Pokiston omili va Xitoydagi noodatiy o‘zgarishlar

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

10 Fevral 2026

Ulashish

Pokiston omili va Xitoydagi noodatiy o‘zgarishlar

Hamza Boltayev “Kun.uz” axborot agentligining “Geosiyosat” ko‘rsatuvida bugungi xalqaro siyosatda Pokistonning o‘rni tobora muhimlashib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Pokiston musulmon dunyosida yadroviy salohiyatga ega bo‘lgan, harbiy-siyosiy ta’siri kuchli va strategik geografik joylashuvi bilan ajralib turadigan kam sonli davlatlardan biridir. Shu bois u nafaqat Janubiy Osiyo, balki kengroq geosiyosiy jarayonlarda ham muhim o‘yinchi sifatida ko‘riladi.

Ekspert Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islomobodga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari yangi siyosiy va iqtisodiy bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi. Ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlikni aniq kelishuvlar bilan mustahkamlab, savdo, transport-logistika va mintaqaviy integratsiya yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar ochayotganini ko‘rsatdi. Ekspertning ta’kidlashicha, Pokiston bilan aloqalarning faollashuvi O‘zbekiston uchun ham Janubiy Osiyoga chiqish va muqobil iqtisodiy yo‘laklarni rivojlantirish nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, dasturda Xitoydagi noodatiy jarayonlar, xususan harbiy rahbariyatdagi generallar almashuvi ham muhokama qilindi. Hamza Boltayev bunday o‘zgarishlar yopiq siyosiy tizimga ega davlatda turlicha talqin qilinayotganini, bu esa Pekinning ichki siyosiy muvozanati va tashqi strategik yo‘nalishlari borasida savollarni kuchaytirayotganini ta’kidladi. U bunday jarayonlar mintaqaviy xavfsizlik va kuchlar nisbatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.