Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor va Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) direktori doktor Akram Umarov bilan Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti qoshidagi Yevroosiyo ilmiy-tadqiqot instituti (Almati, Qozog‘iston) direktori doktor Suat Beylur o‘rtasida mazmunli ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda, shuningdek, IXTI direktori o‘rinbosari doktor Durbek Amanov, yetakchi ilmiy xodimlar Sevara Ibragimova va Mushtariy Usmonova, hamda JIDU Xalqaro akademik hamkorlik bo‘limi rahbari Gavhar Mirxalilova ishtirok etdilar.
Suhbat davomida tomonlar turkiy hamkorlikni mustahkamlash doirasida ilmiy va akademik o‘zaro aloqalar istiqbollarini muhokama qildilar. Doktor Beylur Yevroosiyo ITI faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib, uning Eurasian Research Journal ilmiy nashrining ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvning asosiy jihatlaridan biri Qozog‘iston tomonining turkiy makonda oliy ta’limni rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollarini tahlil qilishga bag‘ishlangan qo‘shma tadqiqot loyihasini boshlash taklifi bo‘ldi. Yagona ta’lim muhitini shakllantirish, turkiy davlatlar universitetlari o‘rtasida akademik mobillikni kuchaytirish, shuningdek, ushbu tashabbusni moliyalashtirishning mumkin bo‘lgan manbalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, doktor Beylur iqlim o‘zgarishi oqibatlari va “O‘rta yo‘lak” transport-logistika loyihasini rivojlantirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi. JIDU vakillari ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun belgilangan mavzularga yuqori qiziqish bildirdilar.