2025 yil iyun oyida Ozarbayjon Energetika vazirligi va Xitoyning davlat korporatsiyasi bo‘lgan China Energy Engineering Corporation Limited (CEEC) o‘rtasida imzolangan kelishuv mintaqaning energetik diplomatiyasida muhim voqea bo‘ldi. Xitoyning Ningbo shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlab, Kavkazdan tortib Markaziy Osiyogacha bo‘lgan keng Yevroosiyo kontekstida yashil energetika sohasidagi yangi siyosiy ustuvorliklarni belgiladi.
Mazkur kelishuv bir nechta muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi: elektr energetikasi rejalashtiruvi va tarmoq tadqiqotlari, quyosh, gidro va offshor shamol energetikasi bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi, hamda yashil energetika bo‘yicha Qo‘shma ilmiy markaz tashkil etilishi. Hujjatning markaziy komponentlaridan biri - qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (QTEM) olingan elektrni uzatishga xizmat qiluvchi transchegaraviy infratuzilma, ya’ni “yashil interkonektorlar”ni rivojlantirish tashabbusi bo‘ldi.
Kelishuvda, shuningdek, Ozarbayjonda 2030 yil va undan keyingi davrda QTEM tarmog‘ini rivojlantirish rejalari ko‘zda tutilgan. Bu janubiy hududlarda quyosh elektr stansiyalarini kengaytirish, Kaspiy dengizida dengiz shamol stansiyalarini qurish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha texnik maslahat xizmatlarini qamrab oladi. Ayniqsa, CEEC tarkibidagi Elektr energetikasi rejalashtirish instituti (EPPEI) Ozarbayjon QTEMlarini milliy tarmoqqa integratsiyalash, yuklama modellashtirish, tizim barqarorligi va quvvat balansi bo‘yicha maslahatlar beradi.
Kelishuvning ahamiyati nafaqat amaliy, balki ramziy jihatdan ham muhim. An’anaviy ravishda neft va gaz eksportiga tayangan Ozarbayjon energetika sohasini diversifikatsiya qilish va modernizatsiyalash orqali barqaror rivojlanishga intilayotganini namoyon etmoqda. Xitoy esa CEEC va boshqa davlat korxonalari orqali QTEM sohasida global yetakchi va infratuzilma yechimlari eksportchisi sifatidagi mavqeini kuchaytirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjon va Xitoy o‘rtasidagi mazkur kelishuvning Markaziy Osiyoga qanday ta’siri bo‘lishi mumkinligini tahlil qilish ayniqsa dolzarb. Avvalo, bu kelishuv mintaqa davlatlari uchun texnologik, infratuzilma va siyosiy imkoniyatlar ochadi. Ularning energetika tizimi ko‘p hollarda an’anaviy yoqilg‘ilarga tayanadi, biroq strategik hujjatlar va xalqaro majburiyatlar QTEMga tezkor o‘tishni talab qilmoqda.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston allaqachon QTEMning energiya balansidagi ulushini oshirish bo‘yicha aniq va ambitsiyali maqsadlar qo‘ygan. Shu bois, Ozarbayjonnning Хitoy kapitali va texnologiyalarini jalb etish tajribasi Markaziy Osiyodagi shunga o‘xshash bitimlar uchun model bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa, kelishuvda ilmiy markaz tashkil etilishi va Xitoy texnik institutlarining milliy elektr tarmoqlari loyihalashga jalb qilinishi muhim jihatdir. Bu Pekinning faqat investitsion emas, balki ta’limiy va tahliliy salohiyatga ega ekanini ko‘rsatadi - bu esa sobiq ittifoq davlatlarida ham qo‘llanilishi mumkin.
Markaziy Osiyoga bo‘lgan ta’sirning yana bir muhim jihati bu - geografik yaqinlikdir. Ozarbayjon Xitoy bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalar Kaspiy mintaqasida joylashgan bo‘lib, ular Turkmaniston va Qozog‘iston bilan chegaradosh. Kelayotgan yillarda ushbu “yashil koridorlar” transchegaraviy infratuzilma orqali Kaspiy va Markaziy Osiyo elektr energiyasi bozorlarini bog‘lash imkoniyatini yaratadi. Energetik geosiyosiy nuqtai nazardan bunday yondashuv mavjud mintaqaviy tashabbuslarga, masalan, Markaziy Osiyo Elektr Uzatish Halqasiga (CAPS) raqobatchilik muhitini keltirib chiqaradi va Xitoyga yashil transformatsiya jarayonlarida tizimli ishtirokchi sifatida mustahkamlanish imkonini beradi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, bu kelishuv global energetik siljish - ya’ni, qazilma yoqilg‘ilardan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish fonida amalga oshmoqda. Quyosh nurlanishi yuqori, shamol zonalari va kichik GES salohiyatiga ega davlatlar yetakchi energetik kuchlar e’tiborida. Ozarbayjon postsovet hududida Xitoyga bunday kompleks hamkorlik modelini taklif etgan ilk davlatlardan biri bo‘ldi. Markaziy Osiyo ham bu yo‘nalishda harakat qilish imkoniga ega, ayniqsa agar u siyosiy barqarorlikni, xalqaro investorlarga ochiqlikni va institutsional salohiyatni ta’minlay olsa.
Xulosa qilib aytganda, Ozarbayjon va Xitoy o‘rtasidagi QTEM bo‘yicha energetik kelishuv- bu nafaqat Ozarbayjon uchun barqaror rivojlanish sari tashlangan muhim qadam, balki Markaziy Osiyodagi energetik siyosatning texnologik hamkorlik, tarmoq modernizatsiyasi va ilmiy hamkorlik orqali transformatsiyasi uchun katalizator bo‘lish salohiyatiga ega.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.