Muallif: Shoxro‘zbek Gulmetov
Eron-Isroil qarama-qarshiligi mintaqaviy doiradan chiqib, xalqaro hamjamiyatning e’tiborini tortgan murakkab geosiyosiy muammoga aylangan. So‘nggi voqealar fonida yirik xalqaro o‘yinchilar faol munosabat bildirib, ushbu qarama-qarshilikdagi o‘z manfaat va pozitsiyalarini ochiq ifoda etmoqda. Hindiston, an’anaviy tarzda Eron Islom Respublikasi bilan uzoq yillik strategik sheriklikda bo‘lgan hamda mintaqaviy siyosatida eron omilining ahamiyatini ko‘p bor ta’kidlab kelgan davlat sifatida, muvozanatli va ehtiyotkorona pozitsiyani egalladi. SHHTning qator a’zo davlatlaridan farqli o‘laroq, Nyu-Dehli Isroil harakatlarini bevosita qoralamadi, balki vaziyatning keskinlashuviga barham berishga chaqirib, amalda neytral pozitsiyani egalladi, biroq bu bilan birga Tel-Avivga diplomatik darajada ehtiyotkor yaqinlashuv elementlarini ham namoyon etdi.
Siyosiy yaqinlik va strategik uyg‘unlik
Hindistonning Isroil harakatlarini qoralashdan tiyilish sabablarini tushunish uchun, Hindiston-Isroil munosabatlarining, ayniqsa siyosiy va strategik o‘lchamdagi xususiyatlariga e’tibor qaratish zarur. Nyu-Dehlining SHHT a’zolari tomonidan bildirilgan umumiy pozitsiyaga qo‘shilmasligi Hindiston tashqi siyosatining pragmatik yo‘nalishini aks ettiradi. Mojaroda ishtirok etayotgan ikkala tomon ham muhim hamkorlar bo‘lgan holatlarda davlatlar ko‘pincha o‘z milliy manfaatlari va uzoq muddatli strategik hisob-kitoblarga asoslanib, neytral yo‘nalishni tanlaydi.
Hindistonning Isroil bilan hamkorligi bir necha yillardan beri rivojlanib kelmoqda va u mudofaa, texnologiyalar hamda razvedka kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. 2023-yil oktabr oyida HAMAS tomonidan Isroil hududiga amalga oshirilgan hujumdan so‘ng Hindiston Tel-Aviv bilan birdamlik ifoda etdi. Bunga javoban, Hindiston tomonidan Pokiston hududida o‘tkazilgan “Sindhur” operatsiyasi vaqtida Isroil Nyu-Dehliga diplomatik ko‘mak ko‘rsatdi. Mazkur harakat esa tinch aholi orasida talafotlar bo‘yicha xabarlar sababli xalqaro hamjamiyatda xavotir uyg‘otdi.
2025-yil aprel oyida Isroil prezidenti Gersog Hindistonning yangi elchisi bilan uchrashuvda, ayniqsa geostrategik hamkorlik doirasida ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi, shuningdek, Isroilda Hindistonga nisbatan ijobiy munosabat shakllanganini qayd etdi. 2025-yil 13-iyun kuni ertalab BMT Bosh Assambleyasi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hindiston esa, Isroilning an’anaviy ittifoqchilari – Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya – bu hujjatni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, ovoz berishda betaraf qoldi.
Bunday harakatlar Hindistonning muhim hamkorlar, xususan Isroil bilan muvozanatni saqlashga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi. Biroq insonparvarlik rezolyutsiyasi bo‘yicha betaraflik, Hindiston va Isroilning musulmon dunyosidagi qator jarayonlarga nisbatan yondashuvlari o‘xshash ekanligini hisobga olgan holda, ushbu mojarodagi insoniy jihatlarga yetarli sezgirlik yo‘qligi sifatida talqin qilinishi mumkin.
