2024-yilda Germaniyaning Roza Lyuksemburg jamg‘armasi ko‘magida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘tkazilgan “Afg‘oniston Tolibon hukmronligi ostida: qo‘shni davlatlar va buyuk davlatlar munosabati” mavzusidagi xalqaro anjuman materiallari to‘plamida Antropologiya va konfliktologiya laboratoriyasining yetakchi ilmiy xodimi Rustam Maxmudovning Tolibonning ijtimoiy-iqtisodiy siyosati va Afg‘onistonni modernizatsiyalash istiqbollariga bag‘ishlangan maqolasi o‘rin olgan. Muallif 2021-yilda Tolibon hokimiyatga kelganidan buyon mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni batafsil tahlil qilib, yalpi ichki mahsulotning keskin pasayishi, G‘arb moliyaviy yordamining to‘xtashi va moliya tizimining murakkabliklariga alohida e’tibor qaratadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, Tolibon korrupsiyaga qarshi kurashda, tashqi savdoni barqarorlashtirish va Qo‘shtepa kanali, mis va neft konlarini o‘zlashtirish kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda muayyan yutuqlarga erishgan. Biroq, muallifning fikricha, ayollarning iqtisodiy hayotdagi ishtirokini cheklash, boshqaruvning samarasizligi va insonparvarlik yordamiga qaram bo‘lish kabi asosiy muammolar Afg‘onistonning barqaror rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Janob Maxmudov ekstraktiv institutlar ustunligi sharoitida keyingi iqtisodiy o‘sish istiqbollarini tahlil qiladi hamda mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun xalqaro hamkorlik va investitsiyalarning muhimligini ta’kidlaydi.
Maqolani (rus tilida) o‘qing va yuklab oling
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo’lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.