16-oktyabr kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida (IXTI) “Frontier Talks” ilmiy seminarlar turkumi doirasida “Nufuzli ilmiy jurnallarda maqola chop etish: tadqiqot tuzilmasi, akademik yozuv va nashr strategiyasi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Rino shahridagi Nevada universitetidan tashrif buyurgan tadqiqotchi, doktor Ellison D. Evans ma’ruza qildi.
Taqdimot davomida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ilmiy jurnallarda tadqiqot ishlarini chop etishning uslubiy va amaliy jihatlari tahlil qilinib, tadqiqotni loyihalash, maqola matnini tayyorlash hamda samarali nashr strategiyalariga alohida urg‘u berildi. Ma’ruzachi “Europe-Asia Studies”, “Comparative Politics” va “Post-Soviet Affairs” jurnallari misolida nashrlarning ixtisoslashuvi, tahririyat talablari hamda maqolalarni nashrga tayyorlashning asosiy mezonlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, ilmiy maqolalarni tarkibiy qismlarga ajratish, tadqiqot savollarini shakllantirish, mavjud adabiyotlardagi bo‘shliqlarni aniqlash, mos metodologiyani ishlab chiqish hamda ishonchli dalillarga asoslangan empirik natijalarni taqdim etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Doktor Evans jurnalni strategik jihatdan to‘g‘ri tanlash, ehtimoliy rad javoblariga tayyor turish va maqolalarni muayyan jurnal talablariga muvofiq takomillashtirish muhimligini ham ta’kidlab o‘tdi.
Seminar yakunida ilmiy tadqiqotlarning xalqaro raqobatbardoshligi va ommalashuvini oshirishda puxta o‘ylangan tadqiqot loyihasi, akademik yozuv standartlariga rioya qilish hamda aniq belgilangan nashr strategiyasi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.