IXTIda Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik masalalari bo‘yicha xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi

IXTIda Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik masalalari bo‘yicha xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi

news_in

25 iyun kuni “Markaziy va Janubiy Osiyoda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha global muloqot” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan AQSh Milliy mudofaa universiteti Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi (NESA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

 

Birinchi sessiya davomida ishtirokchilar terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyalar, zamonaviy terrorizm manzarasining o‘ziga xosliklari, shuningdek, mojaroli hududlardan qaytib kelgan fuqarolarni gumanitar repatriatsiya qilish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini muhokama qildilar. Huquqlarni tiklash, psixologik moslashuv va takroriy radikallashuvning oldini olishga qaratilgan idoralararo hamkorlik modeli taqdim etildi.

 

Ikkinchi sessiyada xavfsizlikning mintaqaviy jihatlariga e’tibor qaratildi. Siyosiy-diplomatik va gumanitar tahdidlar, shu jumladan, Afg‘onistondagi beqarorlik va uning Markaziy Osiyo uchun oqibatlari muhokama qilindi. Mintaqaviy taraqqiyot, transport bog‘liqligi, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning o‘sib borayotgan roli ta’kidlandi. Suv resurslarini transchegaraviy boshqarishga barqaror yondashuv zarurligiga alohida urg‘u berildi.

 

Ishtirokchilar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi ekspertlar muloqotini davom ettirish, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, akademik va tahliliy almashuvlarni faollashtirish muhimligini ta’kidladilar.