Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) Glazgo universiteti bilan hamkorlikda “Global Yevroosiyo: yangilangan siyosiy iqtisod tadqiqotlari istiqboli” mavzusida Glazgo–Toshkent tadqiqot kollokviumini o‘tkazadi. Kollokvium Glazgo universitetining MacFie vasiyat jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va kengroq mintaqaviy o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratgan holda, Yevroosiyoning o‘zgaruvchan siyosiy iqtisodiyotini muhokama qilish uchun yetakchi universitetlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari hamda tadqiqotchilarini bir joyga to‘playdi. Sessiyalarda mintaqaviy xavfsizlik va integratsiya, resurslarni boshqarish, kapital va qaramlik, ijtimoiy himoya, migratsiya, moliyaviy qamrov, axborot ta’siri, geosiyosiy narrativlar hamda Markaziy Osiyoda tashqi kuchlarning strategik ishtiroki kabi mavzular ko‘rib chiqiladi.
Kollokvium Glazgo universiteti professori Luka Ancheski va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori professor Timur Dadaboyevning kirish so‘zlari bilan ochiladi. Shundan so‘ng, Metyu Xenegan tadbir konsepsiyasi va kun tartibini taqdim etadi. To‘rtta mavzuga oid panellar davomida Glazgo universiteti, JIDU/IXTI, Vebster universiteti, Fransiyaning Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti, “ODI Global”, Yonsey universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va boshqa muassasalar vakillari o‘z tadqiqotlarini taqdim etib, Yevroosiyoning rivojlanib borayotgan siyosiy, iqtisodiy va intellektual manzarasi yuzasidan fikr almashadilar.
Sana: 2026-yil 30-aprel
Vaqt: 10:00 (Glazgo) / 14:00 (Toshkent)
O‘tkazilish joyi: Glazgo universiteti, CEES seminar xonasi / JIDU, IXTI anjumanlar zali