Xavfsizlik va taraqqiyot siyosati institutida (ISDP) chop etilgan Muhammad Xo‘janazarovning tahliliy ma’ruzasida O‘zbekistonning ilk bor o‘z aksiyalarini xalqaro fond bozoriga olib chiqishining institutsional va geosiyosiy ahamiyati kengroq tahlil qilinadi. Muallif O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (O‘zMIF) 2026-yil may oyida London fond birjasida o‘tkaziladigan debyutiga e’tibor qaratar ekan, bu bitimni shunchaki kapital jalb etishdagi muvaffaqiyatli amaliyot sifatida emas, balki O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarini jahon kapital bozorlarining qoidalari, ma’lumotlarni oshkor etish talablari va hisobdorlik mexanizmlari bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida tushunish lozimligini ta’kidlaydi.
Ma’ruzada yirik davlat korxonalaridagi ozchilik ulushlarining listingga chiqarilishi korporativ shaffoflikni kuchaytirishi, islohotlarni izchil davom ettirish uchun yangi rag‘batlar yaratishi va kelajakda siyosatning ortga qaytishini qiyinlashtirishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, unda O‘zbekistonning jahon moliya bozorlariga integratsiyalashuvi kuchayishining kengroq xalqaro oqibatlari, jumladan, Yevropalik investorlar va institutlar bilan hamkorlikning chuqurlashishi, rasmiy Toshkentning ko‘p vektorli tashqi siyosati doirasidagi diversifikatsiya hamda ichki iqtisodiy boshqaruvning xalqaro bozor standartlariga bosqichma-bosqich moslashuvi baholangan.
Shu bilan birga, muallif xalqaro listingning o‘zigina O‘zbekiston iqtisodiyoti oldida turgan tizimli muammolarni hal qila olmasligidan ogohlantiradi. Iqtisodiyotda davlat ulushining hamon yuqoriligi, boshqaruvdagi zaifliklar va tashqi omillarga tobelik O‘zMIF modelining samaradorligi pirovardida tartibga solish, boshqaruv va institutsional sohalardagi islohotlarning izchilligiga bog‘liq bo‘lishini anglatadi. Shunga qaramay, ma’ruzada listing iqtisodiy ochiqlikni yanada shaffof, institutsional va ortga qaytarib bo‘lmaydigan holga keltirish orqali O‘zbekistonning islohotlar yo‘nalishini mustahkamlash uchun salohiyatli muhim mexanizm ekani xulosa qilinadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.