15-18-dekabr kunlari IXTI Energetika diplomatiyasi va geosiyosat markazi rahbari Hayotjon Ibragimov Yevropa tashqi aloqalar kengashining (ECFR) Varshava bo‘limi yetakchi tadqiqotchisi Shimon Kardashtaklifiga ko‘ra Varshavada o‘tkazilgan konferensiyada qatnashdi. “Strategik ufqlar: Yevropaning energetika kelajagi va global tartibotda Markaziy Osiyoning roli” mavzusidagi konferensiya Yevropaning o‘zgarayotgan energetika manzarasi va keng miqyosli geosiyosatda mintaqaning tobora ortib borayotgan ahamiyatiga qaratildi.
Maxsus panel muhokamasida Markaziy Osiyo energetika resurslari va texnologiyalarining Yevropa Ittifoqining yashil o‘tishi va sanoat ustuvorliklariga qo‘shishi mumkin bo‘lgan hissasi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi chuqurroq hamkorlikka to‘siq bo‘layotgan omillar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Hayotjon Ibragimov o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan iqtisodiyot va aholi ehtiyojlari asosida energetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Yakunida tomonlar qo‘shma ilmiy-tadqiqot tashabbuslari, hamkorlikda o‘tkaziladigan konferensiya va seminarlar, tahliliy va ilmiy materiallar tayyorlash, jumladan, qiyosiy va mintaqaviy tadqiqotlar bo‘yicha birgalikdagi loyihalar orqali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar.