Muallif: Ubaydullo Xo‘jabekov, IXTI ko‘ngillisi
Yaqinda D.Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatini qat’iylashtirishi oqibatida Los-Anjelesda yuz bergan norozilik namoyishlari AQShda ham, undan tashqarida ham keng jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Ayniqsa, bu holat Xitoy axborot makonida ham ichki siyosiy, ham geosiyosiy omillar tufayli faol muhokama qilinmoqda. Ushbu maqolada Xitoy ommaviy axborot vositalari, ekspertlar hamjamiyati va raqamli platformalar foydalanuvchilari tomonidan voqealarning talqin qilinishi ko‘rib chiqiladi, shuningdek, AQSH-Xitoy munosabatlari doirasida shakllanayotgan siyosiy narrativlar tahlil etiladi.
Matbuotda “Los-Anjeles isyonlari” deb nom olgan ommaviy norozilik namoyishlari noqonuniy muhojirlarga qarshi AQSH immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) faoliyatining kuchayishiga javoban yuzaga keldi. Federal kuchlar, jumladan Milliy gvardiya va dengiz piyodalari bo‘linmalarining qo‘llanilishi Amerika jamiyati tomonidan ham, xorijda ham tanqidga uchradi, fuqarolik boshqaruvi tamoyillari va federal qonunchilikni (xususan, Posse Comitatus qonunini) buzish bo‘yicha bahslarga sabab bo‘ldi.
Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom sodir bo‘layotgan voqealarni “demokratik tuzumga tahdid” deb baholab, AQShning avtoritar davlatga aylanib qolishi xavfidan ogohlantirdi. Shu bilan birga, siyosiy munozaralarda norozilik harakatlariga tashqi kuchlarning ta’siri borligi haqidagi shubhalar kuchaydi. Respublikachi kongressmenlar namoyishchilarning Xitoy Kommunistik partiyasiga aloqador tashkilotlar bilan ehtimoliy aloqalari mavjudligini ta’kidlashdi. Bir qator manbalarga ko‘ra, AQShdagi so‘l harakatlarni, shu jumladan Sotsializm va ozodlik partiyasini (PSL) moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘lgan amerikalik tadbirkor Nevill Roy Singxem shaxsiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xitoy axborot makonida Los-Anjeles voqealari keng jamoatchilik qiziqishini uyg‘otdi. WeChat va Little Red Book kabi raqamli platformalar kinoyali sharhlar maydoniga aylandi, ular orasida “ajoyib tomosha” iborasi ayniqsa ommalashdi. Shunday qilib, Xitoy jamiyatining bir qismi AQShda yuz berayotgan voqealarni Amerika tashqi siyosati ritorikasining “teskari ta’siri” sifatida qabul qilmoqda.
Global Times va China Daily kabi davlat nashrlari norozilik namoyishlarini Amerika boshqaruv modelining tizimli inqirozining aks etishi sifatida talqin qilmoqda. Tahririyat maqolalarida AQShning norozilik harakatlariga ikki yoqlama yondashuvi ta’kidlanmoqda: agar chet elda ular demokratik erkinliklarning namoyon bo‘lishi sifatida qo‘llab-quvvatlansa, o‘z hududida qattiq bostirilib kelinmoqda.
Shu bilan birga, xitoylik foydalanuvchilar va sharhlovchilarning aksariyati kuzatuvchi rolini afzal ko‘rib, kutish yoki betaraf pozitsiyani egallamoqda. The Monitor nashri tomonidan keltirilgan WeChat platformasidagi mashhur izohlardan birida shunday deyiladi: “Xitoyliklar sifatida biz Amerikada sodir bo‘layotgan voqealarda hech qanday tarafni olmasligimiz kerak. Biz shunchaki kuzatuvchi bo‘lib, Amerikaning bu go‘zal manzarasi qanday rivojlanishini tomosha qilsak yetarli”.
Xitoy nuqtai nazaridan tahlil qilinganda, Los-Anjeles voqealari nafaqat mahalliy inqiroz, balki G‘arbning eng yirik davlati boshqaruvidagi chuqur tizimli muammolarning namoyon bo‘lishi sifatida qaralmoqda. Xitoylik tahlilchilarning ta’kidlashicha, prezident D.Tramp vaziyatdan saylovchilarni safarbar qilish va prezidentlik vakolatlarini kengaytirish uchun foydalanishi mumkin. Biroq tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilishi va bu aralashuvning huquqiy jihatlariga xalqaro e’tibor AQShning “demokratiya tayanchi” sifatidagi tashqi siyosiy obro‘siga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Rasmiy Pekin voqealarga baho berishdan o‘zini tiymoqda, ammo vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Los-Anjeles voqealari ichki ziddiyatlar sharoitida demokratik institutlarning zaifligini ko‘rsatadi va xitoylik sharhlovchilarning fikriga ko‘ra, tashqi siyosiy aralashuvga emas, balki ichki boshqaruvga e’tibor qaratish zarurligi haqida saboq bo‘lishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.