Bangladesh va Pokiston: Munosabatlarda yangi sahifa

Sharh

23 Aprel 2025

Ulashish

Bangladesh va Pokiston: Munosabatlarda yangi sahifa

Joriy yil 17-aprelda Pokiston tashqi ishlar vaziri Muhammad Is’hoq Dar Bangladesh poytaxti Dakkaga tashrif buyurdi va Bangladesh tashqi ishlar vaziri Jashim Uddin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu 2010-yildan beri ikki davlat o‘rtasidagi birinchi yuqori darajadagi diplomatik aloqa bo‘ldi.

 

Bangladesh mustaqil bo’lganidan 2010-yillargacha bo‘lgan davrda Pokiston va Bangladesh o‘rtasidagi munosabatlar nisbatan iliq bo‘lgan. Pokiston rasmiy ravishda 1974-yil fevral oyida, Bosh vazir Zufiqor Ali Bhutto davrida Bangladeshni tan olgan. Bu 1972-yilgi Shimla bitimi va Bangladesh tomonidan Pokiston harbiy asirlarining ozod qilinishidan keyin sodir bo‘lgan. O‘sha yili Bhutto Dakkaga tashrif buyurib, 1971-yildagi voqealar uchun afsusligini bildirgan va iqtisodiy sohada hamkorlik qilish haqida gap ochgan, biroq u rasmiy ravishda uzr so‘ramagan.

 

Munosabatlar 1970-yillarning oxiri va 1980-yillarda yaxshilana boshladi. 1978-yilda Pokiston Bangladeshga to‘rtta Shenyang F-6 qiruvchi samolyotlarini berdi, bu harbiy hamkorlikning belgisi edi. Ikkala davlat Prezident Muhammad Ershadning (1982–1990) davrida ham muloqotni davom ettirdi. U 1986-yilda Pokistonga tashrif buyurdi va tashrif davomida tomonlar savdo va mintaqaviy hamkorlikni muhokama qilishdi. Bu muzokaralar 1985-yilda tashkil etilgan SAARC doirasida olib borilgan. SAARC Ershad va Ziya-ul-Haq kabi mintaqaviy yetakchilar uchun uchrashish imkoniyatini yaratdi. Biroq, Bangladesh–Pokiston munosabatlaridagi siljish juda sekin kechdi. Chunki Bangladeshda, ayniqsa Avom Liganing ko‘plab tarafdorlari, 1971-yilgi voqealar uchun adolatni tiklashga qaratilgan harakatlarni davom ettirdilar. Ular, shuningdek, Hindiston bilan yaqin aloqalarni saqlashni afzal ko‘rishdi. Muhim burilish 2002-yil iyul oyida yuz berdi — Pokiston Prezidenti Pervez Musharraf Dakkaga tashrif buyurdi; bu 1974-yildan beri Pokiston davlat rahbarining Bangladeshga ilk tashrifi edi. U Qahramonlar yodgorligida 1971-yildagi “zo‘ravonliklar” uchun afsus bildirgan. Buni Bangladesh Milliy Partiyasi (BNP) mamnuniyat bilan qabul qilgan bo‘lsa-da, Avom Liga bu yetarli emasligini aytdi. Bundan tashqari, 2009-yilda Shayx Hasina hokimiyatga qaytgach, munosabatlar sovuqlasha boshladi. Uning hukumati Hindiston bilan aloqalarni ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi va 1971-yilda Pokiston armiyasiga yordam berganlikda ayblanganlarga qarshi sud jarayonlarini boshladi. Pokiston bu sudlarni siyosiy motivlarga asoslangan deb tanqid qildi. Garchi savdo hajmi 400–450 million AQSh dollariga yetgan bo‘lsa-da, 2010-yilga kelib, yuqori darajadagi muzokaralar deyarli to‘xtab qoldi.

 

Yangi elita. 2024-yil avgust oyida talabalar boshchiligidagi norozilik namoyishlari tufayli Bangladesh hukumati o‘zgardi va Bosh vazir Sheyx Hasina lavozimidan ketishga majbur bo‘ldi. Hozirda Nobel mukofoti sohibi Muhammad Yunus muvaqqat hukumatni boshqarmoqda. Yunus Bangladesh faqat Hindiston bilan emas, balki bir nechta davlatlar bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishini istaydi. Uning muvaqqat hukumati Dehlini tanqid qilganidan so‘ng (ya’ni Hindiston ag‘darilgan Sheyx Hasinani panohiga olgani uchun tanbeh bergach va uning ekstraditsiyasini talab qilgach) Hindiston bilan yaqin munosabatlari uzildi. Bu keskin qadam Pokiston uchun Bangladesh bilan munosabatlarni tiklash va mustahkamlash yo‘lida yangi imkoniyat ochdi. Bu o‘zgarish shunchaki vaziyatga javob tarzida qabul qilingan harakat emas, balki Bangladeshning milliy o‘zligi va tashqi siyosatini qaytadan shakllantirishga qaratilgan ongli va strategik urinishdir. Bangladesh Pokiston bilan hamkorlik orqali Hindistonga qaram bo‘lgan avvalgi tashqi siyosatdan voz kechib, Bangladeshni kengroq mintaqaviy hamkorlik va ko‘p qirrali diplomatik aloqalar sari yetaklashni maqsad qilgan.

