Markaziy Osiyoda suv resurslari masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bir qator mutaxassislar, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda, 2050-yilga kelib mintaqada chuchuk suv tanqisligi keskin tus olishi mumkinligi haqida tashvishli bashoratlar qilmoqda. Bunday baholashlar iqlim o‘zgarishi, aholi sonining o‘sishi, shuningdek, suv iste’moli tarkibida qishloq xo‘jaligi sektorining ustunligi bilan asoslanmoqda.
Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyoda foydalaniladigan suvning 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga sarflanadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 92 foiz atrofida bo‘lib, suv resurslarining katta qismi sholi va paxta sug‘orishga ketadi. Taqqoslash uchun: rivojlangan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligiga mavjud suvning 30-40 foizi to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, mintaqada maishiy va ichimlik suvi ta’minoti 8 foizdan kamni tashkil etadi. Bu aholi uchun suv tanqisligi jiddiy muammo emasligini anglatadi - asosiy vazifa qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanishni optimallashtirishdir.
O‘zbekistonda ushbu nomutanosiblikni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Suv xavflarining ko‘lamini anglagan holda, mamlakat so‘nggi yillarda suv siyosati sohasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishga kirishdi. Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga sug‘orish infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish usullarini kengaytirish, shuningdek, suvdan foydalanishni hisobga olish jarayonlarini raqamlashtirish kiradi. Davlat gidrotexnik inshootlarga sarmoya kiritmoqda va suv resurslarini boshqarish modellarini takomillashtirmoqda, ayniqsa transchegaraviy daryolar havzalarida xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda.
Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va kam suv talab qiladigan ekinlarga o‘tish asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, 2025-yilda eng ko‘p suv talab qiladigan ekinlardan biri bo‘lgan sholi yetishtirishga yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida qabul qilingan qaror muhim qadam bo‘ldi. Muqobil variant sifatida fermerlarga iqlim o‘zgarishlariga chidamliroq va intensiv sug‘orishga kamroq bog‘liq bo‘lgan ekinlarga o‘tish taklif etilmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, sholichilikda resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ekstremal harorat va qurg‘oqchilikka moslashgan yangi navlardan foydalanish boshlanadi. 2026 yildan boshlab tomchilatib sug‘orish usulida sholi yetishtirish bo‘yicha tajriba loyihasi kengaytiriladi. Hozirgi vaqtda sholi asosan suvga bostirilgan maydonlarda yetishtiriladi. Muhimi, bu jarayonga xalqaro ekspertlar, jumladan KOPIA (Janubiy Koreya) markazi mutaxassislari faol jalb etiladi.
Shunday qilib, O‘zbekiston suvni boshqarish masalalariga strategik yondashuvni va suv tanqisligi kuchayib borayotgan sharoitda amaliy harakatlarga tayyorligini namoyish etmoqda. Suvdan oqilona foydalanish va agrar siyosatni qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan oldini olish chora-tadbirlari majmuasi mintaqaning boshqa mamlakatlari uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi va Markaziy Osiyoda barqaror suv xavfsizligini shakllantirishga hissa qo‘shishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.