Venesueladagi  hududiy va parlament saylovlari

Sharh

29 May 2025

Ulashish

Venesueladagi  hududiy va parlament saylovlari

25-may kuni Venesuelada parlament va mintaqaviy saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu saylovlarda hukmron “Katta vatanparvar qutb” koalitsiyasi (Gran Polo Patriótico), bosh partiyasi prezident Nikolas Maduroning Sotsialistik birdamlik partiyasi (PSUV) bo‘lib, katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi — u taxminan 82,7 foiz ovoz oldi. Opozitsion kuchlar esa ancha kam natijaga erishdi:

  • “Demokratik alyans” – ~6,25% ovoz;
  • UNTC Única koalitsiyasi (“Yangi vaqt” va “Birlik va o‘zgarishlar” partiyalari) – ~5,18%;
  • “Qo‘shnilar kuchi” harakati – ~2,57%.

 

Saylovchilarning faolligi 42,6% ni tashkil etdi, bu esa nisbatan past ishtirok darajasini ko‘rsatadi. “Katta vatanparvar qutb” koalitsiyasi (PSUV bilan birgalikda) 82,68% ovoz bilan Milliy Assambleyadagi o‘rinlarning deyarli barchasini qo‘lga kiritdi. Taqqoslash uchun, ishtirokiga ruxsat berilgan eng muvaffaqiyatli opozitsion kuch — “Demokratik alyans” atigi 6,25% ovoz oldi, UNTC Única va “Qo‘shnilar kuchi” esa mos ravishda 5,18% va 2,57% ovoz to‘plashdi. Umuman olganda, barcha opozitsion kuchlar birgalikda 15 foizdan kamroq ovoz to‘pladi, bu esa yangi parlament va gubernatorlar darajasida hukmron kuchning deyarli to‘liq monopoliya o‘rnatganini anglatadi.

 

Ovozlarning taqsimoti va past ishtirokchilikning asosiy sabablaridan biri — asosiy opozitsion yetakchilarning saylovlarni boykot qilish haqidagi qarori bo‘ldi. Hukumatga qarshi yetakchi shaxslar, jumladan, Mariya Korina Machado fuqarolarga 2024-yilgi prezident saylovlari natijalariga norozilik sifatida ovoz bermaslikka chaqirdi. O‘sha saylovlarda muxolifat o‘zining g‘alabasini e’lon qilgan bo‘lsa-da, saylov komissiyasi Madurosini g‘olib deb tan olgan. 2025-yilgi saylovlarni boykot qilish qarori, shuningdek, muxolifat faollariga nisbatan bosim, hibslar va repressiyalar bilan ham izohlandi. M.K. Machado ta’kidlashicha, ayrim hududlarda saylovchilarning 85 foizi “rejimga bo‘ysunmagan” va uchastkalarga bormagan. Bu holat 21 million saylovchidan atigi 42% qatnashganini tushuntiradi, bu ko‘rsatkich 2021-yilgi (shuningdek, muxolifat tomonidan boykot qilingan) mahalliy saylovlar bilan deyarli bir xil.

 

Boykot bilan bir qatorda, saylovchilarning past faolligi Venesueladagi saylov tizimiga bo‘lgan ishonch inqirozi bilan ham bog‘liq. So‘nggi yillarda hukumat raqobatga yo‘l qo‘ymaslikka urinib, ayrim muxolifat partiyalarini saylovlardan chetlatdi yoki sudlar orqali bo‘lib yubordi. Ko‘plab karizmatik liderlar qamoqqa olingan, mamlakatdan chiqarib yuborilgan yoki siyosiy faoliyatdan chetlatilgan. Shunday sharoitda ko‘plab fuqarolar ovoz berishni foydasiz deb hisoblashmoqda, chunki saylov natijalari avvaldan belgilab qo‘yilgan, degan fikr keng tarqalgan. Uzoq davom etgan iqtisodiy inqiroz, giperinflyatsiya, ishlab chiqarishning pasayishi va xalqaro sanksiyalar millionlab fuqarolarning mamlakatdan chiqib ketishiga olib keldi, qolganlar esa ko‘proq tirikchilik muammolari bilan band. Natijada, hukumatga sodiq kuchlarning rekord darajadagi yutug‘i va muxolifatning minimal vakilligi shakllandi.