 

1971-yilgi urushda yetkazilgan zararlar uchun Bangladesh Pokistondan uzr so‘rashini talab qildi. Pokiston esa urushdagi bu talafotlarda o’zini aybdor deb hisoblamaydi. Biroq bu holat Bangladesh tomonidan Pokiston bilan munosabatlarni tiklash uchun qo‘yilgan majburiy shart sifatida ko‘rilmasligi kerak, chunki har ikkala davlat ham aloqalarni qayta yo‘lga qo‘yishga qattiq intilayotganini ko‘rish mumkin. Bu esa ularning SAARKni qayta tiklash borasidagi muzokaralarida ham yaqqol ko’rinadi. SAARK – bu Janubiy Osiyo Mintaqaviy Hamkorlik Assotsiatsiyasi bo’lib, mintaqa uchun ASEAN’ga o‘xshash tashkilot.

 

Bangladesh va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarning yangilanishiga asosiy sabablaridan biri iqtisodiy hamkorlikdir. Ularning ikki tomonlama savdo hajmi allaqachon $1 milliard dollardan oshgan. Bangladesh asosan tikuvchilik mahsulotlarini eksport qilsa, Pokiston paxta, guruch va bug‘doy yetkazib beradi. 2025-yil fevral oyida muvaqqat rahbar Muhammad Yunus ish boshlagach, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni katta guruch tranziti bilan qayta boshladi, bu esa kuchayib borayotgan iqtisodiy aloqalarning belgisi hisoblanadi. Bangladesh va Pokiston o’rtasida bevosita aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va viza tartiblarini soddalashtirish rejasi ham muhokamada bo‘lib, bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqadorlikni kuchaytirishga qaratilgan.

 

Xitoy omili. Bu jarayon ortida Xitoyning yashirin ta’siri sezilmoqda. Pokiston hanuzgacha Pekin bilan yaqin ittifoqdosh bo‘lib qolmoqda, Bangladesh esa yo‘llar, portlar va boshqa infratuzilma loyihalari uchun Xitoy investitsiyasiga katta darajada bog‘liq. Har ikkala davlat – Pokiston ham, Bangladesh ham – Xitoyning Janubiy Osiyodagi geostrategik manfaatlariga mos ravishda harakat qilishlari mumkin. Ular o‘rtasidagi mustahkam aloqalar Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga kuchli turtki bo‘lishi mumkin.

 

Bunday hamohanglik Hindiston uchun xavotirli signal bo‘lib, mintaqadagi kuch muvozanatining Xitoy foydasiga o‘zgarayotganini anglatadi. Shu bois Hindiston bu muzokaralarni diqqat bilan kuzatmoqda. Ayniqsa, Hindiston yaqinda Bangladesh bilan tuzilgan tranzit savdo bitimini bekor qilgani ortidan ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar susaygan. Bu qaror Bangladeshning $39 milliard dollarlik kiyim-kechak eksport sanoatiga jiddiy zarar yetkazdi va ularning o‘zaro iqtisodiy ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

 

Markaziy Osiyoga ta’siri. Pokiston Bangladesh uchun tranzit markazlaridan hisoblanadi, ya’ni Afg‘oniston yo’lidan kelgan Bangladesh mahsulotlari, albatta Pokistondan o‘tishi lozim. Bu tranzit yo’li O‘zbekiston va Turkmaniston kabi Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishi mumkin. Afg‘oniston Markaziy Osiyoga darvoza vazifasini bajaradi. Ikkala davlat ham ushbu mintaqaga e’tibor qaratmoqda. Hamkorlikning kuchayishi orqali o’zaro energiya yoki infratuzilma loyihalari boshlanishi mumkin. Bundan tashqari, Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi Bangladesh va Pokistonni Markaziy Osiyo bozorlariga ulashi mumkin. Bu orqali yangi savdo yo‘llari paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud.

 

Firdavs Azimkulov

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.