Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatidagi dastlabki 100 kun natijalari

Tahliliy nashrlar

08 May 2025

Ulashish

Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatidagi dastlabki 100 kun natijalari

Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatidagi 100 kunlik davri beqiyos siyosiy faollik bilan ajralib turdi hamda AQSh ichida ham, xalqaro maydonda ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu bosqichda tahlilchilar prezident reytingidagi o‘zgarishlar, uning administratsiyasidagi muvofiqlik va qonun chiqarish sohasidagi yutuqlarni diqqat markaziga oldilar.

 

Konservativ “Loyiha 2025” doirasida avvaldan tayyorlangan siyosiy rejalarga asoslangan holda, Tramp o‘zining “Amerikani buyuk qilish” shiori ostida keng ko‘lamli islohotlarga kirishdi. Ichki siyosatining asosiy yo‘nalishi davlat apparatini qayta tashkil etish, ijtimoiy-madaniy qadriyatlarni qayta ko‘rib chiqish va mamlakatning iqtisodiy kursini o‘zgartirishga qaratildi.

 

Ma’lumot uchun: Loyiha 2025 — 2023-yil aprel oyida konservativ Heritage Foundation markazi tomonidan e’lon qilingan federal hukumatni isloh qilish va prezident hokimiyatini markazlashtirishga qaratilgan takliflar to‘plami bo‘lib, 2024-yilgi prezidentlik saylovlari arafasida tayyorlangan.

 

“Maydonni toshtirish” strategiyasi (ya’ni qisqa muddat ichida juda ko‘p qarorlar qabul qilib, muxolifatni chalg‘itish) yordamida Tramp taxminan 140 ta farmonni imzoladi — bu ko‘rsatkich nafaqat uning birinchi muddatidan, balki avvalgi prezidentlardan ham ancha yuqori. Ularning aksariyati ichki siyosatga oid bo‘ldi.

 

Qadriyatlarga qaytish. Trampning asosiy maqsadlaridan biri “chuqur davlat” deb ataluvchi federal byurokratiya va “woke madaniyati” — ya’ni ijtimoiy adolat nomidan gender xilma-xillik va inklyuzivlikni ilgari suruvchi amaliyotlarga qarshi kurashish bo‘ldi. Prezidentlikka qaytgach, Tramp “Xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik” davlat dasturini bekor qildi, faqat ikki xil gender o‘zini identifikatsiyalashni qonuniy tarzda tan oldi va so‘z erkinligini cheklovchi senzuralarni olib tashladi. Bu siyosat natijasida nafaqat davlat organlarida, balki xususiy sektorda ham inklyuzivlik tashabbuslari butunlay to‘xtatildi.

 

Universitetlarga davlat grantlarini qisqartirish tahdidi ostida talabalarning siyosiy faolligini, ayniqsa Falastin bilan bog‘liq masalalarda, bostirish talablari kuchaydi. Bu esa yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan to‘qnashuvlarga olib keldi.

 

Davlat boshqaruvini isloh qilish. Davlat xarajatlarini qisqartirish va byurokratiyani kamaytirish maqsadida “Hukumat samaradorligi departamenti” tashkil etilib, uning rahbarligi Ilon Maskka topshirildi. Uning boshchiligida federal xizmatlar xodimlari keng miqyosda qisqartirila boshlandi — ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, ishdan bo‘shatilganlar soni 260 ming kishigacha yetgan. Bu jarayonlar davlat byudjetiga 135 milliard dollarga tushgani aytilmoqda.

 

USAID (Xalqaro taraqqiyot bo‘yicha AQSh agentligi) Tashqi ishlar vazirligiga qo‘shildi, 5 mingdan ortiq loyiha yopildi va xodimlarning 90 foizi ishdan bo‘shatildi. Ta’lim vazirligini bosqichma-bosqich tugatish ishlari boshlandi, uning funksiyalari shtatlar va mahalliy hokimiyatlarga topshirilmoqda. Xavfsizlik sohasida ham Pentagon, FBI, Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) va Milliy xavfsizlik agentligida qisqartirishlar amalga oshirilmoqda. Tejalgan mablag‘lar sanoatni rivojlantirish va byudjet tanqisligini qisqartirishga yo‘naltirilmoqda.