 

25 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng Venesuelada siyosiy hokimiyat yanada amaldagi rahbariyat tomonida jamlandi. Maduroning partiyasi va uning ittifoqchilari Milliy Assambleyadagi deyarli barcha o‘rinlarni egallab, 24 gubernatorlikdan 23 tasida g‘alaba qozondi. Bunday siyosiy konsolidatsiya qisqa muddatda rejimga nisbatan barqarorlik beradi — muxolifat muhim institutsional vositalardan mahrum bo‘ldi va Maduroning siyosatiga parlament yoki huquqiy yo‘nalishda qarshilik ko‘rsatish ehtimoli minimalga tushdi. Hukmron partiya vakillari bu natijani “tinchlik va barqarorlik g‘alabasi” deb baholadi, ularning fikricha, bu xalqning hukumat kursiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi.

 

Xalqaro munosabat. Xalqaro maydonda bu saylovlar Venesuela atrofidagi kelishmovchiliklarni yanada chuqurlashtiradi. Maduro rejimiga nisbatan tanqidiy qarashdagi davlatlar va tashkilotlar 25-maydagi saylovlarni demokratik emas deb baholamoqda. Mustaqil kuzatuvchilarning yo‘qligi va muxolifatning keng ko‘lamli boykoti saylovlarning erkin va adolatli o‘tmaganini ko‘rsatmoqda. AQSH, 2024-yilgi prezident saylovlarini ham tan olmagan holda, sanksiyalarni kuchaytirdi va hozirgi Tramp ma’muriyati bu qat’iy siyosatini davom ettirmoqda. Jumladan, 27-maydan boshlab Chevron kompaniyasiga Venesueladagi faoliyatini to‘xtatish buyrug‘i berildi, bu esa Karakas uchun neft eksporti orqali valyuta tushumining asosiy manbalaridan birini yopdi.

 

Bunga qarshi ravishda, Karakas bilan ittifoqchi davlatlar (Rossiya, Kuba, Eron va ayrim Lotin Amerikasi davlatlari) saylov natijalarini qo‘llab-quvvatlashdi. Rossiyalik kuzatuvchilar ovoz berish jarayonida jiddiy qonunbuzarliklar aniqlanmaganini bildirishdi va saylovlar ochiq va oshkora o‘tganini aytishdi. Bunday fikrlar xilma-xilligi xalqaro tashkilotlarning (masalan, Amerika davlatlari tashkiloti yoki BMT) umumiy pozitsiyasini shakllantirishni murakkablashtirmoqda. Yevropa Ittifoqi va ayrim mintaqaviy vositachilar hukumat va muxolifat o‘rtasida muzokaralarni davom ettirishga chaqirishda davom etishi mumkin, biroq Maduroning kuchaygan pozitsiyasi va muxolifatning zaiflashgan sharoitida bu jarayonning muvaffaqiyatga erishish ehtimoli juda past.

 

Xulosa qilib aytganda, 25-maydagi saylovlar “Katta vatanparvar qutb” koalitsiyasining siyosiy pozitsiyalarini sezilarli darajada mustahkamladi va mamlakatda mavjud siyosiy konfiguratsiyani tasdiqladi. Biroq saylovchilarning past faolligi va muxolifatning cheklangan ishtiroki — asosan boykot tufayli — fuqarolarning saylov jarayoniga va siyosiy institutlarga bo‘lgan ishonchi bilan bog‘liq chuqur muammolar mavjudligidan dalolat beradi.

 

Vujudga kelgan vaziyat siyosiy dialogni inklyuziv qilish va keng jamoatchilik legimtimligini tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratishni talab etadi. Siyosiy hokimiyat konsolidatsiyasi orqali erishilgan ichki barqarorlik, turli siyosiy kuchlar o‘rtasidagi ochiq muloqot, shaffoflik va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni muhokama qilishga jalb qilish orqali uzoq muddatli va barqaror bo‘lishi mumkin.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.