O‘zbekiston va Polsha ekspert muloqotini mustahkamlamoqda: Sharq tadqiqotlari markazi (OSW) delegatsiyasi bilan uchrashuv

O‘zbekiston va Polsha ekspert muloqotini mustahkamlamoqda: Sharq tadqiqotlari markazi (OSW) delegatsiyasi bilan uchrashuv

news_in

10-mart kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida Institut rahbariyati direktor Voytseh Kononchuk boshchiligidagi Sharq tadqiqotlari markazi (OSW, Polsha) delegatsiyasi bilan uchrashdi. Muzokarada OSW direktor o‘rinbosari Yustina Gotkovska, Rossiya bo‘limi rahbari Marek Menkishak, Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘limi katta ilmiy xodimi Voytseh Guretskiy, shuningdek, Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Marchin Vakar ham ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda tomonlar Markaziy Osiyodagi asosiy geosiyosiy o‘zgarishlar va strategik jarayonlarni qamrab olgan keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Mintaqaviy dinamikani o‘rganishga oid tahliliy yondashuvlar va ikki mamlakat ekspert hamda akademik doiralari o‘rtasidagi hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllarini muhokama qilish munozaraning muhim qismiga aylandi.

 

OSW vakillari Institut faoliyati, xususan, uning mavzuviy va mintaqaviy markazlari ishi bilan tanishdilar. O‘z navbatida, Polsha tomoni Sharq tadqiqotlari markazining tadqiqot yo‘nalishlarini taqdim etdi.

 

Muzokaralar konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tdi. Ishtirokchilar muntazam ekspert muloqotini davom ettirish muhimligini ta’kidlab, tahliliy tadqiqotlar va ekspert baholarini almashish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorliklarini bildirdilar.