Sovet Ittifoqi parchalangandan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari o‘z davlatchiligini mustahkamlash, milliy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va suverenitetni kuchaytirish zaruriyatiga duch keldi. Ushbu sharoitda, ayrim alohida tashabbuslarga qaramay, mintaqaviy hamkorlik ikkilamchi yo‘nalish bo‘lib qoldi hamda barqaror muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratish bilan birga kechmadi. 2000-yillarda mintaqaviy hamkorlik parchalangan (fragmentar) holda mavjud bo‘lib, mintaqaviy kun tartibining sezilarli qismi tashqi hamkorlar ishtirokidagi tashabbuslar doirasida shakllantirildi. Bunday sharoitda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro kollektiv mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqishdagi roli cheklangan bo‘lib qolgan edi.
2017-yilda jarayonlar tubdan o‘zgarib, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur formatning paydo bo‘lishi mintaqa ichidagi muloqotni kuchaytirish va umumiy chaqiriqlarni hal etishda kollektiv yondashuvlarni izlash zaruriyati tobora ortib borayotganini anglash bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Keyinchalik Maslahat uchrashuvlari ishonch muhitini shakllantirish hamda mintaqaviy kun tartibini muvofiqlashtirishning asosiy maydoniga aylandi.
Shu munosabat bilan mintaqaviy hamkorlikda erishilgan natijalar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning sifat jihatidan rivojlanishini aks ettiruvchi, ortib borayotgan mintaqaviy yetuklikning ifodasi sifatida qaralishi mumkin. Mazkur jarayon BMT tizimi doirasida institutsional tarzda mustahkamlanib, 2026-yil 20-mayda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan konsensus yo‘li bilan qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanish uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” rezolyutsiyasida o‘z ifodasini topdi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi umumiy munozaralarida, 2025-yil sentabr oyida ilgari surilgan edi.
Hujjat Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari rolini va ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. Mazkur format qisqa davr ichida mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirish va siyosiy muloqotning asosiy mexanizmiga aylandi. 2018-yildan buyon ushbu format doirasida 7 ta Maslahat uchrashuvi o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: Birinchi uchrashuv 2018-yil 15-martda Ostona (Qozog‘iston)da, ikkinchisi 2019-yil 29-noyabrda Toshkent (O‘zbekiston)da, uchinchisi 2021-yil 6-avgustda “Avaza” milliy sayyohlik zonasida (Turkmaniston), to‘rtinchisi 2022-yil 21-iyulda Cholpon-Ota (Qirg‘iziston)da, beshinchisi 2023-yil 14-sentabrda Dushanbe (Tojikiston)da, oltinchisi 2024-yil 9-avgustda Ostona (Qozog‘iston)da, yettinchisi esa 2025-yil 16-noyabrda Toshkent (O‘zbekiston)da bo‘lib o‘tgan. So‘nggi uchrashuv davomida Ozarbayjon Respublikasi maslahat formatiga doimiy asosda qo‘shildi. Sakkizinchi Maslahat uchrashuvi 2026-yil 8-oktabrda Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari mintaqada sifat jihatidan yangi siyosiy muhitning shakllanishiga muhim turtki berdi. Mazkur format mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, siyosiy muloqotni institutsionallashtirish hamda ilgari kuzatilgan fragmentar yondashuvlardan yanada muvofiqlashtirilgan va tizimli hamkorlik modeliga o‘tishni ta’minladi. Natijada umumiy manfaat va ustuvorliklarga asoslangan yagona mintaqaviy qarash shakllanib, davlatlarning kollektiv salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratildi. Ushbu jarayon esa Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi pozitsiyalarini mustahkamlash bilan bir qatorda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy institutlar bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirdi.
So‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlikning chuqurlashuvi “Markaziy Osiyo plyus” formatlari sonining ko‘payishida ham namoyon bo‘lmoqda (10 tadan oshgan). Ushbu mexanizmlar Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi hamkorlar bilan tizimli muloqotini rivojlantirish, mintaqaning xalqaro maydondagi kollektiv manfaatlarini ilgari surish hamda tashqi siyosiy koordinatsiyani kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Qabul qilingan rezolyutsiyada iqtisodiy integratsiya va o‘zaro bog‘liqlik mintaqaning barqaror rivojlanishining muhim omili sifatida talqin qilinadi. Xususan, tovarlar, xizmatlar, va inson resurslarining erkin harakatlanishini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda kichik va o‘rta biznes subyektlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari sifatida ko‘rsatib o‘tiladi. Shu bilan birga, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish mintaqadagi iqtisodiy integratsiyaning kutilayotgan amaliy natijalari sifatida baholanadi.
Hujjat BMTga a’zo davlatlar, tegishli tuzilmalar hamda BMT muassasalarini Markaziy Osiyoga ko‘rsatilayotgan ko‘makni kengaytirishga, o‘z dasturlarini mintaqa davlatlari tomonidan belgilanadigan ustuvor yo‘nalishlarga mos ravishda moslashuvchan tarzda yo‘naltirishga chaqiradi, bu esa ularning keyingi taraqqiyoti va farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hujjat loyihasining ishlab chiqilishi jarayonida 10 dan ortiq ko‘p tomonlama maslahatlashuvlar va ko‘plab ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Natijada BMT rezolyutsiyalarining universallik tamoyillariga mos keluvchi va mintaqa davlatlarining manfaatlarini hisobga oluvchi muvozanatli hujjat ishlab chiqildi. Ushbu siyosiy-diplomatik faoliyat rezolyutsiyaning keng xalqaro qo‘llab-quvvatlanishiga zamin yaratdi. Xususan, hujjat besh qit’adan 66 ta davlat tomonidan hammualliflik asosida qo‘llab-quvvatlandi.
-2.png)
Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik rivojlanishining yangi bosqichga ko‘tarilganligini ko‘rsatadi. Hujjat davlatlararo munosabatlarda tor milliy manfaatlardan mintaqaviy manfaatlarga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonini aks ettiradi hamda mintaqaning xalqaro tizimdagi siyosiy yetukligini namoyon etadi.
Shuningdek, rezolyutsiya O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari suruvchi faol davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. Bu esa Markaziy Osiyoning global kun tartibini shakllantirishdagi ishtirokini kengaytirish va mintaqaning jamoaviy manfaatlarini xalqaro darajada ilgari surish imkoniyatlarini kuchaytiradi.
Mazmuniy jihatdan eng muhim o‘zgarishlardan biri Markaziy Osiyo haqidagi xalqaro narrativning o‘zgarishidir. Agar ilgari mintaqa asosan xavfsizlik tahdidlari, ekstremizm, migratsiya va Afg‘oniston omili bilan bog‘liq holda talqin qilingan bo‘lsa, bugungi kunda e’tibor iqtisodiy integratsiya, transport-logistika bog‘liqligi, energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalariga qaratilmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo tobora xalqaro yordam obyekti sifatida emas, balki global kun tartibini shakllantirishda ishtirok etuvchi subyekt sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu barqaror rivojlanish, energetik xavfsizlik va transport bog‘liqligi masalalarini ham o‘z ichiga oladi.
Umuman olganda, mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi mintaqa davlatlarining Markaziy Osiyoda yanada muvofiqlashtirilgan va institutsional jihatdan barqaror hamkorlik formatini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlari konsolidatsiyasini ifodalaydi. Hujjat amalda BMT Bosh Assambleyasi darajasida mintaqaviy hamkorlikning yangi konfiguratsiyasi shakllanayotganini mustahkamlaydi. Bu esa o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, muloqotni institutsionallashtirish hamda mintaqa davlatlarining xalqaro subyektligini bosqichma-bosqich mustahkamlashga asoslanadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.