning energetik mustaqillik va iqtisodiy o‘sishga ustuvorlik berishini aks ettiradi. Bundan tashqari, Tramp davlat organlarining butun tizimini, xususan, Federal zaxira tizimini isloh qilishni rejalashtirmoqda. Bu esa Amerika davlatchiligi va iqtisodiyotining asosiy negizlarini o‘zgartirishga olib kelishi mumkin.
Rossiya-Ukraina mavzusi ustuvorliklar qatorida ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, Trampning bu masalaga e’tibori muhim mavzu bo‘lib qolmoqda. Tramp prezident Zelenskiyning Rossiya bilan “kelishuv”ga tayyorligini ma’lum qildi, biroq Putinning pozitsiyasi noaniqligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u AQSH milliy manfaatlari nuqtai nazaridan samaradorligini baholash maqsadida xorijiy mamlakatlarga, jumladan Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish jarayonlarini to‘xtatib qo‘ydi.
Bundan tashqari, Tramp texnologiyalar tarixidagi eng yirik loyiha – sun’iy intellektni (SI) rivojlantirish boshlanganini e’lon qildi. Uni amalga oshirish uchun Texasda superkompyuter va ma’lumotlarni qayta ishlash markazi yaratishga 500 milliard dollar ajratiladi. Shuningdek, Tramp Baydenning 2023-yildagi “xavfsizlik” bahonasida sun’iy intellektni ishlab chiqishni cheklovchi farmonini bekor qildi. Bu orqali u o‘z ma’muriyati global raqobatda AQShning texnologik yetakchiligiga umid qilayotganini ko‘rsatdi.
Yaqin kelajakda Trampning asosiy vazifasi o‘z Vazirlar Mahkamasini shakllantirish bo‘ladi. AQSH Senatida Tramp tomonidan tavsiya etilgan turli lavozimlarga nomzodlarning tinglovlari o‘tkazilmoqda. Xususan, inauguratsiya kuni Senat AQSH davlat kotibi lavozimiga Marko Rubio nomzodini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qulladi. Tramp prezidentligining birinchi kunidayoq Oq uy huzurida Prezident kengashi maqomida Ilon Mask rahbarligida Davlat samaradorligini oshirish departamenti tashkil etildi.
2025-yilda Donald Trampning inauguratsiyasi Amerika siyosatida davom etayotgan o‘zgarishlarning ramzi bo‘ldi. O‘zining g‘ayriodatiy yondashuvi bilan tanilgan yetakchining hokimiyatga qaytishi AQShning kelajagi va uning jahon maydonidagi o‘rni haqida ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. E’lon qilingan tashabbuslarning uzoq muddatli oqibatlari ularning amalga oshirilishiga bog‘liq. Agar ma’muriyat demokratiya va ozchilik huquqlari tamoyillarini buzmasdan o‘z harakatlarini muvozanatlashtira olsa, bu siyosiy tizimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga yordam berishi mumkin. Aks holda, ritorika va qarorlarning keskinlashuvi ijtimoiy ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkin.