Xalqaro munosabatlar va geosiyosiy tahdidlarni chuqur tahlil qilishga bag‘ishlangan intervyuda IXTI Afg‘oniston va Janubiy Osiyoni o‘rganish markazi rahbari Hamza Boltayev mintaqadagi keskinlik manbalariga oid muhim fikrlarini bildirdi. Intervyu davomida, shuningdek, Kashmir masalasining dolzarbligi, Afg‘onistonning bu jarayonga bevosita va bilvosita aloqalari va Eron atrofidagi keskinlik fonida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar tahlil qilindi.
Hamza Boltayevning ta’kidlashicha, Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi tarixiy ziddiyatlar, ayniqsa Kashmir mojarosi, bugungi kunda ham Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik muvozanatini izdan chiqarmoqda. Tomonlarning har ikkisi yadro qurollariga ega ekani mojaroni bevosita harbiy to‘qnashuvga aylantirish xavfini oshirmoqda.
Xitoyning mintaqadagi roliga alohida e’tibor qaratildidi. Xitoy uzoq yillardan buyon Pokiston bilan “temir birodarlik” deb ataluvchi yaqin strategik sheriklikni saqlab kelmoqda. Bu aloqalar harbiy-texnik hamkorlik va diplomatik qo‘llab-quvvatlash shaklida namoyon bo‘ladi. Xitoy Hindiston bilan esa asosan chegaraviy nizolar, savdo mojarolari va regional liderlik uchun raqobat kontekstida murakkab aloqalarga ega. Shu sababli, Xitoy Kashmir masalasida Pokistonga yaqin turadi va Hindistonning bu hududdagi harakatlarini tanqid qilgan hollari bor. Bu esa, mintaqadagi geosiyosiy kuchlar muvozanatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Eronni o‘rab turgan geosiyosiy tanglik ham intervyuda alohida urg‘u bilan yoritildi. G‘arb bilan munosabatlarning yomonlashuvi, Yaqin Sharqdagi harbiy to‘qnashuvlar, hamda Tehronning harbiy imkoniyatlari mintaqadagi boshqa mojarolarni ham kuchaytirishi mumkin. Mutaxassisga ko‘ra, Eron atrofidagi beqarorlik Pokiston va Hindiston uchun ham geosiyosiy muvozanatni hisobdan chiqarmaslik zaruratini keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, Pokistonning Eronga qo‘shni bo‘lishi, uni bu mojarolarda bilvosita ishtirokchi sifatida ko‘rsatadi.
Hamza Boltayev intervyuda yirik davlatlarning bu mojaro va mintaqaviy ziddiyatlarga bo‘lgan yondashuvi turli manfaatlar, strategiyalar va tarixiy aloqalarga asoslanganini ta’kidladi. Bu esa, Kashmir atrofidagi har qanday keskinlik mintaqaviy emas, balki global geosiyosiy raqobat maydoniga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.