22-oktyabr kuni IXTI o‘zining “Frontier Talks” turkumi doirasida navbatdagi sessiyani o‘tkazdi. Unda IXTIning tashrif buyuruvchi tadqiqotchisi, Fulbrayt dasturi mutaxassisi hamda Michigan shtatidagi Genri Ford kollejining gumanitar fanlar professori doktor Adam R. Hazlett ma’ruza qildi. Seminarda kinoning xalqaro miqyosdagi tasavvurni shakllantirish, madaniy merosni targ‘ib etish va O‘zbekistonning global madaniy nufuzini mustahkamlashdagi roli muhokama qilindi.
Jozef Nayning “yumshoq kuch” (soft power) konsepsiyasiga tayangan holda, doktor Hazlett kino orqali hikoya qilish madaniy hamjihatlikni qanday mustahkamlashi va xalqaro auditoriyaga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tahlil qildi. U madaniy ko‘rinuvchanlik, xalqaro jozibadorlik va amaldagi diplomatik ta’sir o‘rtasidagi farqni ajratib ko‘rsatish muhimligini ta’kidlab, kino diplomatiyasining muvaffaqiyati nafaqat auditoriya qamroviga, balki tomoshabinlar mamlakatni qay darajada qabul qilishi va u bilan qay tarzda muloqotga kirishishiga ham bog‘liq ekanini qayd etdi.
Shuningdek, ma’ruzachi AQSh, Hindiston, Turkiya va Janubiy Koreya tajribasidan qiyosiy misollar keltirib, turli milliy kinoindustriyalar xalqaro madaniy ta’sir o‘tkazishga qanday hissa qo‘shganini tushuntirdi. Suhbat davomida O‘zbekistonning tarixiy filmlar yaratish, xalqaro ko-prodakshn (hamkorlikda kino ishlab chiqarish) va zamonaviy o‘zbek qissalarini jahon tomoshabinlariga yetkazish borasidagi yangi imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’ruza chog‘ida doktor Hazlett “Ipak yo‘li ekrani” (Silk Road Screen) modeli konsepsiyasini ilgari surib, madaniy o‘ziga xoslik, xalqaro hamkorlik va samarali global distributsiyani uyg‘unlashtirgan yondashuvni taklif qildi. U O‘zbekistonning betakror madaniy o‘zligini saqlab qolgan holda xalqaro miqyosda tushunarli bo‘lgan filmlarni yaratish, shuningdek, kino syujetlarida ham tarixiy meros, ham zamonaviy jamiyat hayotini aks ettirish zarurligini ta’kidladi.
Sessiyada, shuningdek, kino, turizm va iqtisodiy taraqqiyot o‘rtasidagi bog‘liqlik hamda samarali “yumshoq kuch” strategiyalarini ishlab chiqishda ijodiy erkinlik, madaniy nozikliklar va o‘lchanadigan aniq natijalarning ahamiyati ko‘rib chiqildi. Mazkur tadbir tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun xalqaro munosabatlar hamda madaniy diplomatiyada ijodiy sohalarning ortib borayotgan ahamiyatini chuqur o‘rganish imkonini berdi.