IXTI Nino Gomarteli ishtirokida sun’iy intellekt, tahliliy fikrlash va mas’uliyat mavzusida “Frontier Talks” sessiyasini o‘tkazdi

IXTI Nino Gomarteli ishtirokida sun’iy intellekt, tahliliy fikrlash va mas’uliyat mavzusida “Frontier Talks” sessiyasini o‘tkazdi

news_in

1-aprel kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan “Kim qaror qabul qiladi? Aqlli texnologiyalar davrida yetakchilik, tahliliy fikrlash va mas’uliyat” mavzusida “Frontier Talks” seriyasining navbatdagi sessiyasi tashkil etildi. Tadbir doirasida Nino Gomarteli ma’ruza bilan ishtirok etib, sun’iy intellektning qaror qabul qilish jarayonlari, tanqidiy fikrlash va individual mas’uliyatga ta’siri haqida mazmunli tahlil taqdim etdi.

Muhokama sun’iy intellect (SI) texnologiyalarining akademik, professional va siyosiy-analitik sohalarda jadal rivojlanib borayotgan bir sharoitda o‘tkazildi. Shu nuqtai nazardan, seminarda nafaqat AI tizimlarining imkoniyatlari, balki ularning inson tafakkuri, intellektual mustaqilligi va qaror qabul qilish sifati uchun qanday oqibatlarga olib kelishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘z ma’ruzasida Nino Gomarteli SI vositalari tobora takomillashib borayotganiga qaramay, asosiy masala ulardan qanday foydalanilayotganida ekanini ta’kidladi. Xususan, “soxta ishonch” tushunchasi muhokama qilinib, ishonchli, aniq va manbali ko‘ringan axborot har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermasligi qayd etildi. Shu orqali ishonch — bu ohang, haqiqat esa jarayon ekanligi alohida urg‘ulandi, ya’ni har qanday ma’lumot tekshiruv, kontekstni anglash va tanqidiy yondashuvni talab qiladi.

Sessiyaning muhim qismi sifatida E.G.O. (Explore, Grow, Own) yondashuvi taqdim etildi. Ushbu modelga ko‘ra, foydalanuvchi avvalo o‘z bilim va tushunchalarini aniqlashtirishi, so‘ngra SI’dan o‘z fikrini rivojlantirish va sinovdan o‘tkazish uchun foydalanishi, va yakunda o‘z natijalari uchun to‘liq mas’uliyatni zimmasiga olishi — ya’ni ularni tushuntira olish, himoya qila olish va asoslab bera olish darajasiga yetishi lozim.

Seminarda, shuningdek, SI’dan foydalanishning kengroq oqibatlari ham muhokama qilindi. Jumladan, avtomatlashtirilgan natijalarga haddan tashqari tayanish, mustaqil fikrlashning susayishi, hamda mazmun va originallik hisobiga tezlik va tashqi “silliqlik”ka ustuvorlik berish xavflari qayd etildi. Ishtirokchilarga SI’ni fikrlash o‘rnini bosuvchi vosita emas, balki analitik salohiyatni kuchaytiruvchi instrument sifatida qabul qilish tavsiya etildi.

Sessiya yakunida o‘tkazilgan interaktiv muhokama ishtirokchilarning sun’iy intellektdan foydalanishning axloqiy, kognitiv va amaliy jihatlariga yuqori qiziqishini namoyon etdi. Tadbir zamonaviy texnologiyalar sharoitida tanqidiy fikrlash va mas’uliyatli yetakchilikni rivojlantirish zarurligini yana bir bor tasdiqladi.