IXTI Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

IXTI Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

news_in

4 sentyabr kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi vakillari – siyosiy masalalar bo‘yicha attashe Mixaela Zelenyanska va loyihalar bo‘yicha menejer Yana Kurpisa bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda institut direktor o‘rinbosari Odil Gafarov, yetakchi ilmiy xodimlar Fazliddin Djamolov va Mushtariy Usmonova, shuningdek, norezident ilmiy xodim Dinara Ishbayeva ishtirok etdilar.

 

Suhbat davomida tomonlar kelajakdagi hamkorlik uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan umumiy yo‘nalishlarni muhokama qildilar. Tadqiqot va ta’lim tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish hamda tajriba almashishga qaratilgan qo‘shma ilmiy tashabbuslar, akademik almashinuv va xalqaro loyihalarda ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

 

Ekspert va tahliliy markazlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlari, shuningdek, ularning Yevropa institutlari bilan o‘zaro hamkorligi istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar hamkorlikning turli shakllarini, jumladan, ilmiy nashrlar, anjumanlar va ta’lim dasturlarini ko‘rib chiqishga tayyorliklarini bildirdilar.

 

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari bilim va ilg‘or tajribalar almashish, hamda uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qiladigan barqaror sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladilar.

 

Uchrashuv yakunida tomonlar muntazam axborot almashinuvini qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish hamda yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradigan aniq qadamlar bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.