Yaqinda Ispaniya va Portugaliyada yuz bergan hodisa, ya’ni 50 milliondan ortiq kishining elektr ta’minotidan ommaviy uzilishi keng jamoatchilik e’tiborini tortdi va zamonaviy infratuzilmaning yuqori darajadagi zaifligini namoyon etdi. Energiya tizimidan taxminan 15 gigavatt quvvat – umumiy iste’molning qariyb 60 foizi uzib qo‘yildi, bu esa transport to‘xtab qolishi, shifoxonalar ishining izdan chiqishi, savdo shoxobchalari yopilishi va aloqa uzilishiga olib keldi. Zaxira generatorlari mavjudligiga qaramay, bir necha soatdan so‘ng mobil tarmoqlar ishdan chiqa boshladi: qo‘ng‘iroqlar bilan haddan tashqari yuklanish va retranslyatorlardagi akkumulyatorlar quvvatining tugashi ularning o‘chib qolishiga sabab bo‘ldi. Internet va mobil aloqa yo‘qligi sharoitida radio shoshilinch xabar berishning asosiy vositasiga aylandi. Avtomobil va ko‘chma radiopriyomniklar orqali hukumat aholiga tezkor ko‘rsatmalar va yangilanishlarni yetkazdi.
Yevropadagi bu hodisa avtonom, uzilishlarga chidamli axborot manbalarining mavjudligi nihoyatda zarur ekanligini ko‘rsatdi. Xuddi shunday vaziyat O‘zbekiston sharoitida ham kuzatilishi mumkin. Garchi mamlakat yuqori seysmik hududlar qatoriga kirmasa-da, uzoq muddatli istiqbolda sezilarli zilzilalar ehtimoli yo‘q emas. Hozirgi kunda 60 ga yaqin seysmologik stansiya faoliyat yuritmoqda, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmoprognostik monitoring respublika markazi muntazam ravishda tegishli tuzilmalar uchun baholash va bashoratlarni tayyorlamoqda.
Biroq, samarali favqulodda aloqa tizimlarining mavjudligi milliy barqarorlikning muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, aholiga favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishning borishi to‘g‘risida axborot yetkazish imkonini beradigan, ommaviy maishiy radioeshittirishlarga mo‘ljallangan yagona radiokanalni ishlab chiqish zarur.
Radio, bu holatda, aniq afzalliklarga ega: u energiyaga bog‘liq emas – batareyalar, quyosh panellari yoki qo‘l generatorlarida ishlashi mumkin; qishloq va borish qiyin bo‘lgan hududlarni qamrab olgan keng qamrov zonasiga ega; shu bilan birga, foydalanish oson va aholining barcha qatlamlari uchun qulay bo‘lib qolmoqda.
Shunday qilib, Yevropa voqeasi raqamli qaramlikning tuzilmaviy zaifliklarini ochib berdi va barqaror aloqa kanallariga sarmoya kiritish zarurligini ta’kidladi. O‘zbekistonda yuz berishi mumkin bo‘lgan tabiiy yoki texnogen ofatlar sharoitida radio jamoat xavfsizligi tizimining asosiy bo‘g‘iniga aylanishi mumkin. Shu munosabat bilan favqulodda vaziyatlarga milliy tayyorgarlikning strategik resursi sifatida avtonom radiotarmoqlarni rivojlantirish va joriy etishga e’tiborni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.