JIDUda Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazildi

JIDUda Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazildi

news_in

27-yanvar kuni JIDUda Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosiy vositalar xizmati (Foreign Policy Instruments) loyiha menejeri Lea Tris hamda Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi delegatsiyasining siyosiy masalalar bo‘yicha xodimi Mikaela Zelenyanska qatnashdi. JIDU tomonidan uchrashuvda Diplomatikakademiya rahbariyati, IXTI direktor o‘rinbosari Odil Gafarov va yetakchi ilmiy xodim Mushtariy Usmonovaishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Yevropa Ittifoqi tuzilmalari va Markaziy Osiyo mamlakatlarining diplomatik, akademik institutlari o‘rtasidagi ekspertlik va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Tashqi siyosat va diplomatik ta’lim sohasida kasbiy aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashish va institutsional muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Yevropaning tegishli ta’lim va tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi alohida muhokama mavzusiga aylandi. O‘zaro hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllari sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlari diplomatlari va diplomatik akademiyalari vakillari uchun seminarlar, treninglar va qo‘shma ta’lim sessiyalarini o‘tkazish, shuningdek, xalqaro munosabatlar va Yevropa Ittifoqi institutlari faoliyatining dolzarb masalalari bo‘yicha ekspert muhokamalari belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar barqaror ishchi aloqalarni shakllantirish va muntazam kasbiy muloqot uchun qo‘shimcha maydonlar yaratishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.