2026-yilda Qozog’istonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot mamlakat mustaqillikka erishganidan buyon siyosiy modernizatsiyaning eng muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ushbu islohot rasmiylar tomonidan davlat boshqaruvining superprezidentlik modelidan yanada muvozanatli “Adolatli Qozog‘iston” tizimiga o‘tish jarayonining mantiqiy yakuni sifatida talqin etilmoqda. U davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirish, davlat institutlarini mustahkamlash hamda ularning jamiyat bilan o‘zaro aloqalarini zamonaviy global chaqiriqlar sharoitida samaradorligini oshirishga qaratilgan.
2026-yil 15-mart kuni umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi Konstitutsiya 1995-yildagi avvalgi Asosiy qonun matnining (2022-yilgi o‘zgartirishlarni hisobga olgan holda) qariyb 84 foiziga ta’sir ko‘rsatadi. Hujjat 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.
Referendum bo‘yicha Markaziy komissiya tomonidan e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, loyiha 7 954 667 nafar saylovchi (87,15%) tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Saylovchilarning umumiy qatnashish darajasi 73,12% ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi.
Tayyorlash va qabul qilish jarayoni hamda asosiy institutsional o‘zgarishlar
Islohotni tayyorlash jarayoni 2025-yil kuzida Prezident Qasim-Jomart Toqayev tashabbusi bilan boshlandi. Davlat rahbari o‘zining xalqqa murojaatida “XXI asr realiyalariga mos keladigan yangi Asosiy qonun”ni ishlab chiqish zarurligini alohida ta’kidladi.
2026-yil 21-yanvarda 1157-sonli Prezident farmoni bilan qariyb 30 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Uning tarkibiga Prezident Administratsiyasi vakillari, parlament deputatlari, malakali yuristlar va ekspertlar kiritildi. Komissiyaga loyihani imkon qadar qisqa muddatlarda tayyorlash vazifasi yuklatildi.
2026-yil 11-fevraldayoq Prezident umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, 12-fevral kuni esa loyiha matni to‘liq holda “gov.kz” va “election.gov.kz” davlat portallarida e’lon qilindi. Shunday qilib, komissiya tuzilishidan loyiha e’lon qilinishigacha atigi 22 kun o‘tdi.
Jamoatchilik muhokamasi taxminan bir oy davom etdi va asosan onlayn platformalar hamda mahalliy ijro etuvchi organlar tomonidan tashkil etilgan hududiy uchrashuvlar orqali amalga oshirildi. O‘sha davrda faoliyat yuritgan ikki palatali Parlament loyiha matniga o‘zgartirish kiritmadi – hujjat to‘liq holda umumxalq ovoziga qo‘yildi.
Islohot ko‘lami postsovet davri uchun misli ko‘rilmagan darajada kengdir. Avvalgi Konstitutsiya 9 bob va 98 moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrir 11 bob va 96 moddani o‘z ichiga oladi. Matnning qariyb 84 foizi to‘liq qayta ishlangan yoki yangilangan. Asosiy institutsional o‘zgarishlarni quyidagicha guruhlash mumkin:
Birinchidan, qonun chiqaruvchi hokimiyat tuzilmasi tubdan o‘zgartirildi. Ikki palatali Parlament (Majlis va Senat) o‘rniga 145 nafar deputatdan iborat bir palatali Qurultoy tashkil etildi. Deputatlar faqat proporsional partiyaviy ro‘yxatlar asosida saylanadi. Senatning bekor qilinishi va qonun chiqaruvchi vakolatlarning bitta organda jamlanishi qarorlar qabul qilish tezligini oshirish va qonunchilik jarayonidagi ehtimoliy kechikishlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Ikkinchidan, Prezidentning asosiy davlat organlarini shakllantirishdagi vakolatlari kengaytirildi. 40–42-moddalarning yangi tahririga muvofiq, Prezident Bosh prokurorni, Konstitutsiyaviy va Oliy sud raislarini, Milliy bank rahbarini hamda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisini tayinlash huquqiga ega. Kurultoy ushbu tayinlovlar haqida keyinchalik xabardor qilinadi.
