“Think Road 2026” global o‘zgarishlar va Markaziy Osiyoning shakllanayotgan xalqaro tartibdagi rolini muhokama qilish uchun Toshkentda xalqaro ekspertlarni jamladi

“Think Road 2026” global o‘zgarishlar va Markaziy Osiyoning shakllanayotgan xalqaro tartibdagi rolini muhokama qilish uchun Toshkentda xalqaro ekspertlarni jamladi

news_in

2026-yil 4–5-noyabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) Toshkentda “Global o‘zgarishlar va mintaqaviy dinamika: Markaziy Osiyo shakllanayotgan xalqaro tartibda” mavzusida “Think Road Forum 2026” anjumanini o‘tkazdi. Ikki kunlik xalqaro forum o‘zgaruvchan global siyosiy va iqtisodiy manzarani hamda uning Markaziy Osiyo uchun oqibatlarini tahlil qilish maqsadida siyosatchilar, yetakchi tahlil markazlari, xalqaro tashkilotlar, akademik muassasalar va tadqiqot markazlari vakillarini bir joyga to‘pladi.

Geosiyosiy raqobatning keskinlashuvi, geoiqtisodiy tarqoqlik va xalqaro hamkorlikning qaror topgan mexanizmlariga nisbatan mavhumlik ortib borayotgan bir sharoitda o‘tkazilgan mazkur forum xalqaro tartibning o‘zgarishi yuzasidan fikr almashish maydoniga aylandi. Markaziy Osiyoning ortib borayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda mintaqaning xalqaro maydonda yanada faolroq rol o‘ynash imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Forum JIDUning akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov, “Taldau AI Analytics” kompaniyasi Vasiylik kengashi raisi Maulen Ashimbayev, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Renata Vrobel, Oksford universiteti dotsenti Mariya Adel Karrai hamda “CAPS Unlock” tashkilotining grantlar bo‘yicha katta menejeri Askar Kushqunbayevning qutlov nutqlari bilan ochildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabovning dasturiy ma’ruzasi tinglandi.

Forumning birinchi kuni xalqaro tizimning geosiyosiy transformatsiyasi, Markaziy Osiyoda buyuk davlatlar ishtirokining kengayib borishi hamda mintaqaning yuzaga kelayotgan siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlikka oid tahdidlarga javob qaytarish salohiyatiga bag‘ishlandi.

“Global xaos va mintaqaviy javob choralari: Markaziy Osiyo shakllanayotgan xalqaro tartibda” mavzusidagi birinchi panel muhokamasida geosiyosiy raqobat, global boshqaruvdagi o‘zgarishlar va o‘zgaruvchan xalqaro ittifoqlarning Markaziy Osiyo davlatlariga ta’siri ko‘rib chiqildi. Bunda mintaqaviy barqarorlik va tashqi siyosatni diversifikatsiya qilish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Britaniya akademiyasi, Oksford universiteti va “Mapping Global China” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan keyingi ikki sessiya Markaziy Osiyoda buyuk davlatlarning ishtiroki hamda mintaqaning Xitoy bilan o‘zaro aloqalarining murakkab iqtisodiy va ijtimoiy jihatlariga bag‘ishlandi. Ushbu sessiyalar “Journal of Current Chinese Affairs” jurnalining yaqin kunlarda chop etiladigan maxsus soni chiqishiga to‘g‘rilab o‘tkazildi.

Markaziy Osiyo, Yevropa va Xitoy universitetlari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari olimlarini birlashtirgan munozaralarda mintaqada tashqi kuchlar rolining ortib borishi, infratuzilmani rivojlantirish, investitsiya modellari va Xitoyning kuchayib borayotgan iqtisodiy ishtirokiga jamoatchilik munosabati masalalari ko‘rib chiqildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari va jamiyatlari o‘z milliy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarish barobarida tashqi tashabbuslarga qanday munosabat bildirayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ikkita panel muhokamasi birinchi kunning yana bir muhim qismi bo‘ldi.

“Mintaqaviy hamkorlik orqali barqarorlikni mustahkamlash” sessiyasi davomida umumiy muammolarni hal etishda mintaqaviy sheriklik, institutsional hamkorlik va samarali boshqaruvning ahamiyati ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi muloqot yanada barqaror va inklyuziv mintaqaviy rivojlanishga qanday xizmat qilishi mumkinligini muhokama qildilar.

“Tarqoqlikka yuz tutayotgan dunyoda transport bog‘liqligi: Markaziy Osiyo uchun imkoniyatmi yoki zaiflik?” mavzusidagi navbatdagi munozara davomida tobora parchalanib borayotgan xalqaro iqtisodiy muhit sharoitida transport yo‘laklarini kengaytirish, savdo aloqalarini mustahkamlash va transchegaraviy infratuzilmani rivojlantirishning strategik oqibatlari o‘rganildi. Sessiyada transport bog‘liqligi bo‘yicha tashabbuslar bilan bog‘liq imkoniyatlar va zaif nuqtalar, jumladan, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, tashqi ta’sir va mintaqaviy strategik mustaqillik o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik masalalari tahlil qilindi.

