Xitoyning zamonaviy tashqi siyosati mamlakatning o‘zgarib borayotgan xalqaro tizimga moslashuvi hamdayangi global sharoitlarda barqaror pozitsiyani ta’minlashga intilishini aks ettiradi. Xitoylik ekspertlarningfikricha, dunyo AQSh bilan raqobat kuchayishi fonida yanada murakkab va ziddiyatli ko‘p qutbli tartibgao‘tish jarayonini boshdan kechirmoqda. Shu sharoitda XXR o‘zini global boshqaruv tizimini isloh qilish vaGlobal Janub davlatlarining rolini kuchaytirish tarafdori bo‘lgan barqarorlashtiruvchi kuch sifatida namoyonetadi.
Mazkur yo‘nalishni ilgari surishda asosiy vositalar sifatida Global rivojlanish tashabbusi, Global xavfsizliktashabbusi va Global sivilizatsiya tashabbusi maydonga chiqmoqda. Pekin boshqa davlatlarga siyosiymodellarni majburan tatbiq etmaslik prinsipini ta’kidlab, suverenitet va o‘zaro manfaat tamoyillariga urg‘uberadi. Shu bilan birga, ko‘p tomonlama hamkorlik formatlari va moliyaviy institutlar orqali XXRninginstitutsional ishtiroki kengayib borayotgani xalqaro hamkorlikning muqobil mexanizmlarini shakllantirishgaintilishdan dalolat beradi.
Mazkur kontekstda Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlar Xitoy tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Pekin amaldagi xalqaro sharoitni inobatga olgan holda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirmoqda. O‘zaro aloqalar mavjud xalqaro cheklovlar doirasida olib borilib, barqaror savdo-iqtisodiy munosabatlarni saqlab qolishga qaratilgan.
Asosiy hamkorlar bilan munosabatlarni rivojlantirish bilan bir qatorda, Tayvan masalasi ham XXR tashqi siyosat kun tartibida muhim o‘rin tutadi. Xitoy ushbu yo‘nalishda harbiy-siyosiy vositalarni diplomatik mexanizmlar bilan uyg‘unlashtirgan holda o‘z pozitsiyasini izchil mustahkamlab bormoqda. Xitoy ekspert va akademik doiralarida turli ssenariylarning iqtisodiy va strategik oqibatlarini hisobga olgan holda muvozanatli yondashuv zarurligi qayd etiladi. Shu bois Pekin bosqichma-bosqich strategiyani afzal ko‘rib, siyosiy-diplomatik tartibga solish imkoniyatlarini saqlab qolgan holda chora-tadbirlar kompleksini kengaytirmoqda.
Paralel ravishda XXR Yaqin Sharq, Afrika va umuman Global Janub mamlakatlarida faoliyatini kuchaytirmoqda. Iqtisodiy hamkorlik siyosiy va xavfsizlik sohasidagi aloqalar bilan to‘ldirilmoqda. Afrika davlatlari bilan bojxona imtiyozlarining kengaytirilishi, infratuzilmaviy loyihalar hamda Fors ko‘rfazi mintaqasidagi energetik kelishuvlar Xitoyning muqobil hamkorlik markazi sifatidagi rolini mustahkamlamoqda.
Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham iqtisodiy hamkorlik va siyosiy muloqotni kengaytirmoqda. Mintaqa “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusining quruqlik yo‘laklarini amalga oshirishda, shuningdek mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikda muhim yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda. Xitoy ishtirokining kengayishi savdo-investitsiya loyihalari va institutsional hamkorlik formatlarining rivojlanishi bilan kechmoqda, bu esa infratuzilma modernizatsiyasi, logistika va iqtisodiy rivojlanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, bunday tashabbuslarning uzoq muddatli barqarorligi ularning moliyaviy muvozanati, shaffofligi va milliy rivojlanish strategiyalariga mosligiga bog‘liq.
Umuman olganda, XXR tashqi siyosatining zamonaviy ustuvor yo‘nalishlari Pekinning o‘zini xalqaro maydonda faolroq pozitsiyalashga intilayotganini ko‘rsatadi. Iqtisodiy vositalar, institutsional tashabbuslar va moslashuvchan diplomatik yondashuv uyg‘unligi orqali Xitoy o‘z rolini o‘zgarib borayotgan global tizim sharoitida mustahkamlashga harakat qilmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.