Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro mintaqaviy xususiyatga ega bo‘lsa-da, neft bozorida global tebranishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Strategik jihatdan muhim bo‘lgan Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinlikning kuchayishi neft ta’minoti barqarorligini xavf ostiga qo‘yadi va ekstremal holatlarda 1970-yillardagi neft inqirozlariga o‘xshash narxlarning keskin sakrashiga olib kelishi mumkin.
Agar harbiy qarama-qarshilik avvalgi zarbalar almashinuvi ssenariysi bo‘yicha, ya’ni qisqa muddatli, infratuzilma yo‘qotishlarisiz va uchinchi davlatlar aralashuvisiz rivojlansa, neft bozorining reaksiyasi cheklangan bo‘ladi. Bunga 2024-yil bahorida Suriya, Iroq va Erondagi obyektlarga zarbalar almashinuvidan so‘ng neft narxi bir barrel uchun 3-5 dollargacha vaqtincha ko‘tarilgani, biroq bir haftadan so‘ng avvalgi darajasiga qaytgani misol bo‘la oladi.
Bunday vaziyatlarda bozor narxga "geosiyosiy mukofot" qo‘shadi, ammo real ta’minotga hech qanday tahdid yo‘qligi aniq bo‘lgach, tezda tuzatish kiritadi. Bundan tashqari, Eron tashqi bozorga kuniga taxminan 1-1,5 million barrel yetkazib beradi - bu sezilarli, ammo muhim bo‘lmagan hajm, ayniqsa, u asosan o‘z strategik zaxiralariga ega bo‘lgan Xitoyga yo‘naltirilgan bo‘lsa.
Mojaro cho‘zilib ketishi va zararlanish zonasiga Eronning neftni qayta ishlash zavodlari, eksport terminallari va quvurlari kirishi ssenariysi ancha katta xavf tug‘diradi. Bu holda bozor taklifning real qisqarishiga duch keladi, bu esa narxlarning bir barrel uchun 100-150 dollargacha ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bunday holatlar avval ham bo‘lgan – 2019-yil sentyabr oyida Saudi Aramco obyektlariga uchuvchisiz qurilmalar hujumi jahon ta’minotining deyarli 5 foizini yo‘qotishiga olib keldi va Brent neftining narxini 19 foizga oshirdi (1991-yildan beri eng keskin o‘sish). Vaziyat tezda hal qilingan bo‘lsa-da, bu hatto yuqori darajada himoyalangan mamlakatlar infratuzilmasining zaifligini ko‘rsatdi.
Hatto OPEK+ mamlakatlarida ham qisqa muddatda qazib olishni ko‘paytirish imkoniyatlari cheklanganligi va Eronga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi mumkinligini hisobga olsak, bozorga kuniga 1-1,5 million barrel yo‘qotishni tezda qoplash qiyin bo‘ladi.
Eng og‘ir ssenariy strategik “neftning tor bo‘g‘zi” – Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish yoki harbiy blokada bilan bog‘liq. O‘mon va Eron o‘rtasidagi ushbu tor hudud orqali har kuni 20-21 million barrel neft o‘tadi, ya’ni dunyodagi umumiy iste’molning taxminan beshdan bir qismi.
Eron harbiy tajovuz bo‘lsa, bo‘g‘ozni to‘sib qo‘yish bilan bir necha bor tahdid qilgan. Agar bunday tahdid haqiqatga aylansa, hatto bir necha kun bo‘lsa ham, neft narxi bir barrel uchun 200-300 dollargacha keskin ko‘tarilishi mumkin. Keng ko‘lamli dengiz qamali, sug‘urta kompaniyalarining mintaqada ishlashdan bosh tortishi va tanker qatnovining to‘xtatilishi holatida, nazariy jihatdan yanada ekstremal raqamlar ham bo‘lishi mumkin - bir barrel uchun 500-1000 dollar, garchi ular qisqa muddatda gipotetik bo‘lib ko‘rinsa-da.
Bu domino effektini keltirib chiqaradi:
Voqealar rivojining dramatik salohiyatiga qaramay, bir qator omillar narxlarning keskin oshishiga to‘sqinlik qilishi mumkin:
Ayni paytda neft bozori kutilmalar bilan yashamoqda. Agar Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro cheklangan bo‘lib qolsa, narxlarning o‘sishi qisqa muddatli va mo‘tadil bo‘ladi. Biroq, uning cho‘zilishi yoki uchinchi davlatlarning (masalan, AQSH, Saudiya Arabistoni, BAA) aralashuvi vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin.
Asosiy xavf – Hormuz bo‘g‘ozi. Uning bir necha kunga yopilishi energetik shok va global inflyatsiyani keltirib chiqaradi. Shuning uchun, barcha ssenariylarga qaramay, dunyoning yetakchi davlatlari bunday darajadagi keskinlashuvga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qilmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.