Forumning ikkinchi kunida muhokamalar ko‘lami yanada kengayib, mintaqaviy o‘zlik, barqaror rivojlanish, savdo transformatsiyasi, texnologik innovatsiyalar hamda Markaziy Osiyoda hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollari kabi mavzularni qamrab oldi.

Dastur JIDUning fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori hamda Sukuba universiteti professori Timur Dadabayevning “Bizni nima “biz” qiladi? Mintaqaviy o‘zlik va Markaziy Osiyo kelajagi” mavzusidagi dasturiy nutqi bilan boshlandi. U o‘z nutqida mintaqaviy o‘zlik hamda mushtarak tarixiy va ijtimoiy tajribani Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga oid munozaralar markaziga olib chiqdi.

Ikkinchi kuni “SDSN Uzbekistan” bilan hamkorlikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘ini (SDSN) O‘zbekistonda ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Sessiya davomida tarmoqning ilmiy tadqiqotlar, institutsional hamkorlik va barqaror rivojlanishga ilmiy asoslangan yondashuvlarni ilgari surish borasidagi maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari hamda imkoniyatlari taqdim etildi. Tarmoqning ishga tushirilishi barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida akademik muassasalar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va taraqqiyot sohasidagi manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlarini muhokama qilish imkonini berdi.

Ushbu munozaralarning mantiqiy davomi sifatida, “Barqaror Markaziy Osiyoni barpo etish: iqlim, resurslar va barqarorlik” mavzusidagi panel muhokamasi ishtirokchilari iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslarni boshqarish va barqaror iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘liq o‘zaro chambarchas muammolarni ko‘rib chiqdilar. Sessiya ekologik tahdidlarga javoban muvofiqlashtirilgan mintaqaviy chora-tadbirlarni ko‘rish, xususan, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va resurs xavfsizligini ta’minlash kabi sohalardagi sa’y-harakatlarning ahamiyatini muhokama qilish uchun ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir davraga jamladi.

“CAPS Unlock” bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda tashqi savdo: transformatsiya yoki status-kvo?” sessiyasida iqtisodiy transformatsiya va mintaqaviy savdoning o‘zgaruvchan modellari masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar Markaziy Osiyo savdosining o‘zgarib borayotgan tuzilmasi, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish imkoniyatlari, mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish, shuningdek, global ta’minot zanjirlarini qayta shakllantirishning mintaqaning kelajakdagi raqobatbardoshligiga ta’sirini muhokama qildilar.

Texnologik transformatsiya Forumning yana bir muhim mavzusiga aylandi. Shuningdek, “CAPS Unlock” bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Sun’iy intellekt va davlat boshqaruvining kelajagi: bu Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?” mavzusidagi panel muhokamasida sun’iy intellektning davlat boshqaruvi, mamlakatni idora etish va siyosatni shakllantirishga ko‘rsatayotgan ta’siri ortib borayotgani ko‘rib chiqildi.

Davlat idoralari, texnologik kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirgan sessiya ishtirokchilari sun’iy intellektga asoslangan innovatsiyalar yaratayotgan imkoniyatlarni, shuningdek, raqamli boshqaruv, institutsional tayyorgarlik va yangi texnologiyalarni mas’uliyat bilan joriy etish borasida yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qildilar.

Forum o‘zining mavzuli dasturini “Markaziy Osiyo – 2030: barqarorlik, tarqoqlik yoki strategik jipslashuv?” nomli istiqbolga yo‘naltirilgan sessiya bilan yakunladi. Unda yaqin yillarda mintaqaviy rivojlanishning ehtimoliy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Ekspertlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari, geosiyosiy raqobat keskinlashuvining oqibatlari hamda Markaziy Osiyo davlatlarining tobora murakkablashib borayotgan xalqaro vaziyatda o‘zlarining yagona pozitsiyasini mustahkamlash salohiyatini muhokama qildilar.

Davlat idoralari, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini bir joyga to‘plagan “Think Road Forum 2026” anjumani global o‘zgarishlar bilan bog‘liq vazifalarni hal etishda uzluksiz intellektual almashinuv va amaliy siyosatga yo‘naltirilgan muloqot muhimligini yana bir bor namoyon etdi.

“Think Road Forum” kabi tashabbuslar orqali IXTI Toshkentni xalqaro ekspertlar muloqoti, fanlararo tadqiqotlar hamda Markaziy Osiyo va, umuman, jahon hamjamiyatiga daxldor eng dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv hamkorlik maydoni sifatida ilgari surishda davom etmoqda.