Uchinchidan, avvalgi tahrirlarda mavjud bo‘lmagan Vitse-prezident lavozimi qayta joriy etildi. U Prezident tomonidan Qurultoy roziligi bilan oddiy ko‘pchilik ovozi asosida tayinlanadi va davlat rahbarining topshiriqlarini bajaradi.
To‘rtinchidan, yangi organ – Halyk Kenesi (Xalq kengashi) tashkil etildi. U Prezident huzuridagi maslahat va qisman qonunchilik funksiyalarini bajaruvchi organ hisoblanadi. Uning a’zolarining bir qismi bevosita Prezident tomonidan tayinlanadi. Mazkur institut davlat va jamiyat o‘rtasida doimiy muloqotni ta’minlash uchun qo‘shimcha mexanizm sifatida xizmat qiladi.
Beshinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklariga oid bobda (2-bob) yangi normalar kiritildi. 29-modda fuqarolarning raqamli huquqlarini (jumladan, shaxsiy ma’lumotlarni raqamli muhitda himoya qilish huquqini) mustahkamlaydi, ekologik kafolatlar kuchaytirildi, 27-modda esa nikohni erkak va ayol o‘rtasidagi ixtiyoriy ittifoq sifatida aniqlaydi. Shuningdek, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi partiyalar va nodavlat tashkilotlar uchun xorijiy moliyalashtirishni taqiqlovchi norma joriy etildi (23-modda).
Islohotning e’lon qilingan maqsadlari va xalqaro ekspertlar bahosi
Qozog‘iston rasmiylari yangi Konstitutsiyani “yetuk davlat hujjati” sifatida taqdim etmoqda. Islohotning asosiy maqsadlari qatoriga hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida vakolatlarni “kuchli Prezident – nufuzli Parlament – hisobdor Hukumat” formulasi asosida qayta taqsimlash, tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, inson markaziy yondashuvni ilgari surish, an’anaviy qadriyatlarni, shuningdek fuqarolarning raqamli va ekologik huquqlarini himoya qilish kiradi.
Biroq, xalqaro ekspertlar ushbu islohotga nisbatan yanada ehtiyotkor va murakkab baho bermoqda. Amnesty International loyihani “inson huquqlari va huquq ustuvorligi sohasidaxavotirli ortga qaytish” deb baholab, Prezident qo‘lida vakolatlarning jamlanishi hamda xorijiymoliyalashtirish taqiqi orqali so‘z erkinligi, yig‘ilishlar va birlashmalar erkinligiga cheklovlarkiritilganini ta’kidlaydi. Human Rights Watch esa tiyib turish mexanizmlarining zaiflashuvi, islohotning shoshilinch tarzda tayyorlangani va undan muxolif fikrlarni bostirish vositasi sifatidafoydalanish ehtimolini qayd etadi.
Bir qator mintaqaviy ekspertlarning fikricha, bunday baholar ko‘p jihatdan umumiy xaraktergaega bo‘lib, Qozog‘istonning Markaziy Osiyo davlati sifatidagi o‘ziga xos siyosiy va ijtimoiykontekstini to‘liq hisobga olmaydi.
Qozog‘iston fuqarolari mazkur o‘zgarishlarni keng qo‘llab-quvvatladilar, bu esa islohotlarganisbatan yuqori darajadagi ijtimoiy rozilik mavjudligini ko‘rsatadi. “referendum2026.kz” platformasi orqali 10 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani hujjatning “xalqchil” xarakterinita’kidlaydi.
Xulosa
Qozog‘istondagi konstitutsiyaviy islohot siyosiy modernizatsiyaning muhim bosqichi bo‘lib, davlat boshqaruvi tizimining yanada ixcham va samarali shakllanishiga xizmat qildi. Institutlarni mustahkamlash, inson markaziy yondashuvni rivojlantirish va “Adolatli Qozog‘iston”ni barpo etish kabi maqsadlar referendumda keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Mazkur tajriba davlat institutlari samaradorligi bilan hokimiyat uzluksizligini nazorat qilish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashning amaliy namunasi sifatida ahamiyat kasb etadi. Islohot doirasida joriy etilgan ayrim mexanizmlar (Vitse-prezident instituti, bir palatali parlament, xorijiy moliyalashtirishni cheklash) boshqa boshqaruv modellariga moslashtirilishi mumkin bo‘lib, uzoq muddatli siyosiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi ehtimoldan xoli emas.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.