Migratsiya. Tramp ma’muriyati immigratsiya siyosatida qat’iy pozitsiyasini davom ettirdi. Meksika bilan chegara bo‘yicha devor qurilishi tiklandi, noqonuniy immigrantlarni tashuvchi kartellar terrorchi tashkilotlar deb e’lon qilindi. Chegara buzilishi holatlari 60 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushdi — 90% kamaydi. Garchi bu choralarga jamiyatda ijobiy munosabat bildirilgan bo‘lsa-da, deportatsiya siyosatining keskin usullari — jumladan, immigrantlarni boshqa mamlakatlarda vaqtinchalik saqlash markazlariga yuborish — inson huquqlari tashkilotlari va sudlar tomonidan tanqid qilindi. Hatto AQShda integratsiyalashgan, foydali bo‘lgan ayrim noqonuniy va hatto qonuniy immigrantlar ham vatanga qaytarilmoqda, u yerda ularni ta’qib kutmoqda.

 

Tramp shuningdek, saylov tizimi ustidan nazoratni kuchaytirishga intilib, fuqarolikni tasdiqlovchi hujjatni majburiy qilish va pochta orqali ovoz berish imkoniyatlarini cheklash tashabbuslarini ilgari surdi. Demokratlar bu choralarga fuqarolik huquqlariga tajovuz sifatida qaradi.

 

Iqtisodiyot. Dastlabki 100 kunlik iqtisodiy siyosat “savdo urushi”ning qayta boshlanishi bilan ajralib turdi. Xitoy mahsulotlariga bojlar 145 foizgacha oshirildi. 180 dan ortiq davlatga import tariflari 27%–67% oralig‘ida oshirildi, keyinchalik 75 davlat uchun bu daraja 10% atrofida qoldi.

 

Bu choralar “savdo adolatini tiklash” va ishlab chiqarishni AQShga qaytarish maqsadida qabul qilindi. Biroq moliyaviy bozorlar buni keskin salbiy qabul qildi: S&P 500 indeksi 8,5% ga tushdi — bu ko‘rsatkich Nixon davridan buyon eng yomon natija. Wall Street investorlari umumiy hisobda 8 trillion dollarga yaqin zarar ko‘rdi. 2025-yilning birinchi choragida AQSh iqtisodiyoti 0,3% ga qisqardi. Fox News ma’lumotlariga ko‘ra, amerikaliklarning 58 foizi boj siyosatiga qarshi chiqdi.

 

Tramp bunday iqtisodiy muammolar uchun Jo Bayden ma’muriyatini aybladi va jamoatchilikni sabrli bo‘lishga chaqirdi. Tahlilchilar esa tariflarning byudjet tanqisligini kamaytirishdagi samaradorligini shubha ostiga qo‘yishmoqda. Chunki 10 yillik tarif daromadlari (1,9 trln $) Tramp rejalashtirayotgan korporativ soliqni 21% dan 15% ga tushirish bilan yuzaga keladigan 4 trillion dollarlik yo‘qotishni qoplamaydi.

 

Tashqi siyosat. Trampning tashqi siyosati Ukrainadagi va Yaqin Sharqdagi mojarolarni hal qilishga qaratildi. Uning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi — Rossiya bilan bevosita muzokaralarni boshlashga da’vat — ichki va xalqaro tanqidlarga sabab bo‘ldi. Yevropalik ittifoqchilar Trampni “taslim bo‘lish evaziga tinchlik” variantini ilgari surayotganlikda aybladi. Tramp esa Kiyevdan ilgari ko‘rsatilgan harbiy yordam uchun minnatdorchilik, audit va Ukrainadagi resurslarga kirish bo‘yicha og‘ir shartlar bilan kelishuv talab qildi.

