Yaqin Sharqdagi vaziyatning Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga ta’siri

Sharh

16 Aprel 2026

Ulashish

Yaqin Sharqdagi vaziyatning Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga ta’siri

Muallif: Zulxayo Nishanova, JIDU Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi shogird-o‘qituvchisi

Yaqin Sharq mintaqasida harbiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi, jumladan Eron atrofidagimojaro va Ormuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovining vaqtincha cheklanishi global energiyaresurslari hamda oziq-ovqat bozorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ormuz bo‘g‘ozi jahon energetika logistikasining muhim yo‘nalishi bo‘lib, u orqali jahon neft ta’minotining qariyb 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning 30 foizdan ortig‘i o‘tadi. 2026 yil fevral oxiri — mart oylarida tranzit cheklanishi sharoitida jahon neft bozorida keskin narx sakrashi kuzatildi: Brent markali neft narxi qisqa muddatda 60–64 foizga oshib, bir barreli uchun 110 AQSh dollaridan yuqori darajaga yetdi. Narxlarning o‘sishi yuqori volatillik hamda energiya resurslari qiymatida “harbiy premium” shakllanishi bilan birga kechdi.

2026 yil 8 aprel holatiga ko‘ra vaziyat qisman barqarorlashgani kuzatilmoqda. AQSh va Eron Pokiston vositachiligida Ormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz kema qatnovini ta’minlash sharti bilan ikki haftalik sulhga erishdi, ushbu kelishuvga Isroil ham qo‘shildi. O‘zbekiston Respublikasi mazkur qarorni rasmiy ravishda qo‘llab-quvvatlab, uni keskinlikni kamaytirish va siyosiy-diplomatik yechimga o‘tish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi. Jahon bozorlarining ushbu kelishuvga reaksiyasi tezkor bo‘ldi: Brent neftining narxi bir barreli uchun taxminan 94 AQSh dollarigacha pasaydi, Yevropada tabiiy gaz narxi esa 18,5 foizga qisqarib, ming kub metr uchun 518 dollarni tashkil etdi. Bu geosiyosiy premiumning kamayganini va narxlarning tashqi siyosiy omillarga yuqori sezgirligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, qimmatbaho metallar narxining o‘sishi investorlar tomonidan noaniqlik darajasi yuqori darajada saqlanayotganini anglatadi.

Keskinlashuv davrida energiya resurslari narxining oshishi jahon iqtisodiyotiga multiplikativ ta’sir ko‘rsatdi, avvalo transport, logistika va ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi orqali, bu holat global oziq-ovqat narxlari dinamikasida aks etdi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil mart oyida jahon oziq-ovqat narxlari indeksi o‘tgan oyga nisbatan 2,4 foizga oshdi. Eng katta o‘sish quyidagi tovar guruhlarida qayd etildi: o‘simlik yog‘lari 5,1 foizga, shakar 7,2 foizga, bug‘doy 4,3 foizga qimmatlashdi. Qo‘shimcha bosim o‘g‘itlar bozorida ham kuzatilmoqda: karbamid narxi bir tonna uchun 700 AQSh dollaridan oshib, yil boshidan buyon qariyb 70 foizga ko‘tarildi. Mineral o‘g‘itlar global narx indeksi bir oyda 38 punktga oshib, 183 darajaga yetdi (2010 yil = 100). O‘g‘itlarning muhim qismi Fors ko‘rfazi mintaqasi orqali yetkazib berilishini inobatga olsak, logistika cheklovlari qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tannarxining oshishiga va oziq-ovqat narxlarining kechiktirilgan o‘sish xavfiga olib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti ham ma’lum darajada ushbu tashqi shoklar ta’siriga uchramoqda. Rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil mart oyida yillik inflyatsiya 7,1 foizni tashkil etdi, bunda asosiy hissa oziq-ovqat sektoriga to‘g‘ri keladi (iste’mol narxlari indeksi o‘sishining 76,2 foizi). Oziq-ovqat mahsulotlari narxining oylik o‘sishi 1,2 foizni tashkil etib, nooziq-ovqat tovarlari (0,3 foiz) va xizmatlar (0,2 foiz) dinamikasidan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi. Xususan, go‘sht (yillik hisobda 15 foizgacha), tuxum (17 foiz), shuningdek shakar va baliq narxlarida o‘sish kuzatilmoqda. Oziq-ovqat inflyatsiyasi darajasi yillik hisobda taxminan 5,6 foizni tashkil etib, tashqi omillar bosimi saqlanib qolayotganini aks ettiradi.

