IXTI vakillari Bryusselda Yevropa Ittifoqi institutlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazdi

IXTI vakillari Bryusselda Yevropa Ittifoqi institutlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazdi

news_in

1-8-dekabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IAIS) direktor o‘rinbosari Odil Gafarov va IXTI Yevropa tadqiqotlari markazi yetakchi ilmiy xodimi Mushtariy Usmonova Yevropa tadqiqot va siyosat institutlari bilan kasbiy aloqalarni kengaytirish hamda hamkorlik shakllarini o‘rganish maqsadida Fransiya, Niderlandiya va Belgiyaga ish safari bilan tashrif buyurdi.

Belgiyada O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi ko‘magida delegatsiya Yevropa Ittifoqi institutlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Ular orasida Yevropa tashqi harakatlar xizmatida Dietmar Krissler(Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i) va Erik Somelar (O‘zbekiston siyosati bo‘yicha mas’ul xodim) bilan maslahatlashuvlar, shuningdek, Yevropa Komissiyasining Tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘yicha Bosh direktoratida (DG RTD) Boyan Grlash va Kremena Mileva bilan hamda Ta’lim, yoshlar, sport va madaniyat bo‘yicha Bosh direktoratida (DG EAC) Tine Delva bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan aloqalariga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi siyosatning o‘zgaruvchan vaziyati, jumladan, mintaqaviy integratsiya jarayonlari va keng ko‘lamli mintaqaviy o‘zgarishlar masalalariga bag‘ishlandi. Shuningdek, mavzuga oid loyihalar va maslahatlashuvlar orqali ekspertlar darajasidagi o‘zaro hamkorlikning amaliy yo‘llari ko‘rib chiqildi. DG RTD va DG EAC bilan suhbatda O‘zbekiston institutlarining Yevropa Ittifoqining “Horizon Europe” va “Erasmus+” dasturlarida yanada faolroq ishtirok etish imkoniyatlari, shuningdek, Toshkentda axborot-targ‘ibot tadbirini o‘tkazish g‘oyasi muhokama qilindi.

Bryussel dasturi doirasida, shuningdek, Yevropa parlamenti deputati Reynhold Lopatka (Yevropa xalq partiyasi) maslahatchisi Ivan Botucharov bilan fikr almashish bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo kun tartibidagi energetika siyosati, suv va iqlim xavflari hamda transport aloqalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklar, shuningdek, Yevropa Ittifoqining kelgusi byudjet ustuvorliklari bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Tashrif Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direktoratida (DG INTPA) Sharlotta Adrian va Ingrid Keylholbilan uchrashuv bilan yakunlandi. Unda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi investitsiya va loyihaviy faoliyati istiqbollari hamda “Global Gateway” tashabbusi, jumladan, strategik xom ashyo ta’minoti zanjirlari, raqamli transformatsiya, energetika va transport yo‘laklari kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama etildi.