 

Respublikachilar tashqi siyosatdagi mafkuraviy birligini yo‘qotmoqda — partiya yetakchilari, jumladan senator Lindsey Graham va Davlat kotibi Marco Rubio ham o‘zlarining avvalgi keskin pozitsiyalarini yumshatgan.

 

Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar keskinlashdi. Vitse-prezident J.D. Vance Myunxen konferensiyasida NATO birdamligini qayta ko‘rib chiqish, Yevropaning harbiy xarajatlarini oshirish va o‘ng kuchlarga nisbatan “adolatli munosabat” bo‘lishini talab qildi.

 

Tramp ma’muriyati xalqaro diplomatik dasturlarni qisqartirdi va MAGA (Make America Great Again) qadriyatlarini global darajada ilgari surishga urinmoqda. Hatto Grenlandiyani Daniyadan sotib olish, Kanadani AQShga qo‘shib olish, Panama kanalini qaytarib olish, Isroilga yordamni kuchaytirish, Eron bilan muzokaralar, Husiylarga qarshi harbiy kampaniya va AQSh dengiz kuchlarini 50 yillik tanaffusdan so‘ng Liviyaga qaytarish kabi ekspansionistik tashabbuslar ham ilgari surildi.

 

Biroq bu tashqi siyosiy rejalarning amalga oshirilishida konstitutsiyaviy cheklovlar mavjud. AQSh Senatining ratifikatsiyasini talab qiluvchi xalqaro shartnomalar va sanksiyalarni bir tomonlama bekor qilish huquqini cheklovchi qonunlar mavjud.

 

Ma’lumot uchun: “Amerikaga dushman bo‘lgan davlatlarga qarshi sanksiyalar orqali kurash to‘g‘risida”gi qonun (CAATSA) 2017-yilda qabul qilingan bo‘lib, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni prezident tomonidan mustaqil ravishda bekor qilish imkonini cheklaydi — buning uchun Kongress tasdig‘i talab qilinadi.

 

Xulosalar:

 

I. Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatining dastlabki 100 kuni — radikal siyosiy islohotlar, keskin qarorlar va mavjud institutsiyalarga qarshi borish bilan ajralib turdi. Bu “shok terapiyasi” AQShning muvozanat va qarshi kuchlar tizimida jiddiy bosimlar keltirib chiqardi.

 

Jamoatchilik fikri asosan salbiy bo‘ldi: so‘rovlar Trampning reytingi 39–44% gacha tushganini ko‘rsatdi (ilgarigi 53% dan). Iqtisodiyot, tashqi siyosat va boshqaruvdagi ko‘plab chora-tadbirlar aholining noroziligiga sabab bo‘ldi.

 

II. Iqtisodiy siyosatdagi noaniqlik, tarif urushi va inflyatsion xavflar global bozorlarni beqarorlashtirdi. Tramp o‘zining iqtisodiy muvaffaqiyat ramzi sifatidagi obro‘sini yo‘qotish xavfi ostida. Shu bilan birga, AQShda konstitutsion muvozanat izdan chiqmoqda — respublikachi senatorlar mustaqil qonun loyihalarini ishlab chiqmoqda, demokratlar esa impichment jarayonini boshlashga urinmoqda.

 

III. Tashqi siyosatda esa AQShning an’anaviy ittifoqlari yemirilmoqda: Kanada Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni ko‘rib chiqmoqda, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya savdo sohasida yaqinlashmoqda, Meksika esa Lotin Amerikasi bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.

 

Umuman olganda, Tramp yuqori faollik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, uning strategiyasining aniq bosqichlarga bo‘lingan rejasining yo‘qligi uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishish istiqbollarini shubha ostiga qo‘ymoqda.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.