Muallif: Jasurbek Xamrakulov, JIDU talabasi, IXTI amaliyotchisi
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 2026-yil 17–18-iyun kunlari Osiyo bo‘ylab safari doirasida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Tashrif O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim bosqich bo‘lib, mamlakatda amalga oshirilayotgan pragmatik iqtisodiy islohotlar hamda Germaniyaning ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish, mehnat hamkorligini kengaytirish va “yashil” transformatsiya loyihalarini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi fonida amalga oshirildi.
Germaniya 1992-yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon O‘zbekistonning eng ishonchli Yevropa hamkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 1,2–1,4 milliard yevroga yetdi. Bunda Germaniyadan mashina va uskunalar, transport vositalari hamda farmatsevtika mahsulotlari eksporti asosiy o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda nemis kapitali ishtirokidagi 225 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani iqtisodiy hamkorlikning tobora chuqurlashib borayotganini ma’lum qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashriflari va Federal kansler Olaf Sholsning 2024-yilda O‘zbekistonga qilgan tashrifi kabi oliy darajadagi muloqotlar bugungi hamkorlik bosqichi uchun mustahkam zamin yaratdi.
Tashrif O‘zbekistonning xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan eng yirik maydonlaridan biri bo‘lgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF) doirasida bo‘lib o‘tdi. Shu nuqtai nazardan, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Frank-Valter Shtaynmayer o‘rtasidagi muzokaralarda savdo, investitsiyalar, ta’lim, mehnat migratsiyasi hamda barqaror rivojlanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Tashrifning eng muhim amaliy natijalaridan biri qator qo‘shma iqtisodiy loyihalarning ishga tushirilishi bo‘ldi. Xususan, Toshkentda “Volkswagen” avtomobillarini yirik uzelli yig‘ish korxonasini tashkil etish, Andijon viloyatida logistika markazini barpo etish hamda maishiy yuvish vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu tashabbuslar siyosiy muloqotdan amaliy sanoat hamkorligi va texnologiyalar transferiga o‘tilayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, inson kapitalini rivojlantirish va kasbiy ta’lim masalalari ham kun tartibidan muhim o‘rin oldi. Tomonlar temiryo‘l sohasi mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar. Bu yo‘nalish O‘zbekiston transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish sharoitida tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, zamonaviy imtihon va sertifikatlashtirish markazlarini tashkil etish rejalari e’lon qilindi. Mazkur tashabbuslar mutaxassislar malakasini oshirish, ularning ichki va tashqi mehnat bozorlarida raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekiston–Germaniya munosabatlarida ta’lim, malaka oshirish va mehnat mobilligining ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy kelishuvlarga ham erishildi. Germaniya institutlari barqaror shahar rivoji, ekologik boshqaruv va infratuzilmani modernizatsiya qilish loyihalari uchun grantlar hamda imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning “Strategiya–2030” maqsadlari hamda Germaniyaning hamkor davlatlarda ekologik barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash siyosati bilan uyg‘unlashadi.
Iqtisodiy hamkorlik bilan bir qatorda, tashrif madaniy-gumanitar aloqalarning ahamiyatini ham namoyon etdi. Tashrif dasturi doirasida Prezident Shtaynmayer Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Germaniya ishtirokidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning ko‘p qirrali xususiyat kasb etayotganini ko‘rsatdi.
Tashrifning asosiy ahamiyati uning amaliy natijalarga yo‘naltirilganidadir. Avtomobilsozlik, logistika, kasbiy ta’lim va barqaror rivojlanish sohalarida erishilgan kelishuvlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning aniq mexanizmlarini yaratmoqda. Shu bilan birga, mehnat mobilligi va kadrlar tayyorlashga oid tashabbuslar Germaniyaning malakali ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilsa, O‘zbekiston uchun inson kapitalini rivojlantirish va yangi mehnat imkoniyatlarini yaratishga yordam beradi.
Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrifi Germaniyaning Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini, shuningdek, O‘zbekistonning Yevropa uchun muhim hamkor sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Erishilgan kelishuvlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi, strategik bosqichga olib chiqishi mumkin. Eng muhimi, ushbu tashrif O‘zbekistonning Germaniyaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biriga aylanib borayotganini tasdiqlaydi hamda Yevropaning mintaqadagi ishtirokini kengaytirish uchun qulay sharoit yaratadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.