Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha onlayn konferensiya

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha onlayn konferensiya

news_in

Toshkent, Oʻzbekiston – 5-avgust 2024. 2024-yil 3-avgust kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI, O‘zbekiston) Osiyo diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti (AIDIA, Nepal) bilan birgalikda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar masalalariga bag‘ishlangan onlayn konferensiya o‘tkazildi.

 

Osiyo diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti (AIDIA) dastur direktori Sajina Rai konferensiyani ochib berdi va mintaqalar o‘rtasidagi muloqotning muhimligiga urg‘u berdi.

 

Afg‘oniston va Janubiy Osiyo tadqiqotlari markazi (IXTI) yetakchi ilmiy xodimi Islomxon Gafarov, O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi tarixiy roli haqida taqdimot qildi. U mintaqaning tarixiy ahamiyatini hamda Trans-Afgʻon va Shimol-Janub xalqaro transport yo‘laklarining logistik potensiali haqida so‘z yuritdi. I. Gafarov, shuningdek, geografik yaqinlikka qaramay, mintaqalar o‘rtasidagi psixologik to‘siq saqlanib qolayotganligini qayd etib, aloqalarni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

 

AIDIA bosh ilmiy xodimi va Nepal Advokatlar assotsiatsiyasining sobiq prezidenti Sher Bahodir KC Ozarbayjonda ta’lim olganligi va mintaqani yaxshi tushunishini qayd etdi. U turli darajalarda, shu jumladan shaxslararo aloqalarda yaqin hamkorlik zarurligini ta’kidlab, munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

 

Afg‘oniston va Janubiy Osiyo tadqiqotlari markazi (IXTI) rahbari Hamza Boltayev mintaqaviy aloqalar mavzusini kengroq yoritib, mintaqalar o‘rtasidagi munosabatlarni bog‘lovchi hamda parchalovchi omillarni tahlil qildi. U Markaziy va Janubiy Osiyodagi muammolarning o‘xshashligini qayd etib, energetika va transchegaraviy suv resurslari mavzusiga alohida e’tibor qaratdi.

 

AIDIA bosh ilmiy xodimi Angana Guha Royning ta’kidlashicha, ular tomonidan Markaziy Osiyo yaxshi o‘rganilmagan va o‘zaro aloqalarni ta’minlashda ko‘plab murakkabliklar mavjud. U mintaqalar o‘rtasidagi savdoni yaxshilash uchun transport aloqalarini, masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. A. G. Roy, shuningdek, mintaqalar o‘rtasidagi psixologik masofani yengib o‘tish zarurligini va Hindistonning aloqalarni yaxshilashda asosiy aktor ekanlini ta’kidladi.

 

Shri-Lankadagi Ceylon Today muharriri o‘rinbosari Sulochana Ramiah Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqindan munosabatlar o‘rnatish uchun ehtimoliy omil sifatida o‘z mamlakatining Pokiston bilan aloqalari va Shri Lankaning geografik izolyatsiyasi haqida gapirib, munozarani kengaytirdi.U Markaziy Osiyo bilan aloqalarni yaxshilash uchun Hindiston orqali dengiz va quruqlik yo‘llarini takomillashtirish zarurligini qayd etdi. S.Ramia, shuningdek, Xitoy va Rossiyaning mintaqaga qiziqishi ortib borayotgani hamda O‘zbekiston va Shri-Lanka o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar salohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

 

Konferensiyaning yakuniy qismida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish va keyingi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. So‘ngra, ishtirokchilar aloqalarni mustahkamlash va bilim almashish uchun bunday tadbirlarni ko‘proq o‘tkazishga kelishib oldilar.