Noyob yer metallarining jahon bozori haqida

Sharh

19 Fevral 2026

Ulashish

Noyob yer metallarining jahon bozori haqida

Muallif: Zulhayo Nishanova, JIDU shogird-o‘qituvchisi

Noyob yer metallari 17 ta kimyoviy elementdan iborat bo‘lib, ular akkumulyatorlar, doimiy magnitlar, elektronika, qayta tiklanuvchi energetika uskunalari, elektr transporti hamda yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarida qo‘llaniladi. Ushbu materiallar global energetik o‘tish, raqamlashtirish jarayonlari va zamonaviy sanoatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Global bozor va tendensiyalar

Noyob yer elementlarining jahon zaxiralari notekis taqsimlangan. AQSh Geologiya Xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, aniqlangan zaxiralarning sezilarli qismi bir nechta davlatlarda, jumladan Xitoy, Braziliya, Hindiston va Avstraliya hududlarida jamlangan.

Zamonaviy bozor tuzilmasi faqat xomashyo qazib olish bilan cheklanmay, balki uni qayta ishlash, elementlarni ajratish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari atrofida shakllanmoqda. Aynan shunday zanjirlarda ishtirok etish davlatlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini belgilab beradi.

Noyob yer metallariga bo‘lgan talab “yashil” energetika, elektr transporti va raqamli texnologiyalar rivoji fonida barqaror o‘sib bormoqda. Xalqaro energetika agentligi baholariga ko‘ra, ushbu o‘sish uzoq muddatli va tarkibiy xususiyatga ega bo‘lib, yaqin o‘n yilliklarda yanada kuchayadi.

Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun imkoniyatlar

Markaziy Osiyo mamlakatlari istiqbolli mineral-xomashyo salohiyatiga ega bo‘lib, Yevropa va Osiyo bozorlarining o‘rtasida qulay geografik joylashuvga ega. Bu ularning muhim minerallar bo‘yicha xalqaro ta’minot zanjirlariga faolroq integratsiyalashuvi uchun sharoit yaratadi.

Oʻzbekiston noyob yer metallarini rivojlantirishni sanoatlashtirish va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Qazilma boyliklardan foydalanish sohasidagi islohotlar va investitsiya muhitining yaxshilanishi geologik qidiruv, qazib olish hamda xomashyoni dastlabki qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Noyob yer metallari sektorini rivojlantirish quyidagilarni o'z ichiga olgan kompleks yondashuvni talab qiladi:

  • xalqaro hamkorlar ishtirokida geologik qidiruv va qazib olish;
  • dastlabki qayta ishlash va boyitish quvvatlarini yaratish;
  • o‘rta muddatli istiqbolda energetika va sanoat elektronikalari uchun ayrim butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish.

Xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston muhim minerallar va ularni qayta ishlash texnologiyalari sohasida bir qator xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Yevropa Ittifoqi, AQSh va Yaponiya bilan hamkorlik barqaror ta’minot zanjirlarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, ekologik va ijtimoiy mas’uliyat (ESG) standartlarini joriy etish hamda texnologik hamkorlikka qaratilgan.

Hamkorlik loyihalari mamlakat ichida qo‘shimcha qiymatni oshirish va sanoat salohiyatini mustahkamlash vositasi sifatida ko‘rilmoqda.

Tarmoqning barqaror rivojlanish shartlari

Noyob yer metallari sektorini rivojlantirish quyidagilarni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvni talab etadi:

  • uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish;
  • qayta ishlash hamda ilmiy-texnologik infratuzilmani rivojlantirish;
  • malakali kadrlar tayyorlash;
  • zamonaviy ekologik standartlar va jamoatchilik bilan muloqot mexanizmlarini joriy etish.

Muvozanatli sanoat siyosati mamlakatning faqat xomashyo yetkazib beruvchi sifatida mustahkamlanib qolishining oldini oladi hamda texnologik zanjir bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilish uchun sharoit yaratadi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.