15-aprel kuni doktor Akram Umarov JIDU va IXTI hamkasblari hamrohligida Vengriya xalqaro munosabatlar institutining bosh maslahatchisi va katta ilmiy xodimi, Ishtvan Secheni universiteti (Dyor, Vengriya) Mintaqaviy va iqtisodiy fanlar doktorlik maktabi dekani doktor Lashlo Vasha bilan uchrashdi.
Tomonlar ikki tomonlama akademik hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini, jumladan, qo‘shma tadqiqot tashabbuslarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar almashinuvi, shuningdek Yevropa stipendiya va grant dasturlarida ishtirok etish masalalarini muhokama qildilar. Jamoatchilik diplomatiyasi, barqaror rivojlanish va mintaqaviy tadqiqotlar sohasidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Doktor Vasha Vengriyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida, xususan, Ishtvan Secheni universiteti va Budapeshtdagi Ludovika davlat xizmati milliy universitetida amalga oshirilayotgan ta’lim va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari doirasini taqdim etdi. Hamkorlikning istiqbolli shakllari sifatida yosh tadqiqotchilar uchun qisqa muddatli akademik stajirovkalar, xalqaro ekspertlik markazlarida ishtirok etish hamda qo‘shma ma’ruza kurslari va seminarlar o‘tkazish belgilandi.
Mutaxassis, shuningdek, xalqaro tadqiqot konsorsiumlari doirasida JIDU va IXTI bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirdi. U Vengriya tomonining o‘zbekistonlik mutaxassislarning sohaga oid loyihalarda ishtirok etishiga ko‘maklashishga tayyorligini ta’kidladi, jumladan Vengriyaga tanishuv safarlari va ekspert tashriflarini tashkil etishni ham nazarda tutdi.