Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar Institutining Ilmiy kengashi (keyingi o‘rinlarda Institut Ilmiy kengashi) birinchi yig‘ilishi 2023 yil 17 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Ilmiy kengash yig‘ilishida institut xodimlari hamda taklif qilingan JIDU rahbariyati vakillari va professor o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Institut direktori Sh. Abdullayev ushbu ilmiy kengashning raisi, H. Botayev esa kengash kotibi etib saylandi. Yig‘ilishni kengash raisi Sh.Abdullayev ochib berdi va o‘z nutqida Institut faoliyatini tashkillashtirish, hozirgi kunda xalqaro maydonda va mintaqamizda yuz berayotgan siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish hamda muhim o‘zgarishlarni o‘z vaqtida yoritib borish, ushbu masalalar bo‘yicha amaliy va fundamental tadqiqotlar o‘tkazish dolzarb masala ekanini taʼkidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, olib borilayotgan tadqiqot ishlarining keng ommaga o‘z vaqtida yetkazilishi va ommalashtirilishini taʼminlash maqsadida, ushbu tadqiqotlarni ijtimoiy tarmoqlar va boshqa internet platformalarida eʼlon qilib borilishiga alohida urg‘u berish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, universitetning yosh olimlari yaʼni doktorantura talabalarini ilmiy muhokamalar va konferensiyalarga ko‘proq jalb qilgan holda, kelgusi avlod olimlarini yetkazib berish faoliyatiga ham alohida urg‘u berish lozimligi taʼkidlandi.
Ushbu yig‘ilish davomida, JIDU 3-bosqich doktoranti A.Boboxonovning “Xitoy tashqi siyosati amaliyotida “yumshoq kuch” (Markaziy Osiyo o‘lchovida)” mavzusidagi dissertatsiya ishi kengash aʼzolari tomonidan atroflicha muhokama qilindi.