Tolibon Doxada nimaga erishdi?

Sharh

07 Iyul 2025

Ulashish

Tolibon Doxada nimaga erishdi?

Muallif: Sanjarbek Tilavoldiyev

 

Joriy yilning 30-iyun va 1-iyul sanalarida Qatar poytaxti Doha shahrida BMT boshchiligida afg‘on masalasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuni aytish joizki, Tolibon hukumati Doha formatidagi uchrashuvlarda ikkinchi bor rasman ishtirok etmoqda. Bu shuni anglatadiki, Tolibon hukumati o‘zining diplomatik imkoniyatlarini kengaytirmoqda va xalqaro maydonda o‘zining manfaatlarini himoya qilishga intilmoqda. Bundan avval, agar ular bu kabi uchrashuvlarda tanqidga uchrashdan qo‘rqgan bo‘lsa, endi ular tanqidni ijobiy qabul qilib, unga yechim izlashga va xalqaro maydonda unga javob izlashga harakat qilmoqda.

 

Ushbu Doha formatidagi uchrashuvlarning asosiy e’tibori Afg‘onistonda narkotik moddalarning, xususan afyunni yetishtirish masalasiga qaratildi. Afyun yetishtirish Afg‘onistonda uzoq yillardan beri asosiy daromad manbayi bo‘lib kelgan, ammo Tolibon hukumati hokimiyatga kelganidan so‘ng bu ko‘rsatkich keskin pasaya boshladi. Statistikalarga ko‘ra, Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin afyun yetishtiriladigan ekin maydonlari 2024-yilga kelib 232 000 gektardan 7 382 gektarga qisqartirilgan. Ushbu ko‘rsatkichlarni yanada kamaytirish uchun hukumat, kerak bo‘lsa, kuchdan ham foydalanmoqda. Xususan, 2025-yilga kelib ham Badaxshonda Tolibon va aholi vakillari o‘rtasida bir qancha to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Bu esa shuni anglatadiki, Tolibon hukumati xalqaro maydonda o‘zini afyun yetishtiruvchi davlat sifatida ko‘rsatmoqchi emas, chunki bu uning xalqaro tan olinishi hamda Afg‘onistonga bo‘lgan gumanitar yordam va investitsiyalar kiritilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ular shu sababli bunga qarshi kurashib, o‘zini xalqaro maydonda ochiq davlat sifatida ko‘rsatmoqchi va konstruktiv dialogga tayyorligini namoyon etmoqda.

 

Shuningdek, BMT boshchiligida o‘tgan jarayonlarda Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Tolibonga nisbatan sukut saqlanmoqda va ayrim jihatlarda G‘arb tomonidan Tolibonga nisbatan tanqidlar bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Tolibon hukumatini ko‘proq Sharq mamlakatlari bilan yaqinlashishga undamoqda. Xususan, 2025-yil 30-iyun kuni Doha uchrashuvlaridan tashqari, Tolibon hukumati Pokiston, Xitoy va Rossiya bilan uchrashuvlarda qatnashdi va mintaqa siyosatiga bog‘liq muhim masalalar muhokama etildi. Bu kabi xatti-harakatlar esa Tolibon hukumatining diplomatik salohiyatini kuchaytirmoqda. Xususan, 2025-yil 3-iyulda Doha uchrashuvlaridan keyin Rossiya tomonidan Tolibon hukumati ilk bor tan olindi. Bu esa, o‘z navbatida, Afg‘onistonni ko‘proq Sharq davlatlariga yo‘naltirishda davom ettirishi mumkin, agar G‘arb uni inkor etishda davom etsa.

 

Umuman olganda, Tolibon hukumati ushbu uchrashuvlarda xalqaro maydonda o‘z nufuzini oshirishda ishtirok etdi. Ya’ni, ular bu ishtiroklari orqali narkotik savdosi ramzi bo‘lgan davlat sifatida emas, balki har qanday diplomatik muloqotga tayyor davlat sifatida namoyon bo‘lishga harakat qilishdi. Bu esa, o‘z navbatida, yaqin kelajakda Tolibon hukumatining yanada ko‘proq davlatlar tomonidan e’tirof etilish jarayonini tezlashtirishi va uning mintaqa siyosatidagi o‘rnini yanada oshirishga xizmat qilishi mumkin.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.