Ijtimoiy tarmoqlarda umumiy qiymati 250 million dollarga teng bo‘lgan bir qator Amerika dasturlari bekor qilingani haqidagi video qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ular orasida O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflikni oshirish granti ham bor. Bu loyiha 2022-yil avgustda boshlanib, 2026-yil dekabrda yakunlanishi mo‘ljallangan edi. Unda sohaga xalqaro mehnat standartlarini joriy etish ko‘zda tutilgandi. 2022-yilda amalga oshirish uchun 2 million dollar ajratilgan bo‘lsa, 2025-yilda yana 1 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgandi. Ilgari AQSH Davlat departamenti 215 million dollarlik 139 ta grantni, jumladan, O‘zbekistonda fuqarolik ishtirokini rivojlantirish loyihasini (2,5 million dollar) bekor qilgan edi.
Bunday qarorlar ichki masalalarga va xalqaro qo‘llab-quvvatlash dasturlarini qayta ko‘rib chiqishga tobora ko‘proq e’tibor qaratayotgan AQSH ma’muriyatining tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlarining o‘zgarishini aks ettiradi. Shunday bo‘lsa-da, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik o‘z suhbatida ikki tomonlama munosabatlar ishonch va hurmatga asoslangan holda mustahkam ekanligini, AQSH O‘zbekistonning mustaqil tashqi siyosat yuritish huquqini tan olishini ta’kidladi.
Grantlarning bekor qilinishini donor mamlakatning ichki kun tartibining oqibati sifatida baholash lozim. Shubhasiz, xalqaro aloqalarni rivojlantirishda madaniy diplomatiya va grant ko‘magining tamoyillari muhim o‘rin tutadi va bunday tashabbuslar qadrlanadi. Biroq, O‘zbekiston o‘z salohiyatiga ega bo‘lib, bu unga tashqi yordamdan qat’i nazar, ishonch bilan oldinga intilish imkonini beradi.
Mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda: so‘nggi yillarda 60 dan ortiq me’yoriy hujjat qabul qilindi, nodavlat notijorat tashkilotlar va aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy va institutsional baza yaratildi. Paxta sanoati esa o‘z navbatida strategik ahamiyatini saqlab qolmoqda: O‘zbekiston har yili 1 million tonnaga yaqin paxta tolasi (jahon hajmining 5 foizi) ishlab chiqaradi, shundan 800 ming tonnasi eksport qilinadi. 2023-yilda to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 2,87 milliard dollarni tashkil etdi.
Umuman olganda, O‘zbekiston ekspertlar hamjamiyati tashqi siyosiy hamkorlarning ustuvor yo‘nalishlariga hurmat bilan qaragan holda, mamlakatning barqaror ichki rivojlanishiga alohida e’tibor qaratmoqda.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.