Ushbu sharh IXTI amaliyotchi-tadqiqotchisi Malika Xakimova tomonidan Fazliddin Djamalov rahbarligida tayyorlangan.
Joriy yilning 23-26 iyun kunlari Mo‘g‘uliston prezidenti Tsaxiagin Xurelsux O'zbekistonda davlat tashrifi bilan bo'lgan. Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarning asosiy kun tartibi mamlakatlararo ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va siyosiy muloqotni faollashtirish istiqbollarini muhokama etishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida ikkala mamlakat ham 14 ta hukumatlararo hujjatlarni, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlik, havo va avtomobil aloqalari, turizm, qishloq xo'jaligi, fan va madaniyat bo'yicha bitimlarni imzoladilar.
Binobarin, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o'rtasidagi munosabatlarni jadallashtirishga qaratilgan quyidagi asosiy tendensiyalarni ajratib ko'rsatish mumkin:
Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash. Ushbu tashrif Mo‘g‘ulistonning Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlash istagini ta’kidlaydi. Mo‘g‘uliston Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi "bufer hudud" maqomidan chiqib, o‘zini Markaziy Osiyoning bir qismi sifatida ko‘rsatishga intilmoqda. "Uchinchi qo‘shni" siyosati doirasida Mo‘g‘uliston nufuzli davlatlar bilan yaqin siyosiy aloqalarni rivojlantirib, ularni xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi Mo‘g‘uliston uchun Pekin yoki Moskvada strategik tashvish tug‘dirmaydigan ideal "uchinchi qo‘shni"dir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Mo‘g‘ulistonning Markaziy Osiyo bilan bog‘lanish istagi Yevropa Ittifoqining ushbu mintaqa bilan faol hamkorligi bilan bog‘liq. Yevropa Ittifoqi strategik geografik joylashuvi, ulkan energiya resurslari, muhim bozor salohiyati va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdagi roli tufayli Markaziy Osiyoga katta qiziqish bildirmoqda. 2014-yildan 2020-yilgacha Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlariga umumiy yordami 1,1 milliard yevroni tashkil etdi va 2021-2024 yillarda kamida 390 million yevroni tashkil qilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining Mo‘g‘ulistonga 2021-2024 yillardagi sarmoyasi 31 million yevroni tashkil etdi. Shunday qilib, Markaziy Osiyoga mintaqaviy integratsiya orqali Mo‘g‘uliston Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini mustahkamlashga umid qilmoqda.
Tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish. Hozirgi kunda ikkala mamlakat ham an’anaviy savdo sheriklariga qaramlikni kamaytirishga intilib, tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish yo‘lida. Xitoy va Rossiya o‘rtasida joylashgan Mo‘g‘uliston O‘zbekiston bilan hamkorlik orqali iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlarni qidirmoqda. Mo‘g‘uliston kashemir, jun, go‘sht mahsulotlari va charm mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga ixtisoslashgan. O‘zbekiston o‘z navbatida sabzavot va mevalar, o‘g‘itlar, dori-darmonlar, maishiy texnika, plastik va rezina buyumlar, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik va poyabzallarni taklif etib kelmoqda. 2022-yilda mamlakatlar o‘rtasidagi oziq-ovqat va agrar mahsulotlar aylanmasi qariyb 5,5 million dollarni tashkil etdi, shu bilan bir qatorda, ushbu hajmning katta qismi O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga eksportga to‘g‘ri keldi, bu esa 4,4 million dollarni tashkil etdi. Kelgusi yillarda talab qilinadigan mahsulotlar assortimenti va yetkazib berish hajmini kengaytirish hisobiga o‘zaro savdoni 5-10 baravar oshirish rejalashtirilgan.
Diplomatik aloqalar va ta’lim sohasini kuchaytirish. Mo‘g‘ulistonning Toshkentdagi elchixonasining ochilishi va O‘zbekistonning Ulan-Batorda o'z elchixonasini ochish rejalari mamlakatlarning yaqin siyosiy hamkorlikka tayyorligini namoyish etadi. Mo‘g‘il yoshlarini O‘zbekistonga jalb qilish maqsadida hukumat mo‘g‘il talabalarini o'qitish uchun grant mablag'larini ajratishga tayyorligini bildirdi. 2022-yilda mo‘g‘il va o‘zbek agrar universitetlari o‘rtasida talabalar almashinuvi masalalari bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida ilmiy-tadqiqot institutlari, ayniqsa chorvachilik sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Xalqaro maqomni oshirish. Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) kirishini qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardandir. O‘zbekistonning JSTga kirishi Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama savdoni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishi mumkin. So‘nggi muzokaralar davomida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim va bozorlarga o‘zaro kirishni soddalashtirish bo‘yicha takliflarni imzolashga tayyorladilar. Ushbu shartnoma mamlakatlarga imtiyozli tariflar va shartlardan foydalanish imkonini beradi, bu esa o‘z mahsulotlarining xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshiradi. Mo‘g‘uliston uchun bu o'z mahsulotlarini eksport qilish va investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish. Havo va avtomobil transporti shartnomalarini imzolash transport infratuzilmasi va logistikasini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, bu dengizga chiqa olmaydigan mamlakatlar uchun dolbzardir. Mo‘g‘uliston Prezidentining tashrifidan oldin Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi e’lon qilindi, parlament esa loyihani 6 yil muddatga amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi. Mo‘g‘uliston o‘z navbatida, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l loyihasiga qo‘shilishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Ushbu loyihada ishtirok etish Mo‘g‘ulistonga o‘z mahsulotlarini qisqa va tejamkor yo‘nalishlarda yetkazib berish, shuningdek, transport koridorlarining kengroq tarmog'iga qo‘shilish imkonini beradi. Bundan tashqari, loyiha Transafg‘on koridoriga kirish imkoniyatiga ega. Bu Mo‘g‘ulistonga qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarini Afg‘oniston va Janubiy Osiyoga yo‘naltirish imkoniyatlarini ochishi mumkin. Bunday yirik infratuzilma loyihasida ishtirok etish Mo‘g‘ulistonda yagona Markaziy Osiyo o‘ziga xosligini shakllantirishga yordam beradi.