Nyu-Dehlining iqtisodiy ustuvorliklari
Hindiston-Isroil munosabatlari faqat siyosiy anglashuvga emas, balki tobora kengayib borayotgan iqtisodiy sheriklikka ham tayanadi. Nyu-Dehli bu yo‘nalishni Eron bilan amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan Chabahar porti va “Shimol-Janub” koridori bilan solishtirganda ancha istiqbolli deb hisoblaydi. 2025-yil fevral oyida o‘tkazilgan Hindiston-Isroil biznes forumi 100 dan ortiq yetakchi kompaniyani birlashtirdi. Isroil iqtisodiyot vaziri forum davomida Hindiston va AQSh bilan hamkorlikni mustahkamlash geosiyosiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
2024-yilda Hindiston va Eron o‘rtasidagi savdo hajmi 4,13 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi, Isroil bilan esa bu ko‘rsatkich 6,53 mlrd dollarga yetdi. Hindiston savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal ikki tomonlama savdo hajmini o‘n baravarga oshirish zarurligini bildirdi, bu esa Isroil bilan iqtisodiy muloqot ustuvor yo‘nalish ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Bundan tashqari, I2U2 (Hindiston, Isroil, AQSh, BAA) va IMEC (India-Middle East-Europe Corridor) kabi ko‘p tomonlama tashabbuslar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy yaqinlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda. I2U2 oziq-ovqat xavfsizligi, yashil energiya va xususiy sektorni qamrab oladi, 2030-yilgacha Hindistonda 500 GW toza energiya quvvatiga erishish hamda 2 mlrd dollarlik agrosanoat investitsiyalari rejalashtirilgan.
AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan IMEC esa Hindistonga Yaqin Sharq va Yevropa bozorlariga barqaror va samarali kirishni ta’minlaydi. Sanksiyalar fonida bu yo‘nalish Eron bilan “Shimol-Janub” koridoriga nisbatan ishonchliroq va qulayroq muqobil sifatida qaralmoqda. Shu bilan birga, AQSh uchun IMEC – bu Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusiga javob va Hindiston bilan strategik yaqinlikni mustahkamlash vositasidir.
Harbiy-texnik hamkorlik
Isroil Pokiston bilan keskinlik ortgan paytlarda Hindiston uchun ishonchli strategik hamkor bo‘lib xizmat qilgan. “Sindhur” operatsiyasi davomida Isroil Hindistonga zamonaviy havo mudofaa tizimlari (Barak 8) va HAROP turidagi “kamikadze” dronlarini yetkazib berdi. Ular dushmanning muhim strategik obyektlariga aniq zarbalar berishda samarali qo‘llanildi.
Bu dronlarning muvaffaqiyatli qo‘llanishi Ozarbayjon tomonidan Qorabog‘ mojarosida ham namoyon bo‘lgan. Hindiston-Isroil harbiy-texnik hamkorligi qurol yetkazib berish bilan cheklanmaydi: u qo‘shma mashg‘ulotlar, kiberxavfsizlik, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish va harbiy kadrlar tayyorlashni ham o‘z ichiga oladi. Bunday kompleks hamkorlik nafaqat operativ muvofiqlikni, balki strategik barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Raqamli diplomatiya doirasida qo‘llab-quvvatlash
Isroil Hindistonga nafaqat harbiy, balki raqamli maydonda ham faol ko‘mak bermoqda. Raqamli diplomatiya umumiy chegarasi bo‘lmagan ikki davlat o‘rtasida aloqalarni mustahkamlovchi muhim vositaga aylandi. Davlat organlari va fuqarolik jamiyatlari o‘rtasida onlayn platformalarda yuqori darajadagi o‘zaro anglashuv mavjud. Madaniy, ta’limiy va ilmiy yo‘nalishlardagi qo‘shma tashabbuslar ikki xalq o‘rtasida ijobiy imidj va o‘zaro ishonchni kuchaytirmoqda.
Xulosa
Hindiston-Isroil munosabatlari Nyu-Dehlining tashqi siyosatidagi pragmatik va moslashuvchan yondashuvini aks ettiradi. Eron-Isroil mojarosi fonida kuchayib borayotgan geosiyosiy tanglik sharoitida Hindiston bir tomonlama bayonotlardan tiyilib, barcha muhim tashqi siyosiy o‘yinchilar bilan ishchan aloqalarni saqlashga harakat qilmoqda.
Isroil bilan texnologiyalar, xavfsizlik va savdo sohasidagi hamkorlik Hindiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda, biroq yagona ustuvorlik emas. Nyu-Dehli o‘z manevr imkoniyatlarini saqlab qoladi va mintaqadagi kuchlar muvozanatining o‘zgarishi yoki milliy manfaatlar asosida hamkorlikni qayta ko‘rib chiqishga tayyor. Bunday yondashuv Hindistonga diplomatik moslashuvchanlikni saqlash va tashqi siyosatda qat’iy majburiyatlardan qochishga imkon beradi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.