Nargiza Umarova ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlarining transport va tranzit sohasidagi hamkorligi mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi ishga tushirilgan 2018-yildan keyin mintaqaviy integratsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Siyosiy iroda va umumiy maqsadlar mavjud bo‘lishiga qaramay, amalda harakatlar tarqoqligi kuzatilmoqda: Markaziy Osiyo davlatlari ichki mintaqaviy aloqadorlikni mustahkamlashdan ko‘ra xalqaro yo‘nalishlarni rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Bu mamlakatlar o‘rtasida raqobatni keltirib chiqaradi va yagona transport makonini shakllantirishga to‘sqinlik qiladi.
Muallif infratuzilmani modernizatsiya qilish va TXTY, CKU hamda transafg‘on temir yo‘l koridori kabi yangi yo‘nalishlarni ishga tushirishda ma’lum yutuqlarga erishilganiga qaramay, mintaqa davlatlari ittifoqdosh sifatida emas, balki ko‘proq raqobatchi sifatida harakat qilayotganini ta’kidlaydi. Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston G‘arbga parallel muqobil yo‘nalishlarni rivojlantirmoqda, bu esa harakatlarning takrorlanishiga olib kelishi mumkin. Umarova mintaqaviy makonning parchalanishiga yo‘l qo‘ymaslik va o‘zaro manfaatlarga erishish uchun transport siyosatini muvofiqlashtirish va kelishish zarurligiga e’tibor qaratadi.
Tadqiqotchi ta’kidlashicha, infratuzilma rivojlanishining turli darajasi, institutsional muvofiqlashtirish darajasining pastligi, investitsiyalarning yetishmasligi, tarif va notarif to‘siqlarning mavjudligi samarali integratsiya uchun jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Ushbu omillar tizimli yondashuvni va kelishilgan strategiyani ishlab chiqishga hamda transport tashabbuslarini barqaror amalga oshirishni ta’minlashga qodir bo‘lgan yuridik shaxs maqomiga ega umumiy muvofiqlashtiruvchi organni shakllantirishni talab etadi.
Umarova xulosa qilib, faqat mintaqa ichidagi va xalqaro transport aloqadorligi bir vaqtning o‘zida rivojlangan taqdirdagina Markaziy Osiyo o‘zining tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarishi mumkinligini ta’kidlaydi. U me’yoriy bazani uyg‘unlashtirish, logistikani raqamlashtirish va integratsiya jarayonlarini institutsional rasmiylashtirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirish zarurligini uqtiradi. Busiz, deb ogohlantiradi muallif, mintaqa global transport arxitekturasida mustahkam o‘rin egallash uchun noyob imkoniyatni qo‘ldan boy berishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.