Tashqi shoklar yoqilg‘i kanali orqali ichki iqtisodiyotga uzatiladi. Neft va neft mahsulotlari narxining oshishi transport va ishlab chiqarish xarajatlarining ortishiga olib kelib, tovarlar va xizmatlar narxining zanjirsimon qimmatlashuvini yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, o‘g‘itlar narxining o‘sishi keyingi ishlab chiqarish sikllarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tannarxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, joriy vaziyat qarama-qarshi tendensiyalar bilan tavsiflanadi. Bir tomondan, erishilgan sulh va muzokaralar jarayonining boshlanishi energiya resurslari narxlarining qisqa muddatli barqarorlashuvi va inflyatsion bosimning pasayishi uchun sharoit yaratmoqda. Agar sulh saqlanib qolsa va barqaror siyosiy-diplomatik muloqotga o‘tilsa, neft va gaz narxlarining yanada pasayishi hamda logistika zanjirlarining asta-sekin normallashuvi mumkin. Ushbu ssenariyda 2026 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida inflyatsiya darajasi 7–7,5 foiz atrofida shakllanishi kutiladi.

Boshqa tomondan, sulhning vaqtinchalik xususiyati (ikki haftalik muddat) qayta keskinlashuv xavfini yuqori darajada saqlab qoladi. Agar kelishuv buzilsa va mojaro qayta boshlansa, neft narxining yana 110–130 AQSh dollari oralig‘igacha ko‘tarilishi, o‘g‘itlar narxining yanada oshishi va inflyatsion bosimning kuchayishi ehtimoli mavjud bo‘lib, bu inflyatsiyaning 8 foiz va undan yuqori darajaga tezlashishiga olib kelishi mumkin.

Shunday qilib, Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi jahon bozorlariga va O‘zbekiston iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi, biroq hozirgi deeskalatsiya belgilari makroiqtisodiy barqarorlikni tiklash uchun imkoniyatlar oynasini yaratmoqda. Bunday sharoitda tashqi shoklarga nisbatan zaiflikni kamaytirishga qaratilgan muvozanatli iqtisodiy siyosat yuritish muhim ahamiyat kasb etadi.

Salbiy ta’sirlarni minimallashtirish va yuzaga kelayotgan imkoniyatlardan foydalanish maqsadida quyidagilar maqsadga muvofiq:

qisqa muddatda — yoqilg‘i va ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini monitoring qilishni kuchaytirish, zarur hollarda manzilli tartibga solish choralarini qo‘llashga tayyor turish, shuningdek davlat zaxiralari va tovar intervensiyalari mexanizmlaridan foydalanish;

o‘rta muddatda — energiya resurslari va mineral o‘g‘itlar ta’minoti manbalarini diversifikatsiya qilishni faollashtirish, muqobil logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish, jumladan yoqilg‘i va o‘g‘it xarajatlarini subsidiyalash;

strategik istiqbolda — muqobil energetikani rivojlantirishni jadallashtirish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, import resurslarga qaramlikni kamaytirish, shuningdek oziq-ovqat ishlab chiqarish va uni qayta ishlash hajmini oshirish.

Bundan tashqari, jahon narxlarining nisbatan barqarorlashuvidan foydalanib, energiya resurslari va oziq-ovqat bo‘yicha strategik zaxiralarni nisbatan qulay narxlarda shakllantirish tavsiya etiladi, bu esa kelgusidagi tashqi shoklarga nisbatan iqtisodiyot barqarorligini oshiradi.

Umuman olganda, mavjud xavf-xatarlarga qaramay, joriy vaziyat narxlar dinamikasini barqarorlashtirish va O‘zbekiston Respublikasining makroiqtisodiy barqarorligini mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda, bunda davlat siyosatining kompleks va proaktiv choralarini o‘z vaqtida amalga oshirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.