Xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash va ekspertlar muloqotini rivojlantirish doirasida 7-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti vakillari Stokgolm Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi tahlilchisi doktor Yohan Engvall va Shvetsiya mudofaa universiteti dotsenti doktor Mikael Vaysmann bilan uchrashdi.
Uchrashuv xalqaro hamkorlikning dolzarb tendensiyalari, shuningdek, O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi ilmiy va tahliliy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga qaratilgan edi.
Muloqot konstruktiv ruhda o‘tib, mintaqaviy rivojlanish, Markaziy Osiyo doirasidagi hamkorlik va Yevropa sheriklik masalalarini qamrab oldi. Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashda akademik muassasalarning roli yuzasidan ekspertlar fikr almashishiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatlararo hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirishda akademik va tadqiqot almashinuvlarini davom ettirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Tomonlar hamkorlikni davom ettirish va barqaror ilmiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Uchrashuv xalqaro ekspertlik hamkorligini chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.