May oyi boshida AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uy Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts va uning o‘rinbosari Aleks Vong ishdan olinganini e’lon qildi.
Ma’lumot uchun: Maykl Uolts — 51 yoshda, AQSh maxsus kuchlari tarkibida Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrikada xizmat qilgan sobiq harbiy. U shaxsiy jasorati uchun bir qancha davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Ilgari Oq uy va Pentagon tizimlarida faoliyat yuritgan, 2018 yilda AQSh Kongressining quyi palatasiga saylangan. Aleks Vong esa Trampning birinchi ma’muriyati davrida Koreya masalalari bo‘yicha maxsus vakil o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Ularning ishdan olinishi ortida Uolts tomonidan Milliy xavfsizlik kengashida maxfiy operatsiyalar muhokamasida ochiq aloqa kanallaridan foydalanilgani fosh bo‘lgani turibdi. Shuningdek, Uoltsning Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi, Binyamin Netanyaxu bilan doimiy muloqoti hamda Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga urinishlari Prezident Trampning “urushlarni tugatish, yangilarini boshlamaslik” haqidagi saylovoldi va’dalariga zid bo‘lgan. Uoltsning ishdan olinishi yumshatish maqsadida uning nomzodi BMTdagi AQSh elchisi lavozimiga ilgari surildi.
Milliy xavfsizlik maslahatchisi vazifasini vaqtincha Davlat kotibi Marko Rubio bajarib turibdi. U Trampning ishonchini chuqur hurmat, shartsiz sadoqat va har dam olish kunlari Prezident bilan norasmiy suhbatlar uchun uchrashuvlari orqali qozongan.
Uolts o‘rniga asosiy nomzodlardan biri sifatida Trampning uzoq yillik do‘sti va golfdagi sherigi Stiven Uitkoff tilga olinmoqda. Tashqi siyosat bo‘yicha mutaxassisligi va tajribasi bo‘lmasa-da, Trampning shaxsiy ishonchini qozongan Uitkoff hozirda Isroil, HAMAS, Ukraina, Rossiya va Eron bilan muzokaralarni bir vaqtning o‘zida olib borayotgan shaxs sifatida Davlat departamentining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga asosiy da’vogar sifatida Oq uy ma’muriyat rahbarining o‘rinbosari Stiven Miller tilga olinmoqda. Miller – Trampning keskin migratsion siyosatining muallifi bo‘lib, Prezidentning eng ishonchli va uzoq yillik yordamchilaridan biri hisoblanadi. Hozirda u sud tinglovlarisiz noqonuniy muhojirlarni darhol deportatsiya qilish tashabbusini faol ilgari surmoqda. Ichki xavfsizlik kengashi aynan uning rahbarligida “soatdek ishlayotgani” va “ancha kichik jamoaga ega bo‘lishiga qaramay, Milliy xavfsizlik kengashidan ko‘ra samaraliroq ekani” haqida ichki manbalar ta’kidlashmoqda. Tramp o‘zining eng yaqin ishonchli kishilar doirasiga tayangan holda, ular zimmasiga bir nechta funksiyalarni yuklashga moyil bo‘lgani sababli, Miller bir vaqtning o‘zida bir necha lavozimni egallashi ehtimoldan holi emas.
Milliy xavfsizlik sohasidagi o‘zgarishlar Oq uy uchun nozik bir pallada ro‘y bermoqda. Vashingtondagi insayderlar ta’kidlashicha, Uoltsning ketishi Tramp ma’muriyati ichida inavguratsiyadan buyon davom etib kelayotgan ziddiyatlar natijasidir. Bu ichki kurashda shartli “neokonservatorlar” deya atalayotgan “jasur”lar guruhi, jumladan, Uolts, va vitse-prezident Jey Di Vens atrofida to‘plangan “neoisolationistlar” qarama-qarshi turmoqda. Biroq bu atamalar Tramp jamoasidagi hokimiyat dinamikasining murakkab tabiatini to‘liq aks ettirmaydi.
Trampning ikkinchi prezidentlik muddati uning atrofidagi odamlarning ochiq sadoqati bilan ajralib turadi. Biroq bu birlik pardasi ortida qudrat uchun kurashayotgan uchta aniq guruh mavjud. Birinchi guruh — “Make America Great Again” (MAGA) harakatining qat’iy tarafdorlari bo‘lib, ular AQShni urushlarga va iqtisodiy og‘irliklarga olib keladigan murakkab xalqaro ittifoqlarga chuqur shubha bilan qaraydi. Bu guruhga vitse-prezident J.D. Vens, Prezidentning o‘g‘li Donald Tramp Jr. (ilgari bu rolni Ivanka va Jared Kushner bajargan) hamda Trampning yaqin do‘sti bo‘lgan ultrao‘ng jurnalist va teleboshlovchi Laura Lumer kiradi. Aynan uning tavsiyasi bilan yaqinda AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (elektron razvedka) rahbari T. Xou ishdan olingani ushbu guruh ta’sirining kuchini ko‘rsatadi.
