O‘zbekiston ilk bor Qozog‘istonning neft-gaz sektoriga kirib bormoqda: IXTI ekspert sharhi

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

12 Dekabr 2025

Ulashish

O‘zbekiston ilk bor Qozog‘istonning neft-gaz sektoriga kirib bormoqda: IXTI ekspert sharhi

Qozog‘istonning “National Business Kazakhstan” axborot-tahliliy nashri “KazMunayGas” va “O‘zbekneftgaz” milliy kompaniyalari o‘rtasida Mang‘istov viloyatidagi “Jarkyn” uchastkasida geologik qidiruv va uglevodorodlarni istiqbolda qazib olish bo‘yicha tuzilgan kelishuvga bag‘ishlangan tahliliy materialni e’lon qildi. Mazkur nashr bitimni Markaziy Osiyodagi energetik munosabatlar transformatsiyasi kontekstida ko‘rib chiqib, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi soha ekspertlarining fikrlarini o‘z ichiga oladi.

Ushbu material doirasida IXTI Energetik diplomatiya va geopolitika markazi rahbari Hayotjon Ibragimov bitimning O‘zbekiston uchun hamda mintaqaviy energetik arxitektura nuqtayi nazaridan ahamiyati bo‘yicha ekspert bahosini taqdim etdi. Uning izohlari O‘zbekistonning loyihada ishtirok etishidagi strategik motivlar hamda mamlakatning mintaqaviy energiya xavfsizligi tizimidagi rolining o‘zgarishiga qaratilgan.

Ibragimovning ta’kidlashicha, ushbu kelishuvning prinsipial ahamiyati shundaki, ilk bor O‘zbekistonning milliy kompaniyasi Qozog‘istonning resurs bazasiga xaridor yoki tranzit hamkor sifatida emas, balki teng huquqli ishtirokchi sifatida kirib bormoqda. Uning fikricha, 50/50 formatidagi hamkorlik modeli tomonlar o‘rtasida ishonchning yangi darajasini aks ettiradi hamda siyosiy kelishuvlardan amaliy iqtisodiy hamkorlikka o‘tishni namoyon etadi.

Shuningdek, u O‘zbekistonning bunday loyihalarga bo‘lgan qiziqishi obyektiv ichki omillar, jumladan, energiya resurslariga bo‘lgan ichki talabning oshishi va uzoq muddatli energetik barqarorlikni ta’minlash strategik vazifasi bilan bog‘liq ekanini qayd etadi. Xorijda geologik qidiruv va ehtimoliy qazib olish jarayonlarida ishtirok etish manbalarni diversifikatsiya qilish va milliy energiya xavfsizligini mustahkamlash vositasi sifatida ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, Ibragimov bitimni Markaziy Osiyo davlatlari asta-sekin parchalanib ketgan energetik siyosatlardan ko‘proq muvofiqlashtirilgan hamkorlik modeliga o‘tayotgan kengroq mintaqaviy tendensiya doirasida baholaydi. Ushbu kontekstda energetika faqat tijorat bitimlari sohasi bo‘lib qolmay, balki strategik sheriklikning poydevoriga aylanib bormoqda.

Batafsil ma’lumot National Business Kazakhstan saytida

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.