Frontier Talks seminari Afg‘oniston tranzitining strategik ahamiyatini yoritib berdi

Frontier Talks seminari Afg‘oniston tranzitining strategik ahamiyatini yoritib berdi

news_in

Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) bugun Frontier Talks tahliliy seminarlar turkumi doirasida katta ilmiy xodim Nargiza Umarovaning “Trans-afg‘on aloqalarining rivojlanish dinamikasi” mavzusidagi ekspert seminarini o‘tkazdi.

 

Umarovaning ma’ruzasi Afg‘oniston hududidan o‘tuvchi infratuzilma yo‘laklarini rivojlantirishdagi asosiy tendentsiyalarga hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport strategiyalariga ta’sir ko‘rsatayotgan o‘zgaruvchan geosiyosiy vaziyatga bag‘ishlandi. O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovor temir yo‘l loyihasi, shuningdek, Turkmaniston, Qozog‘iston va Tojikiston ilgari surayotgan yangi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

 

Ma’ruzachi eksport bozorlarini xilma-xillashtirish va janub bilan savdo-logistika aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi harakatlar mintaqaviy strategiyaning eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, Tolibon hukumatining siyosiy beqarorlikka qaramay, Afg‘onistonning tranzit salohiyatini kuchaytirish uchun olib borayotgan faol transport siyosati muhokama qilindi. Nargiza Umarova Afg‘onistonni o‘z transkontinental yo‘nalishlariga kiritishga intilayotgan Eron, Rossiya va Hindiston kabi tashqi o‘yinchilarning manfaatlarini, jumladan, “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagini kengaytirish va Chobahor portini rivojlantirish tashabbuslarini batafsil tahlil qildi.

 

Seminar yakunida Afg‘oniston yo‘nalishida muvofiqlashtirilgan mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu tavsiyalarga Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy iqtisodiy manfaatlariga mos keladigan ustuvor yo‘nalishni birgalikda tanlash zarurligi ham kiritildi.

 

Asosiy taqdimotdan so‘ng ishtirokchilar savol-javob sessiyasida qatnashdilar. Unda trans-afg‘on loyihalarini amalga oshirishning amaliy jihatlari, shuningdek, xavfsizlik, siyosiy beqarorlik va tashqi ishtirokchilar o‘rtasidagi raqobat bilan bog‘liq xatarlar muhokama qilindi. Qizg‘in bahs-munozaralar davomida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, chegaraoldi hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish va xalqaro moliyalashtirishni jalb qilishning mumkin bo‘lgan mexanizmlari to‘g‘risida fikrlar bildirildi.