Ikkinchi guruh – bu an’anaviy respublikachi internatsionalistlar, neokonservatorlar. Bu guruhda Uolts, Rubio hamda Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktori Jon Retklif muhim o‘rin egallaydi. Ular yuqori lavozimlarga ega bo‘lsalar-da, Trampga nisbatan cheklangan ta’sirga egadirlar.
Uchinchi, balki eng muhim guruhni “oligarklar” deb atash mumkin. Bular — Trampning yaqin do‘stlari bo‘lgan milliarderlardir. Bu ro‘yxat boshida Uitkoff turadi. Undan keyin moliya va savdo vazirlari sifatida Stiv Bessent va Govard Lutnik, shuningdek, “Davlat samaradorligi departamenti” rahbari sifatida Elon Musk tilga olinadi.
Prezident Tramp atrofidagi bu uchlik doira hozirgacha mustahkam saqlanib kelgan bo‘lsa-da, guruhlar orasidagi yashirin keskinlik yaqqol tus ola boshladi va bu ichki muvozanatni izdan chiqardi. Bu to‘qnashuvda ilk jiddiy qurbon aynan Maykl Uolts bo‘ldi. Uni yo‘q qilishga turtki bo‘lgan holat — Tramp tarafdori bo‘lgan “New York Post” gazetasida chop etilgan “S. Uitkoff Eronga va Rossiyaga muzokaralar olib borishi kerak emas — deydi ittifoqchilar va insayderlar” sarlavhali maqola bo‘ldi.
Ushbu maqolada Trampning sobiq yordamchisi Uitkoffni “yaxshi yigit, ammo no‘noq ahmoq” deb atagan. Shuningdek, Isroil tarafdori bo‘lgan “Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi” (FDD) vakillarining Uitkoffning Eron bilan muzokaralardagi roli yuzasidan tanqidlari ham keltirilgan. Mazkur maqolaga tezkor javob MAGA harakati vakili va Tramp Jr. bilan doimiy chiqishlar qiladigan Charli Kirk tomonidan berildi: “FDD Uitkoffga qarshi kampaniya yuritmoqda. Ular Prezident Trampning mavqeini yemirish va Eron bilan bitimni buzishga ochiq chaqirmoqda. Uitkoffga qarshi kuchlar — bu MAGA harakatining dushmanlari”, — dedi u.
Mazkur ichki ziddiyatlar Tramp ma’muriyati Eron va Rossiya bilan tinchlik bitimlarini tuzishga harakat qilayotgan, shu bilan birga Isroil, Ukraina va Yevropadagi ittifoqchilar xavfsizligini saqlab qolishga urinayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Uolts, shuningdek, uning o‘rnini vaqtincha egallagan Rubio an’anaviy respublikachilarning tashqi siyosatdagi ustunlariga aylangan. Biroq barcha ichki kurashlarga qaramay, Trampning o‘zi o‘z ma’muriyatidagi asosiy qaror qabul qiluvchi markaz sifatida qolmoqda.
Bu hafta Tramp Rossiyaga nisbatan pozitsiyasini keskinlashtirib, Ukraina bilan xavfsizlik bitimini imzoladi. U ilgari Prezident Vladimir Putinni jiddiy muzokaralarga undash uchun Rossiyaga nisbatan sanksiyalar kiritish bilan tahdid qilgan edi. U shuningdek, Rossiya bank sektoriga va “ikkilamchi sanksiyalar”ga ham ishora qildi.
Trampning bu bayonotini respublikachi senator Lindsi Grem qo‘llab-quvvatladi. U, ikki partiya qo‘lloviga ega bo‘lgan qonun loyihasiga 72 senator imzo qo‘yganini ma’lum qildi. Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, agar Putin urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlamasa, Rossiyaga nisbatan “halokatli” sanksiyalar joriy etiladi. Xususan, Rossiya neft, gaz va uranini xarid qilayotgan mamlakatlardan AQShga importga 500% tariflar kiritilishi ko‘zda tutilgan. Agar Tramp uni ma’qullasa, qonun Senatda ovozga qo‘yiladi.
Xulosa qilib aytganda, Milliy xavfsizlik sohasidagi kadrlar almashinuvi oddiy o‘zgarish emas, balki Tramp ma’muriyati ichidagi chuqur mafkuraviy tafovutlarni aks ettirmoqda. Tashqi siyosatda tajovuzkor yondashuv tarafdorlari va ehtiyotkorlik tarafdorlari o‘rtasidagi kurash Oq uyda qaror qabul qilish tizimining beqarorligidan дарак беради. Tashqi tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda bunday ichki parokandalik AQSh milliy xavfsizligi samaradorligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.